Toshkent viloyatidagi 246 ta mahalla oʻrganilmoqda
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu hududlarda 2,3 mingdan ziyod ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi. Imtiyozli kreditlar orqali qoʻshimcha 800ga yaqin ish oʻrinlari yaratildi.
Prezident topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari eng chekka, ijtimoiy-iqtisodiy holati ogʻir hududlarda kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash hamda joylarda qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirda ishchi guruh Toshkent viloyatining Bekobod shahri, Bekobod, Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Quyichirchiq hamda Yuqorichirchiq tumanlaridagi 246 ta mahallada ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, ishsizlikni qisqartirish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 2,3 mingdan ziyod ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi.
Ulardan 1, 7 ming nafari boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirildi, 500 dan ziyodi kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi, 86 nafariga esa oʻz tadbirkorligini boshlash uchun cubsidiyalar ajratildi.
Respublika hududlarida amalga oshirilgan ilgʻor tajribalar asosida oilaviy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlashtirish maqsadida ishchi guruh vakillari “mahalla yettiligi” hamda bank masʼullari bilan hamkorlikda 198 nafar fuqaroga jami 4,5 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishini taʼminladi. Natijada 800ga yaqin qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi hamda sektor rahbarlari koʻmagida joylarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida yosh tadbirkorlar tomonidan 11 ta “drayver” loyihalar ishga tushirilib, jami 350 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida ishchi guruh vakillari tomonidan mahallabay, xonadonbay oʻrganishlar bilan bir qatorda Prezident virtual va Xalq qabulxonasi tizimiga kelib tushgan 857 ta murojaat ham atroflicha koʻrib chiqildi. Ularning 127 tasiga masʼul idora va tashkilotlar tomonidan bevosita joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolgan qismi ijro uchun nazoratga olingan.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar va oʻrganishlar natijasida Oqqoʻrgʻon tumanidagi 83 ta ijtimoiy soha obʼektlari, 45 ta koʻp qavatli uylardagi kamchiliklar bartaraf etildi. Xonadonlarning elektr taʼminoti yaxshilash uchun 45 dona yangi beton ustunlar oʻrnatilib, 2 km.ga yaqin zamonaviy SIP kabellari tortildi.
Boʻka tumanida esa ichki koʻchalarga 70 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi, 10 km ichki yoʻllar taʼmirlandi, elektr taʼminotini yaxshilash uchun 87 ta yangi beton ustunlari oʻrnatildi.
Bekobod shahri va Bekobod tumanida 17 ta ijtimoiy soha obʼekti, 26 ta koʻp qavatli uylarning muammolari bartaraf etildi. Jumladan, tom, fasad, yertoʻlasi, kirish yoʻlaklari hamda yoritish chiroqlari toʻliq taʼmirlandi. Bundan tashqari, hududda 23 ta TP kapital taʼmirlandi, 57 ta simyogʻoch almashtirildi, 6,5 km uzunlikda SIP kabellar tortildi, 2 km.ga yaqin yangi ichimlik suvi tarmogʻi mukammal taʼmirlandi.
Yuqorichirchiq tumanida “Chirchiq”, “Mirobod” va “Yoshlik” mahallalaridagi koʻp qavatli uylarning tom qismlari joriy taʼmirlandi hamda kirish yoʻlaklaridagi chiroqlari almashtirildi. “Nurli yoʻl” va “Qursoy” mahallalaridagi transformatorlar taʼmirlandi.
Quyichirchiq tumani “Koʻksaroy” mahallasida toza ichimlik suvi tarmogʻi qurish ishlari boshlandi. Ushbu mahalladagi xonadonlarga 31 ta gaz bosimini sozlagich oʻrnatildi. “Jumagul” mahallasidagi ichimlik suvi tarmoqlari taʼmirlandi. Buning natijasida 14 ta xonadonlarga toza ichimlik suvi yetkazildi. “Bogʻiston” mahallasidagi 4,5 km havo tarmogʻi taʼmirlandi. Buning natijasida 285 nafar xonadonlarga elektr energiya yetkazilishi yaxshilandi.
Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi faoliyati davom etmoqda.