platina.uz

Halloween: tarix va hozirgi voqelik

Bu bayramning ijobiy tomoni shundaki, u yosh bolalarni qoʻrqmas va botir qilishga, kattalarni esa oʻlimdan hayiqmaslikka oʻrgatadi.

Madaniyat
31-oktabr 2024 yil

Oktabr va noyabr oylari AQSh tarixida bayramlarga va muhim hodisalarga boy davr. Oktabrning ikkinchi dushanbasi – Kolumb kuni, shu oyning uchinchi shanbasi – shirinliklar kuni, 11 noyabr – veteranlar kuni, noyabrning toʻrtinchi payshanbasi – Shukrona kuni (Thanksgiving Day), shukrona kunidan keyingi jumada esa “Qora juma” (Black Friday), keyingi dushanba “Kiberdushanba” (Cyber Monday) nishonlanadi. Eʼtibor qilinsa, ularning barchasi kuz fasliga – dehqonlar hosilni yigʻishtirib olgach, biroz dam olib, oʻyin-kulgi qiladigan davriga, aniqrogʻi, hosilni sotib, qoʻliga pul tushadigan paytiga toʻgʻri keladi.

Har yili 31 oktabrdan 1 noyabrga oʻtar kechasi – Barcha avliyolar kuni (All Saints' Day) diniy bayrami arafasida nishonlanadigan Hellouin (Halloween) bayrami esa dunyodagi mashhur bayramlardan biridir. Qadimiy ekaniga qaramay, u hamon rivojlanishda, zamonaviy madaniy va ijtimoiy sharoitlarga moslashishda davom etmoqda. Aytgancha, bu bayramda ham kuzgi sabzavot – oshqovoq muhim oʻrin tutadi.

“Jek chirogʻi” – Hellouinning ajralmas atributlaridan biri. Photo by Vipgeo

Hellouin bayrami tarixi

Hellouin ildizlari keltlarning 2000 yildan koʻproq vaqt oldin qadimgi Irlandiya va Shotlandiyada nishonlangan Samhain bayramiga borib taqaladi. Samhain yoz faslining oxiri va qishning – oʻlimning boshlanishi timsoli boʻlgan qorongʻulik va sovuqlik davrining kirib kirib kelishi bilan bogʻliq. Keltlar Samhain kechasida tiriklar va oʻliklar dunyosi oʻrtasidagi parda yupqalashadi va oʻliklarning ruhlari yerga qaytadi, deb ishonishgan.

Nasroniylik dinining kirib kelishi natijasida Samhain bayrami cherkov bayramlariga – 1 noyabrda nishonlanadigan Barcha avliyolar kuni (All Saints' Day) va – undan oldingi oqshom (bayram arafasi) – All Hallows' Even yoki Hellouin (Halloween) bayramlariga uygʻunlashib ketgan.

Zamonaviy dunyoda Hellouin

Bugungi kunda Hellouin nafaqat qadimiy bayram, balki dunyodagi odamlarni birlashtiruvchi butun bir koʻngilochar sanoat hisoblanadi. U karnaval liboslari, qovoqni oʻyib, fonuslar yasash (Jack-o'-lanterns), bayram bazm-ziyofatlari va, albatta, bolalar uyma-uy yurib, konfet soʻraydigan “Jonmi, karmonmi” («trick-or-treat») anʼanalariga asoslangan.

Bayram mavzusida liboslar kiygan bolalar bayram oqshiomida eshikma-eshik yurib, shirinliklar yigʻishadi.

Hozirda Hellouin turli shakl va koʻrinishlarga ega.

Niqobli oqshomlar va paradlar. Millionlab odamlar ommaviy madaniyat, dahshatli filmlar va mifologiyadan ilhomlangan holda liboslarga burkanishadi. Bu ijodkorlik va oʻzini namoyon qilish vaqti boʻlib, har bir odam oʻzini sehrli dunyoning bir qismi deb his etishi mumkin.

Kino va OAVdagi mashhurlik. Hellouin koʻplab filmlar, teleseriallar va kitoblarni, ayniqsa, dahshatli va triller janrlariga turtki bergan va ilhomlantirgan. Bu uning madaniy taʼsiriga hissa qoʻshadi va bayramni ilgari nishonlanmagan mamlakatlarda mashhur qiladi. Ayniqsa, 1970-yillarda rejissyor Mustafo Aqqod asos solgan “Hellouin” filmlari franshizasi hamon barhayot va uni tomosha qilish ushbu bayramning norasmiy elementlaridan biri hisoblanadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden “jonmi-karmonmi” deb kelgan bolalarga shirinlik bermoqda.

Tijoriylashuv va monetizatsiya. Oxirgi oʻn yilliklarda Hellouin ulkan tijoriy hodisaga aylandi. Bayram liboslari, zargarlik buyumlari, konfetlar va boshqa bayram anjomlari savdosi AQSh va boshqa mamlakatlarda tadbirkorlarga milliardlab dollar daromad keltiradi. Butun dunyodagi chakana sotuvchilar va kompaniyalar ushbu bayramdan marketing kampaniyalari va mijozlarni jalb qilish uchun faol foydalanishadi.

