platina.uz
Iqtisod

“Qishloqqurilishbank” Qashqadaryo filialidan 4,5 mlrd soʻmni oʻzlashtirgan tadbirkor jazolandi

U sudda yetkazilgan zarar toʻliq bartaraf qilinganini, qaramogʻida 3 nafar farzandi borligini aytib, qonuniy yengillik berishni soʻragan.

“Qishloqqurilishbank” Qashqadaryo filialidan 4,5 mlrd soʻmni oʻzlashtirgan tadbirkor jazolandi

2024 yil 9 oktabrda “Qishloqqurilishbank” Qashqadaryo mintaqaviy filialidan 4,4 mlrd soʻm kredit olib, uni oʻz manfaati yoʻlida ishlatib yuborgan tadbirkorga sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz sayti ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, “S.U.O.B.” MChJ rahbari S.A.S. ATB “Qishloqqurilishbank” Qashqadaryo mintaqaviy filialidan juda koʻp miqdorda kredit olib, juda koʻp miqdordagi pul mablagʻini qoʻlga kiritishni va bank mulkini oʻzlashtirishni koʻzlagan.

U 2021 yil dekabr oyida oʻzi rahbarlik qilib kelayotgan MChJga yirik shoxli naslli chorva mollarini olish maqsadida 12 oy imtiyozli davr bilan 60 oy muddatga, 20 foiz (shundan 5% tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab berish yoʻli bilan) ustama haq toʻlash sharti bilan 4,5 mlrd soʻm kredit olgan. Ushbu mablagʻ evaziga yirik shoxli mollar sotib olib, ularni sotib, naqd pulga aylantirib oʻzlashtirish yoʻli bilan bankning 4,5 mlrd soʻmlik juda koʻp miqdordagi kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

S.A.S. oʻzining ushbu jinoiy harakatlari bilan Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etgan.

Sudlanuvchi oʻz aybiga qisman iqrorlik bildirgan. Uning aytishicha, chorva mollariga tuman iqlimi yoqmagan, shoʻr suv ichgani sababli oʻlgan, 36 ta chorva moli oʻlgani haqida veterinariya xulosasi olingan. Yetkazilgan zarar toʻliq bartaraf qilinganini, qaramogʻida 3 nafar farzandi borligini aytib, suddan unga nisbatan qonuniy yengillik berishni soʻragan.

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda oʻz aybiga qisman iqror va pushaymonligini, 3 nafar farzandi borligini, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar toʻliq bartaraf qilinganini inobatga olib, jinoyatni gʻarazli va boshqa past niyatlarda sodir qilganini jazoni ogʻirlashtiruvchi holat deb topgan.

Sud hukmiga koʻra, S.A.S. Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sud hujjati Oliy sud ochiq portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid