Yevropaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi oʻn minglab xodimlarni ishdan boʻshatmoqchi
Volkswagen kamida uchta zavodini yopish ehtimolini ham eʼlon qildi. Bu iqtisodiyoti ketma-ket ikkinchi yil qisqarayotgan Germaniya hukumati uchun yomon yangilikdir.

Volkswagen kompaniyasi guruhining mehnat kengashi rahbari Daniyela Kavalloning aytishicha, rahbariyat oʻn minglab xodimlarni ishdan boʻshatish, Germaniyadagi kamida uchta zavodni yopish va qolganlarida ishlab chiqarishni qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Yevropaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bir necha hafta davomida kasaba uyushmalari bilan biznesni qayta tashkil etish va xarajatlarni kamaytirish rejalari haqida muzokaralar olib bormoqda. Boshqa narsalar qatorida, kompaniya oʻn yilliklarda birinchi marta Germaniyadagi zavodlarni yopish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Kavallo yopilish qaysi zavodlarga taʼsir qilishi va Volkswagen guruhining Germaniyadagi 300 000 ga yaqin xodimlaridan qanchasi ishini yoʻqotishi mumkinligini aytmadi.
U kasaba uyushmalari oʻjarlik qilsa muzokaralarni toʻxtatish bilan tahdid qildi.
Uning soʻzlari Volkswagen ishchilari va konsern rahbariyati oʻrtasidagi mojaroning jiddiy kuchayganidan dalolat beradi.
Bu iqtisodiyoti ketma-ket ikkinchi yil qisqarayotgan Germaniya hukumati uchun ham yomon yangilikdir. Kansler Olaf Shols koalitsiyasi hozirgacha muammoga yoʻl topa olmayapti. Kelgusi yil mamlakatni federal saylovlar kutmoqda.
Federal hukumat vakilining aytishicha, Berlin kompaniyaning ahvolidan xabardor va kompaniya va ishchilar vakillari bilan yaqin muloqotni davom ettirmoqda.
"Biroq, kanslerning bu boradagi pozitsiyasi aniq: ehtimol, oʻtmishdagi notoʻgʻri boʻlib chiqqan boshqaruv qarorlari xodimlarga zarar yetkazmasligi kerak. Endigi maqsad ish oʻrinlarini saqlab qolish va barqarorlikni taʼminlashdir", dedi u.
Volkswagen brendini boshqaradigan Tomas Schaeferning aytishicha, nemis zavodlari past samara bilan ishlamoqda. Uning soʻzlariga koʻra, konsern baʼzi zavodlarga raqobatchilardan ikki barobar koʻp mablagʻ sarflaydi.
Soʻnggi yillarda nemis konserni yuqori energiya va ishchi kuchi narxlari, osiyolik ishlab chiqaruvchilar, birinchi navbatda, xitoylik ishlab chiqaruvchilarning qattiq raqobati, Yevropa va Xitoyda talabning zaiflashishi va rivojlangan mamlakatlarning elektromobillarga keng miqyosda oʻtishi tufayli jiddiy muammolarni boshdan kechirmoqda.
Kompaniya 30 oktabr kuni mehnat xarajatlarini kamaytirish boʻyicha oʻzining yakuniy takliflarini taqdim qilmoqchi. Shu kuni ishchilar va rahbariyat vakillari ish haqi boʻyicha muzokaralarning ikkinchi bosqichi uchun uchrashadilar va konsern uchinchi chorak uchun moliyaviy natijalarni eʼlon qiladi.