platina.uz

Mazlumning zolimga mehr qoʻyishi – Stokholm sindromi

Eng katta fojia qulning qulligida emas, uning oʻz zanjiriga mehr qoʻyib qolishida! Stokholm sindromini tushunish ana shu qaygʻuli psixologik holatni anglashga yordam beradi.

Maqola
30-oktabr, 19:56
Mazlumning zolimga mehr qoʻyishi – Stokholm sindromi

Ayrim oilalarda shunday holat kuzatiladi: piyonista va johil er oʻz xotinini oʻlgudek kaltaklaydi, xoʻrlaydi, qiynaydi, xiyonat qiladi. Oilasini taʼminlash oʻrniga, xotinining pullarini ham tortib oladi. Xotini esa unga chidab, yashab yuraveradi. Ayolning dugonalari va qarindoshlari uning aqlini kiritish, bu er bilan yashashning kelajagi yoʻqligini, oʻzini ham oʻylashi kerakligini aytsa-da, xotin nobop erini himoya qiladi, qachondir tuzalib qolishidan umidvor boʻladi. Mahalla “oqsoqollari” esa statistikani buzmaslik uchun ularni majburan “yarashtirib” qoʻyib, birga yashashga majbur etadi, sudlar ajrashtirmaydi. Oqibatda yoki ayol bir umrga ruhiy va jismoniy nogiron boʻlib qoladi, yoki johil er uni bir kuni urib oʻldiradi.

Nega bunday boʻladi? Nega mazluma oʻz zolimini himoya qiladi? Chunki koʻp hollarda mushtipar ayolda Stokholm sindromi rivojlangan boʻladi!

Stokholm sindromi (Stockholm syndrome) – psixologik hodisa boʻlib, unda garovga olingan jabrlanuvchilar oʻz zolimlariga bogʻlanib qoladi, ularni hamdard sifatida hatto himoya qiladi. Ushbu hodisaning paradoksi shundaki, qurbonlar tahdidlarga qaramay, tajovuzkorlar bilan hissiy aloqalarni oʻrnatishga, zolimning harakatlarini oqlashga moyil boʻlishadi. Stokholm sindromi rasman ruhiy kasallik sifatida tasniflanmagan esa-da, u odam oʻgʻirlash, garovga olish holatlari va baʼzida hissiy yoki jismoniy zoʻravonlik mavjud shaxsiy munosabatlar kabi ekstremal holatlarda yuz berib turadi.

Atamaning kelib chiqishi va tarixi

Ushbu sindrom oʻz nomini 1973 yilda Stokholmdagi voqealardan soʻng oldi. Oʻshanda jinoyatchilar Yan-Erik Olsson va uning sherigi Klark Olofsson bankka oʻgʻirlikka tushadi va toʻrt nafar bank xodimini garovga oladi. Politsiya olti kun davomida bankni qamal qilib, muzokara oʻtkazadi. Shu davr mobaynida garovdagilar oʻz oʻgʻrilariga mehr qoʻyib qoladi, hatto ularni himoya qiladi va oqlaydi, politsiyani ularga ortiqcha jabr va zulm koʻrsatishda ayblaydi.

Garovga olingan bank xodimlari ozodlikka chiqqanidan soʻng ham fikridan qaytmadi – ular bosqinchilarga qarshi guvohlik berishdan bosh tortadi. Psixiatrlar va jurnalistlar keyinchalik bunday munosabatni tavsiflash uchun “Stokholm sindromi” atamasini muomalaga kiritadi.

Stokholmdagi bankni oʻmarish hodisasidan keyin bu atamani ishlab chiqqan taniqli shved psixiatr-kriminologi Nils Beyerut ushbu sindromni “omon qolish paradoksi” deb tushuntirdi. Uning fikricha, qurbonlar qiyin va xavfli vaziyatga psixologik moslashishning bir qismi sifatida jinoyatchilar bilan hamdard boʻla boshlagan. Biroq barcha ekspertlar ham uning xulosalariga qoʻshilmaydi.

Garovdagi qurbonlar bilan ishlagan amerikalik psixoterapevt va yozuvchi Frenk Ochberg tajovuzkorga bogʻlanishning rivojlanishi jarohatga psixologik javob degan fikrni qoʻllab-quvvatlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, baʼzi qurbonlar qoʻrquv va stressni kamaytirish uchun oʻzini oʻgʻirlaganlariga hamdardlik bildiradi. Biroq, Ochbergning qoʻshimcha qilishicha, Stokholm sindromining har bir koʻrinishi oʻziga xos va jabrlanuvchining shaxsiyati va tutqunlikda ushlab turish muddati kabi koʻplab omillarga bogʻliq.