Madaniy farqlar. Hellouin Gʻarb bayrami hisoblansa-da, u tezda moslashib, boshqa madaniyatlar bilan uygʻunlashib ketdi. Misol uchun, Yaponiya va Janubiy Koreyada bu bayram kostyumlar va ommaviy tadbirlar bois juda mashhur.

Yaponiyada Hellouin.

Hellouin global kontekstda

Yuqorida zikr etilganidek, Hellouin oʻzi kirib borgan mamlakatlarda oʻzgarishlarga uchraydi va mahalliy madaniy xususiyatlarga moslashadi. Misol uchun, Lotin Amerikasida Hellouinning muqobili – 1 va 2 noyabrda nishonlanadigan Oʻliklar kuni (Día de los Muertos) hisoblanadi. Ushbu bayram ajdodlar va vafot etgan qarindoshlar xotirasiga bagʻishlangan boʻlib, Hellouin bayramidan farqli oʻlaroq, u yanada ijobiyroq, jiddiyroq va hurmatliroq hisoblanadi.

Sobiq SSSR davlatlarida esa Hellouin bayrami amerika kinofilmlari va ommaviy madaniyat hamda tijoriy jarayonlar oqibatida nisbatan yaqinda mashhur boʻlgan va koʻpincha oʻyin-kulgi, maskarad tadbirlari va ziyofatlarda ishtirok etish uchun yana bir imkoniyat sifatida qabul qilinadi.

Bayramni hamma nishonlashi mumkinmi?

Hellouin – keltlar kelib chiqishidan beri koʻp oʻzgarishlarga uchragan bayramdir. Bugungi kunda u ruhlar va mistik mavjudotlardan qoʻrqish emas, balki quvonch, ijodkorlik va madaniy xilma-xillikni anglatadi. Qadimgi ildizlarga qaramay, Hellouin rivojlanishda davom etmoqda va zamonaviy dunyoda dolzarb boʻlib, odamlarni oʻyin-kulgi, anʼanalar va ijodkorlik orqali birlashtirmoqda.

Bu bayramning yana bir jihati – u inson uchun oʻlimdan, nomaʼlum mavhumlikdan va falokatlardan qoʻrquvni kamaytirish uchun oʻziga vaksina vazifasini oʻtaydi. Oʻlim va oʻzga dunyodan qochib boʻlmasligini, undan qoʻrqib emas, balki uni tushunib va unga tayyor boʻlibgina xotirjamlikka erishishni taʼminlaydi. Bu ayniqsa bolalar ruhiyati uchun foydali. Yosh bolalar turli fobiya va qoʻrquvlarga shunchaki oʻyin va nojiddiy, biroq tabiiy hodisa sifatida qaraydi, oʻlim va mistik dunyo bilan bogʻliq barcha narsalardan – arvohlar, qabriston va hokazolardan choʻchimaslikni oʻrganadi.

Bu bayramga diniy nuqtai-nazardan qaralsa, uni ayrim nasroniylar ham rad etishadi. Masalan, Rus pravoslav cherkovi bu bayramga oʻta salbiy munosabatda. Ushbu tizim vakili Georgiy Zavershinskiy Hellounni “yovuzlik karnavali” hamda “rus madaniyatiga mos kelmaydigan diniy festival” deb hisoblaydi.

Musulmon ulamolari esa bu bayramga arvohlarga sigʻinish, ulardan madad soʻrash jarayoni sifatida qarab taqiqlashgan. Masalan, Tatariston musulmonlari diniy idorasi saytida yozilishicha, “bu bayramda qadimda yovuzlik ilohi Samhaindan yolvorib, narigi dunyodagi qarindoshlarining arvohlarini qoʻyib yuborishni yoki uning shotirlari bu yorugʻ dunyodagi odamlarga zarar bermasligini soʻrashgan. Bunday eʼtiqod islomiy nuqtai-nazardan nomaqbul hisoblanadi. Chunki Islom taʼlimotiga koʻra, faqat Alloh dunyoni boshqaradi va boshqa qandaydir kuchlar va ilohlarni bor deyish va ularga yolvorish shirk hisoblanadi... Paygʻambar Muhammad (s.a.v) hadisida “Kim oʻzini biror-bir xalqqa oʻxshatsa, oʻshalardandir”, deyilgan. (Ahmad, №5114; Abu Dovud №4031 rivoyat qiladi). Qolaversa, bu bayramda turli maxluq va alvastilarga oʻxshab kiyinib olganlar odamlarni qoʻrqitishadi. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) hadislariga koʻra, “Musulmon kishini qoʻrqitish mumkin emas”, deyilgan.

Shimoliy Amerika fiqh boʻyicha kengashi prezidenti doktor Muzammil Siddiqning fatvosida “bu sanani bayram qilish musulmonlar uchun harom”, deyilgan.

Biroq ayrim musulmonlar bu bayram allaqachon diniy tusini yoʻqotib, oddiy xursandchilik va koʻngil ochish bahonasiga aylangan deya (xuddi Yangi yil va Navroʻzga oʻxshab) uni nishonlashni oʻzlari uchun maqbul hisoblashadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+