Prezident vodorod peroksid zavodiga bordi
Vodorod peroksidi shu paytgacha Oʻzbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni toʻliq qoplab, import oʻrnini toʻldiradi. Shavkat Mirziyoyev kimyoviy mahsulotlar texnoparkini ham borib koʻrdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Bu hudud rivojlangan industriyasi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida katta oʻrin tutadi. Iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlar tufayli soʻnggi yillarda yangi korxonalar koʻpayib bormoqda.
Davlat rahbari Navoiy shahridagi “Uzbekistan hydrogen peroxide” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Viloyatdagi korxonalarga vodorod peroksidi doim zarur. Umuman, yurtimiz sanoat tarmoqlarida bu kimyoviy birikmaga yillik talab oʻrtacha 15 ming tonnadan ziyod. Joriy yilda oʻz faoliyatini boshlagan “Uzbekistan hydrogen peroxide” qoʻshma korxonasida shunday talabgir mahsulot ishlab chiqariladi.
Qiymati qariyb 30 million dollar boʻlgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib oʻrnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi kabi oʻnga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qogʻoz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qoʻllaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sunʼiy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.
Asosiysi, iqtisodiy samaradorlik yuqori. Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qoʻshilgan qiymat yaratadi.
Korxona laboratoriyasiga ham eng soʻnggi rusumdagi jihozlar oʻrnatilgan. Unda har soatda tahlil oʻtkaziladi. Bu mahsulot sifatini doimiy nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
- Har bir loyihadan maqsad - yuqori daromad, qoʻshilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan maʼqul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan taʼminlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni koʻpaytirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Vodorod peroksidi shu paytgacha Oʻzbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni toʻliq qoplab, import oʻrnini toʻldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yoʻq. Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar.
Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning oʻzida plastik quyma idishlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Korxonani muqobil energiya bilan taʼminlash maqsadida quvvati 27 kilovatt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan.
Yana bir eʼtiborli jihati, ilgari mamlakatimiz kimyo sohasida xususiy sektor boʻlmagan. Bu korxona soʻnggi yillarda sohaga kirib kelgan tadbirkorlik subʼektlaridan biri.
Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.
Xususan, Turkiyaning “Orbak Metal Industry” kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini borib koʻrdi.
Navoiy viloyatida kimyo sanoati rivojlangan. Hududda mineral resurslar koʻp, tarmoq infratuzilmasi va kadrlar salohiyati yaxshi. Bundan foydalanib, istiqbolli korxonalar tashkil etish uchun esa mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga sharoit bor.
Shu negizda xitoylik ishbilarmonlar tomonidan “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etilmoqda.
Mazkur majmua uchun 130 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgacha ularning ikkitasi - 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.
Eʼtiborlisi, sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bugʻ-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona oʻzini oʻzi toʻliq elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbariga texnoparkda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalotsianin (toʻqimachilik boʻyogʻi) ishlab chiqarish korxonalari qurilishi boshlangan.
Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari samarali yoʻlga qoʻyiladi. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar oʻrni qoplanadi.
Texnoparkda mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizni tashkil qiladi. Loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu koʻrsatkich ikki barobar ortadi.
Davlatimiz rahbari korxonalarda ishlab chiqarish balansini taʼminlash, "off take" shartnomalar qilib, mahsulotlarni kafolatli sotish zarurligini taʼkidaldi.
Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi taʼminlangan. Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash oʻzlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026 yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablagʻlari hisobidan qurilmoqda.
Shu yerda 2024-2030 yillarda "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Unga koʻra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish oʻrni boʻladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi.
Prezident loyihalarda ekologiya talablariga alohida eʼtibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi moʻljallangan. Davlat rahbari ularning investorlari bilan muloqot qildi.