Surxondaryoda isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlanadi
Tuman va shahar hokimliklari 31 oktabrdan ijtimoiy obʼektlar va kommunal soha korxonalarida kunu-tun ishlovchi shtablar tashkil etishadi.
Surxondaryo viloyatida aholi turarjoylari va ijtimoiy soha obʼektlariga issiqlik taʼminoti berish 1 noyabrdan boshlanadi. Bu haqda hokim Ulugʻbek Qosimovning farmoyishi eʼlon qilindi.
Tuman va shahar hokimliklari 31 oktabrdan ijtimoiy obʼektlar va kommunal soha korxonalarida kunu-tun ishlovchi shtab tashkil qiladi. Gaz, elektr va suvga masʼul tashkilotlar hokimliklar bilan avariyaviy xizmatlar tashkil etib, uni texnikalar bilan taʼminlaydi.
"Temiryoʻlyonilgʻitaʼmin” birlashgan yonilgʻi ombor xoʻjaligi, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, viloyat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi Termiz shahar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda ijtimoiy soha muassasalariga hamda viloyat aholisiga 2024 yil 1 dekabrga qadar ajratilgan koʻmir mahsulotlarining toʻliq yetkazib berilishini taʼminlashi topshirildi.
Mazkur farmoyish ijrosini nazorat qilish Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari A.Amirov zimmasiga yuklangan.