platina.uz
Iqtisod

Markaziy bank kelgusi 2 yillik pul-kredit siyosatini bayon qildi

Muqobil ssenariyga binoan esa, iqtisodiy oʻsish surʼati 2025 yilda 5,0-5,5 foiz, 2026 yilda 5,0-6,0 foiz doirasida shakllanishi, 2027 yilda esa 5,5-6,5 foizgacha tiklanishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy bank kelgusi 2 yillik pul-kredit siyosatini bayon qildi

Markaziy bank boshqaruvi "Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari" ning konseptual loyihasini maʼqulladi.

Markaziy bankning joriy yil 31 oktabridagi yigʻilishida koʻrib chiqilgan ushbu loyihada makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylari, ehtimoli doim mavjud boʻlgan inflyatsion xatarlarning kuchayishiga asoslangan xatarli ssenariy oʻz aksini topgan.

Asosiy ssenariy doirasida YaIMning real oʻsishi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidatsiya taʼsirida 2025 yilda 5,5-6 foiz, 2026 yilda 5,5-6,5 foiz, 2027 yilda esa 6-6,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining taʼminlanishi hisobiga isteʼmol talabining moʻʼtadillashuvi va inflyatsiyaning 2025 yilda 6-7 foiz boʻlishi kutilmoqda.

Shuningdek, kelgusi yilda tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan navbatdagi oshirilishi hamda oziq-ovqat inflyatsiyasining 2024 yildagi past baza taʼsirlarini inobatga olib, inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishi 2026 yilning ikkinchi yarmida sodir boʻlishi boʻyicha asoslarni yuzaga keltirmoqda.

Muqobil ssenariyga binoan esa, iqtisodiy oʻsish surʼati 2025 yilda 5,0-5,5 foiz, 2026 yilda 5,0-6,0 foiz doirasida shakllanishi, 2027 yilda esa 5,5-6,5 foizgacha tiklanishi taxmin qilinmoqda.

Muqobil ssenariyda iqtisodiy faollikning maʼlum darajada pasayishi va nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi fonida umumiy inflyatsiya 2025 yilda 7-8 foizga, 2026 yilda 6 foizga yaqin boʻlishi va 2027 yilning birinchi yarmida 5 foizlik targetigacha pasayishi kutilmoqda.

Ushbu ssenariy shartlari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini asosiy ssenariyga nisbatan qatʼiyroq shakllantirish, xususan, asosiy stavkani oshirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqiladi.

Xatarli ssenariyda mintaqadagi iqlim oʻzgarishining ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga salbiy taʼsiri, ishlab chiqarishning cheklanganligi sharoitida fiskal ragʻbatlantirishlarning kuchaytirilishi hamda energiya resurslari taklifining talabga nomutanosib boʻlishi hisobiga inflyatsiyani oshiruvchi taklif tomondan xatarlar ehtimolligi inobatga olindi. Mazkur xatarlar taʼsirida umumiy inflyatsiya 2025 yilda 8-9 foiz, 2026 yilda 7-8 foiz atrofida shakllanishi va 5 foizlik targetga 2027 yilning oxirida yetishi kutilmoqda.

Ushbu ssenariy sharoitida, inflyatsion bosimlarni pasaytirish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi oshiriladi va pul-kredit sharoitlari qatʼiylashtiriladi. Shuningdek, hukumat bilan birgalikda inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini kamaytirish choralari yanada faollashtiriladi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning har qanday ssenariysi sharoitida ham pul-kredit siyosati choralari Markaziy bankning asosiy maqsadi boʻlgan narxlar barqarorligini taʼminlashga, xususan, inflyatsiyani 5 foizlik targetigacha pasaytirish va ushbu darajada barqaror shakllanishiga qaratiladi.

“Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari”ning konseptual jihatdan maʼqullangan dastlabki loyihasi Markaziy bankning rasmiy sahifalarida eʼlon qilinib, keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid