platina.uz

Byudjet taqchilligidagi kutilmalar eʼlon qilindi

 2023 yilda Oʻzbekiston byudjeti taqchilligi yangi rekord oʻrnatdi - konsolidatsiyalashgan davlat byudjeti taqchilligi 59,2 trln soʻm, yaʼni YaIMning 5 foiziga teng boʻldi.

Iqtisod
30-oktabr 2024 yil
Byudjet taqchilligidagi kutilmalar eʼlon qilindi

Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yilgi davlat byudjeti va 2026−2027 yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini muhokamaga qoʻydi.

Undagi prognozlarga koʻra, 2024 yilda YaIM 6 foizga (oʻtgan yilgi prognozdan past) oʻsishi, inflyatsiya 7 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Sir emas, ayni davrda Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi eng xavotir uygʻotadigan jihatlar - byudjet taqchilligi va davlat qarzi masalasi hisoblanadi. Afsusi oxirgi yillarda bu jihat koʻrsatkichlari ortib bormoqda.

Byudjet taqchilligi

Oʻtgan 2023 yilda Oʻzbekiston byudjeti taqchilligi yangi rekord oʻrnatdi - konsolidatsiyalashgan davlat byudjeti taqchilligi 59,2 trln soʻm, yaʼni YaIMning 5 foiziga teng boʻldi.

Oʻtgan yilning 25 dekabrida imzolangan “2024 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”ga Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga koʻra, joriy yilda mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 375 trln soʻmni, xarajatlari 427,6 trln soʻmni tashkil etishi belgilangan. Bunda byudjet taqchilligi 52 trln soʻmdan ortishi kutilmoqda.

Lekin shu yilning 29 oktabrida Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan yangi prognozlarda bu koʻrsatkichlar biroz farq qiladi.

Xususan, 2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 377,7 trln soʻmni, xarajatlari esa 434,8 trln soʻmni tashkil etishi prognoz qilingan. Shu bilan birga, byudjet taqchilligi miqdori 57,2 trln soʻm boʻlishi haqida prognoz berilgan. Taʼkidlash joiz, bu hali yakuniy koʻrsatkich emas. Daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi farq yil oxiriga borib bundan ham koʻproq boʻlishi mumkin.

Istiqbolda, xususan, kelayotgan 2025 yilda esa, prognozlarga koʻra, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi biroz kamroq - 49,3 trln soʻm (YaIMning 3 foizi), byudjet daromadi 431,1 trln soʻm, xarajati esa 480,3 trln soʻmga teng boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Davlat qarzi

2024 yil 1 iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston davlat qarzi 37 mlrd dollarni yoki YaIMning 33,2 foizini tashkil etdi.

Bu miqdor ichidagi davlat tashqi qarzi - 30,9 mlrd dollar (YaIMning 27,7 foizi), ichki qarzi esa - 6,1 mlrd dollarga (YaIMning 5,5 foizi) yetgan.

Byudjet loyihasiga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekiston nomidan va kafolati ostida jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan miqdori 5,5 mlrd dollar etib belgilanmoqda. Bunda 3 mlrd dollar byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadi.

Vaziyatni oʻnglash uchun...

Moliyaviy iqlimni barqarorlashtirish, xususan, byudjet taqchilligi, tashqi qarzga xizmat koʻrsatish hamda davlat ipoteka dasturini moliyalashtirish manbalari belgilab olingan boʻlib, ular ortidan taxminan 102,2 trln soʻm kelishi kutilmoqda. Jumladan:

➖39,8 trln soʻm tashqi qarz olinadi;

➖25,2 trln soʻm ichki bozordan qarz koʻtariladi;

➖24,1 trln soʻm davlat qarzini qayta moliyalashtirish hisobidan mablagʻ jalb qilinadi;

➖10 trln soʻm davlat aktivlarini sotishdan kutilmoqda;

➖3 trln soʻm esa byudjet ssudalarining qaytishi hamda yil boshidagi qoldiq mablagʻ hisobidan qoplanadi.

Umuman olganda, 2025 yilda mamlakatimiz qarz evaziga koʻproq kredit jalb qila oladi. 2024 yilda davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarzlarni jalb etish limiti 4,5 mlrd dollar edi, biroq ushbu limitdan chiqilgani va xarajatlarni keskin oshgani bois, bu koʻrsatkich 5,5 mlrd dollargacha oshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+