Vazirlik va idoralarning shtat birliklari soni muvofiqlashtirildi
Ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi jami boshqaruv shtat birliklari soni 53 ming 560 nafar etib belgilandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligida 5626 ta shtat, 8 ta vazir oʻrinbosarlari mavjud boʻladi.
"Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shtat birliklari sonini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Prezident Farmoni (PF-165-son, 22.10.2024 y.) qabul qilindi.
Unga muvofiq ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
- ayrim respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shtat birliklari sonini muvofiqlashtirish;
- iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning rahbar oʻrinbosarlari sonini qisqartirish.
Prezidentning 2023 yil 23 yanvardagi farmoni ilovasiga muvofiq ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi jami boshqaruv shtat birliklari soni 53 ming 560 nafar etib belgilandi. Shundan Iqtisodiyot va moliya vazirligida 5626 ta shtat, 8 ta vazir oʻrinbosarlari mavjud boʻladi.
Bojxona qoʻmitasida 4690 dona shtat (rais oʻrinbosarlari soni 4 nafar). Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi 1024 (oʻrinbosarlar soni 4 ta), Qishloq xoʻjaligi vazirligida 2200 nafar shtat birligi boʻladi (vazir oʻrinbosarlari soni 5 nafar). Adliya vazirligiga 3632 shtat, Davlat soliq qoʻmitasiga 9745 shtat berilgan (rais oʻrinbosarlari soni 4 ta).
Shuningdek, 2-ilova bilan ijro etuvchi hokimiyat organlarining yagona va qisqartma roʻyxatlari tasdiqlandi.
Shuningdek, viloyat va tuman hokimliklari boshqaruv apparati shtat birliklari ham tasdiqlandi. Bundan viloyatlar va poytaxt 3 toifaga ajratildi. Bunda jami boshqaruv xodimlari soni 868 nafar etib belgilandi. Eng koʻp xodim Toshkent shahrida — 105 nafar.
Viloyatga boʻysunuvchi tuman va shaharlardagi boshqaruv xodimlari uchun esa 3809 ta shtat berilgan.