Psixologik tadqiqotlar

Stokholm sindromi omon qolish uchun stressga moslashishni, koʻnikishni ifodalaydi. Haddan tashqari stress ostida, bosh miya tahdid va ogʻriqni kamaytirish yoʻllarini izlay boshlaydi. Agressor bilan hissiy aloqa oʻrnatish stressni kamaytirishning bir usuli boʻladi, chunki bu qurbonga oʻzini “xavfsizroq” muhitda his qilish imkonini beradi.

Psixologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sindrom bankni oʻmarish chogʻida garovga olish bilan chegaralanib qolmaydi, balki oiladagi maishiy zoʻravonlik holatlarida, oʻgʻirlab ketuvchilar va ularning qurbonlari oʻrtasida yoki hatto ishxonalarda – korporativ munosabatlarda ham yuzaga chiqishi mumkin.

Psixologlarning fikriga koʻra, Stokholm sindromining asosiy mexanizmlari quyidagilardan iborat:

1. Agressorga oʻxshash jihatlarni qidirish: jabrlanuvchi tajovuzkorning dunyoqarashi va mantigʻini idrok qila boshlaydi, shu bilan qoʻrquvni zaiflashtiradi.

2. Agressorga hamdardlik: jabrlanuvchi tajovuzkor tomonidan jilla qursa minimal hamdardlik namoyon boʻlishini kuzatganda yuzaga keladi (masalan, ovqat bersa yoki “sizlarda ayb yoʻq, sizlarga xusumatimiz yoʻq, biz “adolatni tiklash uchun” bank pullarini olmoqchimiz, bank pullari sizniki emas, bank sizni ekspluatatsiya qilyapti, sizlar shunchaki vaziyat qurbonisizlar” kabi yolgʻonlar bilan dalda bersa). Qurbonlar agressor ularni qoʻyib yuborishidan umid qiladi.

3. Tobelik va qoʻrquv: jabrlanuvchi tajovuzkorni oʻz xavfsizligining yagona manbai sifatida koʻra boshlaydi.

Sindrom yuzaga chiqadigan vaziyatlar:

  • siyosiy va jinoiy terrorchilik xurujlarida (garovga olishda);
  • harbiy jazo operatsiyalari (masalan, harbiy asirlarda);
  • konslagerlar va qamoqxonalarda;
  • sud va tergov jarayonlarida;
  • siyosiy guruhlar va diniy sektalar ichida avtoritar shaxslararo munosabatlarda;
  • ayrim yovvoyi urf-odatlar – masalan, qiz (kelin) oʻgʻirlashda;
  • qullikka solish, fohishalikka majburlash, tovlamachilik yoki toʻlov maqsadida odam oʻgʻirlash holatida;
  • oila ichida, maishiy va jinsiy zoʻravonlik jarayonida.

Sindromga sabab boʻluvchi omillar:

  1. Fiziologik stress va qaramlik

Haddan tashqari stress ostida tanada vaziyatni yengishga yordam beradigan kortizol va adrenalin kabi gormonlar ishlab chiqarila boshlaydi. Stressga psixologik javob – bu nazorat tuygʻusini taʼminlaydigan narsalarni qidirish. Jabrlanuvchi bosqinchidan hatto minimal mehr belgilarini ham sezsa, uning miyasi bu holatni xavfni kamaytirish usuli sifatida izohlaydi. Natijada, garovga olingan shaxs tajovuzkorga hissiy jihatdan qaram boʻlib qoladi, chunki u bilan xavfsizlik hissi (hatto xayoliy) bogʻlana boshlaydi.

  1. Hissiy qaramlik va himoya izlash

Tajovuzkor bilan bir xil muhitda majburan yashash bogʻlanib qolishga olib keladi. Jabrlanuvchi tajovuzkorni oʻzining yagona suhbatdoshi va uning yashashi bilan bogʻliq boʻlgan shaxs sifatida koʻra boshlaydi. Psixologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qoʻrquv va zaiflik odamni hatto unga zarar yetkazadigan odamdan himoya izlashga majbur qiladi.

