platina.uz

Armanistonni buyuk kelajak kutyapti... mi?

Rossiyadan uzoqlashish mamlakat obroʻsi oshishiga, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi va demokratiyani rivojlantirishiga qanchalik foyda beradi?

Tahlil
31-oktabr, 17:36
Armanistonni buyuk kelajak kutyapti... mi?
Fotokollaj: Platina.uz

Harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan Rossiyaga tarixan qaram boʻlib kelgan Armaniston soʻnggi yillarda oʻz tashqi siyosatini diversifikatsiya qilish va asta-sekin Moskvadan uzoqlashish yoʻlini tanladi. Buni Nikol Pashinyan hukumatining Yevropa, Turkiya va boshqa davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, shuningdek, mamlakat imijini yuksaltirish uchun diplomatiyani faollashtirishga qaratilgan qadamlaridan bilish mumkin. Bu qaror nafaqat ichki siyosiy oʻzgarishlar, balki iqtisodiy rivojlanish va xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash zarurati bilan ham bogʻliq. Eng muhim voqealardan biri – Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tinchlik shartnomasi boʻldi. Bu mintaqani barqarorlashtirishga olib kelishi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.

Shu asnoda bir savol tugʻiladi: Rossiyadan uzoqlashish Armanistonning obroʻsi oshishiga, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi hamda demokratiyani rivojlantirishiga qanchalik foyda beradi?

“Hammasiga Rossiya aybdor”

Gapni Armaniston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar Armanistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) majburiyatlari borasidagi eʼtirozlaridan boshlash oʻrinli boʻladi.

Armaniston 1994 yilda KXShTga aʼzo boʻlib, potensial tajovuzga qarshi, ayniqsa, Togʻli Qorabogʻdagi mojaro munosabati bilan uning qoʻllab-quvvatlashini kutgan. Biroq soʻnggi yillarda, ayniqsa, 2018 yilda hokimiyat tepasiga bosh vazir Nikola Pashinyan kelganidan soʻng, armanlarning tashkilot samaradorligidan umidlari puchga chiqqan.

2024 yilda Pashinyan hatto Armanistonning KXShTdan chiqish rejalarini eʼlon qilib, tashkilot oʻz majburiyatlarini bajarmagani va haqiqatda mudofaa mexanizmi sifatida oʻzining muvaffaqiyatsizligini koʻrsatganini iddao qildi. 2020 va 2023 yillarda Ozarbayjonning Qorabogʻdagi harbiy amaliyotlari chogʻida KXShTning mojaroga aralashishdan bosh tortganiga javoban shunday munosabat bildirdi.

2024 yil oktabr oyida Armaniston rasmiy ravishda KXShT tarkibida qolayotgan boʻlsa-da, uning tashkilotdagi amaldagi ishtiroki toʻxtatilgan, arman vakillari esa alyans yigʻilishlarida kamdan-kam ishtirok etdi. Buning oʻrniga, mamlakat Gʻarb bilan aloqalarni mustahkamlash va mudofaa boʻyicha kelishuvlarga ega Fransiya bilan hamkorlikni oshirishga eʼtibor qaratmoqda. Shuningdek, Armaniston mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun Eron va Hindiston bilan hamkorlikni koʻrib chiqmoqda. Mutaxassislarning fikricha, rasmiy Yerevan Rossiyadan toʻliq mustaqillikka intilyapti, biroq energiya resurslari borasida Rossiyaga iqtisodiy qaramlikdan qutula olmayapti, hozircha.

Agar kelajakda Armaniston KXShTdan chiqib ketsa, bu Janubiy Kavkazdagi kuchlar muvozanatining tubdan oʻzgarishiga olib kelishi mumkin. Bunday ssenariyda Rossiyaning mintaqadagi taʼsiri zaiflashadi va Yerevan uchun yangi ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlash eshiklari ochiladi. Biroq Rossiyadan toʻliq mustaqil boʻlishi uchun Armaniston hali ham iqtisodiyot va xavfsizlik bilan bogʻliq bir qancha murakkab masalalarni hal qilishi, Gʻarb davlatlari, shuningdek, qoʻshni Ozarbayjon bilan yangi diplomatik strategiyalarni ishlab chiqishi kerak boʻladi.

Tashqi siyosatni diversifikatsiyalash – ustuvor vazifa

Avvalo, Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolash, chegaralarni toʻliq delimitatsiya va demarkatsiya qilish, Armaniston kelajagi uchun hal qiluvchi qadam boʻladi. Bu nafaqat mintaqani barqarorlashtirish, balki ilgari harbiy ehtiyojlar uchun ajratilgan resurslarni boʻshatish va ularni iqtisodiy rivojlanish uchun yoʻnaltirish imkonini beradi. Tinchlik shartnomasining imzolanishi yangi savdo yoʻllarini ochish va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatini ham beradi. Jumladan, Armanistonni Kavkazni Yevropa va Yaqin Sharq bilan bogʻlaydigan muhim logistika markaziga aylantirishi mumkin boʻlgan logistik koridorlar loyihasi bunga misol.