  1. Tahdidni idrok etishning buzilishi va nosogʻlom fikrlash

Uzoq vaqt nazorat ostida qolish haqiqatni va real vaziyatni idrok etishning “buzilishi”ga olib keladi. Jabrlanuvchi tajovuzkor aslida unga yomonlik istamasligiga va uning taqdiri oʻziga bogʻliqligiga ishonishni boshlaydi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qurbonlar oʻz ruhiyatini doimiy stress va dahshatdan himoya qilish uchun oʻz zoʻravonlarining harakatlarini oqlay boshlashi mumkin.

  1. Orttirilgan nochorlik sindromi

Jabrlanuvchida asta-sekin “orttirilgan nochorlik” holati rivojlanadi, qurbon zolimdan qutulish imkoniyatlarini qidirishni toʻxtatadi. Ushbu xatti-harakatlar modeli psixolog olim Martin Seligman tomonidan oʻrganilgan: takroriy zoʻravonlikka uchragan odam qarshilik koʻrsatishni toʻxtatadi, vaziyatni oʻzgartirish imkoniyati borligiga ishonchini yoʻqotadi.

Hayotiy misollar

Patti Xyorst, 1974 yil.

Stokholm sindromining eng muhim voqeasi – “Simbionist ozodlik armiyasi” soʻl qanot radikal guruhi aʼzolarining mediamagnat merosxoʻri Patti Xyorstning oʻgʻirlab ketilishi boʻlgan. Patti oʻgʻirlab ketilganidan keyingi bir necha hafta ichida oʻz zolimlarining radikal faoliyatiga qoʻshildi, bankni oʻmarishda qatnashdi va keyinchalik ularning taʼsiri ostida “qayta tarbiyalandim” deya iddao qildi.

Elizabet Smart, 2002 yil.

Yuta shtatidagi uyidan oʻgʻirlab ketilgan Elizabet Smart toʻqqiz oy tutqunlikda saqlangan. Qochib ketish imkoniyati boʻlsa-da, u qoʻlga olganlarning ruhiy bosimi va tahdidlari ostida boʻlgani sababli qochib ketmagan.

Tadqiqot natijalarining amaliyotga tatbiq etilishi

Stokholm sindromi boʻyicha tadqiqotlarning natijalari zoʻravonlik va oʻgʻirlash qurbonlari bilan ishlash amaliyotida, shuningdek, inqirozli psixoterapiyada keng qoʻllaniladi. Ular mutaxassislarga jabrlanganlarga psixologik yordam koʻrsatish usullarini ishlab chiqishda yordam beradi, jumladan:

Inqiroz boʻyicha maslahat: shu kabi vaziyatlarni boshdan kechirgan garovga olinganlar uchun odamlarga boʻlgan ishonchni va oʻz ruhiy mustaqilligini tiklashga harakat qiladi.

Oiladagi maishiy zoʻravonlik qurbonlarini qoʻllab-quvvatlash: terapiya shafqatsiz munosabatlar dinamikasini tushunishga, shuningdek, ularning his-tuygʻularini va xotiralarini qayta baholashga yordam beradi.

Politsiya muzokaralari va qutqaruvga tayyorgarlik: odam oʻgʻrilari bilan muzokara oʻtkazuvchi mutaxassislar qurbonlarga xavfni minimallashtirish uchun Stokholm sindromi boʻyicha olingan psixologik bilimlardan foydalanadi.

Ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari: bunday dasturlarda jabrlanganlar bilan sogʻlom va xavfsiz munosabatlarni shakllantirish boʻyicha ishlar olib boriladi, bu zoʻravonlik qurbonlari uchun ayniqsa muhimdir.

Sindromning xavfli oqibatlari

Stokholm sindromi garovga olinganlarni qutqarishga xalaqit beradi. Bu sindrom taʼsirida qurbonlar politsiyaga qarshilik qiladi, hatto terrorchilarni beixtiyor tanasi bilan oʻqdan toʻsadi. Diqqatga sazovor jihati – bosqichni yoki terrorchilar garovga olingan odamlardan birini oʻldirishi bilan, bu sindrom taʼsiri yoʻqoladi.