Eslatib oʻtamiz, Yevropa Ittifoqi (YeI) va Armaniston bilan vizasiz rejim joriy etilishi kutilmoqda. Tashqi siyosatdagi bu gʻalaba arman biznesi uchun xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ochadi va mamlakatga keladigan sarmoya oqimini ragʻbatlantirishi mumkin. Bu, ayniqsa, Rossiya va YeI oʻrtasidagi keskin munosabatlar fonida, Armaniston Gʻarb sarmoyadorlariga yangi logistika va ishlab chiqarish imkoniyatlarini taklif qilishi mumkin boʻlgan paytda juda muhim. Natijada Yevropa bozori Armaniston fuqarolari uchun ham ochiladi, madaniyat va bilim almashuv uchun sharoitlarni yaxshilaydi, shuningdek, yosh va iqtidorli mutaxassislarning chetga ketish koʻlamini kamaytirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, Armaniston hukumati Rossiya, YeI, AQSh va Eron oʻrtasida strategik muvozanatni saqlashi, yagona bir tashqi hamkorga ustuvorlik berishdan qochishi kerak. Mazkur diversifikatsiya strategiyasi mamlakat mustaqilligini mustahkamlaydi va uning diplomatik obroʻsini oshiradi.

YeI bilan chuqurroq integratsiya, jumladan, yaqinroq savdo kelishuvlariga oʻtish Armaniston iqtisodiyotiga foyda keltirishi va fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashi mumkin. Bu Armanistonning demokratik standartlarga intilayotgan davlat sifatidagi imijini ham mustahkamlaydi.

Armaniston oʻzining xalqaro mavqeini mustahkamlash va oʻz manfaatlariga eʼtibor qaratish uchun BMT, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlarda faolroq qatnashishi talab etiladi. Bu Armanistonning mustaqil siyosat olib borish qobiliyatini koʻrsatadi, BMT va YeXHT kabi tashkilotlardagi taʼsirini kuchaytiradi va Armanistonga oʻz manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish imkonini beradi.

Nikol Pashinyanning roli

Nikol Pashinyan Armaniston tashqi siyosatini qayta yoʻnaltirishda muhim rol oʻynadi, mamlakatning yangi strategiyasini yanada mustaqil boʻlish va diversifikatsiya bilan bogʻladi. Bu Armanistonga hamon mamlakat xavfsizligi va iqtisodiyotida muhim rol oʻynayotgan, biroq xalqaro maydonda tobora oʻz mavqeini yoʻqotayotgan Rossiyadan oʻzga hamkorlar izlash imkonini berdi. Armaniston Pashinyan koʻmagida muvozanatli siyosat olib bormoqda, bunda Gʻarb bilan integratsiya va suverenitetni mustahkamlash uni modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Iqtisodiy istiqbollar

Qayd etish joizki, Armaniston oʻzining noyob geografik joylashuvi tufayli Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi potensial koʻprik hisoblanadi. Mamlakat Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo bozorlari oʻrtasidagi bogʻlovchi markazga aylanishi ham mumkin. Armaniston Xitoyning “Bir makon – bir yoʻl” va Turkiya orqali oʻtadigan savdo yoʻlaklari kabi logistika tashabbuslarida ishtirok etsa, milliy iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichlarga koʻtara oladi. Toʻgʻri, Armaniston hukumati mamlakatni tranzit xabga aylantirish uchun infratuzilmani yaxshilashni rejalashtirilgan, biroq ularni amalga oshirish muhim siyosiy barqarorlik va qoʻshni davlatlar bilan faol hamkorlikni talab qiladi.

Jahon banki va mahalliy agentliklarning maʼlumotlariga koʻra, Armaniston iqtisodiyoti ishbilarmonlik muhitidagi islohotlar va sarmoyalarning koʻpayishi tufayli allaqachon rivojlana boshlagan. Kelgusi yillarda logistika va infratuzilmani yaxshilash boʻyicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda barqaror rivojlanish natijasida YaIMning oʻsishi 5-6 foizga yetishi mumkin. Transport tizimlari va telekommunikatsiyalarni yaxshilashga qaratilgan ichki islohotlar, ayniqsa, YeI va Yaqin Sharqdan yanada koʻproq investorlarni jalb etishi mumkin.

Ilk qadam qoʻyildi

Armanistonni buyuk kelajak kutyapti, ammo bu hozirgi saʼy-harakatlarni kuchaytirishni talab etadi. Mamlakat Pashinyan yetakchiligida muhim iqtisodiy va albatta ijobiy oʻzgarishlar arafasida turibdi.

Ammo Armaniston rivojlangan, demokratik davlatga aylanishi uchun chuqur va koʻp bosqichli oʻzgarishlar talab etiladi. Barqaror rivojlanish, demokratik institutlar rolini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurash va innovatsiyalarga ochiqlik, infratuzilmani takomillashtirish va tashqi siyosatni malakali tashkil etish Armanistonga yuqori turmush darajasiga erishish va xalqaro maydonda tan olinishiga xizmat qiladigan uzoq muddatli maqsadlarning bir qismi xolos.

Xulosa qilib aytganda, Armaniston hali uzoq va murakkab yoʻlni bosib oʻtishi kerak. Tanlangan strategiyaning muvaffaqiyati koʻp jihatdan mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasi va jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga hamda xalqaro vaziyatga bogʻliq. Biroq Armaniston allaqachon buyuk kelajagi sari ilk qadamlarini tashladi. Eng muhimi shu: ming chaqirimli yoʻl ham birinchi qadamdan boshlanadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+