Stokholm sindromining teskari shakli – Lima sindromi

1996 yil 17 dekabrda Peru ekstremist guruhi – “Tupak Amaru nomidagi inqilobiy harakat” jangarilari Limadagi Yaponiya elchisi qarorgohida Yaponiya imperatori Akixitoning tugʻilgan kuniga bagʻishlab uyushtirilgan ziyofatga bostirib kirib, turli davlat fuqarolari, tadbirkorlar va diplomatlarini – 220 kishini garovga oladi. Ularni ozod qilishganida, mehmonlar terrorchilarning haq ekani, qutqaruv operatsiyasi chogʻida terrorchilarga qarshi haddan ziyod zulm qilingani haqida bayonot beradi.

Eng gʻalati jihati, terrorchilar oʻzlari garovga olgan shaxslarga mehr qoʻyadi va ularni oʻz ixtiyori bilan qoʻyib yuboradi. Bu yagona holat – Stokholm holatining teskari shakli, psixologiyada Lima sindromi (Lima syndrome) nomini oladi.

Stokholm sindromining siyosiy munosabatlarda aks etishi

Taniqli siyosatshhunos va tahlilchilar Stokholm sindromi fenomeniga murojaat qilib, uni koʻpincha xalqaro va ichki siyosiy mojarolar kontekstida, ayniqsa zaif va kuchli tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar dinamikasi haqida gapirganda tahlil qiladilar. Masalan, Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyus Stokholm sindromini “Yevropa davlatlarining Rossiya bilan munosabatlarining toʻgʻri tavsifi “deb ataydi. Uning qayd etishicha, Yevropa vaqti-vaqti bilan sanksiyalarni yumshatadi va Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuz va harakatlarga qaramay, Rossiya bilan muloqotni tiklashga intiladi. Linkyavichyusning taʼkidlashicha, bunday siyosat “tajovuzkorga yuzini saqlab qolishga yordam berish”ni – Stokholm sindromidga odatiy psixologik reaksiyasini eslatadi.

Boshqa ekspertlar ham davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda Stokholm sindromining turli koʻrinishlarini koʻrishadi, bunda zaif mamlakat yoki guruh kuchli “oʻyinchi” davlatga koʻpincha yon berishadi yoki uning harakatlarini oqlaydi, hatto bu harakatlar uning mustaqilligi yoki xavfsizligiga tahdid solsa ham.

Bunday reaksiyalar tomonlar oʻrtasida qaramlik va agressorga hamdardlik holatini kuchaytirishi mumkin, bu esa nizolarni hal qilishni murakkablashtiradi va mustaqil diplomatiya rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Ushbu kuzatishlar nochor mamlakatlar yoki guruhlar oʻz manfaatlariga tahdid soladigan xatti-harakatlarni qabul qilishi mumkin boʻlgan assimetrik siyosiy munosabatlar dinamikasini tushunishga yordam beradi.

Bosib olingan, mustamlakaga aylangan xalqlarda ham ushbu sindrom elementlarini kuzatish mumkin. Masalan, istilochi davlatga havas qiladi, uning gerb va bayroqlarini hurmat qiladi, ularga oʻxshashga, ularga oʻxshab kiyinishga, oʻz milliy tilidan yuz oʻgirib, istilochilar tilini oʻrganishga, ularning tilida gapirishga harakat qiladi. Istilochiga qullik qiladi, kelsa oyogʻi tagiga qoʻy soʻyadi, aeroportda yetti bukilib kutib oladi (hatto istilochi u bilan qoʻl berib koʻrishishga hazar qilsa-da).

Stokholm sindromini oʻrganish qullik tafakkurini tushunish uchun ham yordam beradi. Masalan, totalitar va avtoritar tuzumlarda davlat boshligʻi qoʻl ostidagi laganbardorlari, propaganda va qoʻrqitish kuchlari yordamida xalq ongini zaharlaydi, oʻzini deyarli xudo qilib koʻrsatishga va bunga xalqni ishontirishga urinadi. Natijada xalq oʻz “dohiysi”ning rostan ilohiyligiga ishonib qoladi, deyarli unga sigʻinadi. Buni tom maʼnoda ommaviy shakldagi Stokholm sindromiga misol desa boʻladi. Sobiq SSSR, Shimoliy Koreya, Kuba va boshqa kommunistik zahardan zararlangan davlatlarning aholisida ana shunday holatni kuzatish mumkin.

Eng katta fojia qulning qulligida emas. Eng katta fojia – qulning oʻz zanjiriga mehr qoʻyib qolishida! Stokholm sindromini tushunish ana shu qaygʻuli psixologik holatni anglashga yordam beradi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+