Radarga tushish holati 48 soat ichida rasmiylashtirilmasa, ish tugatiladi
Tez yordam va oʻt oʻchiruvchi mashinalar sodir etgan qoidabuzarliklarda ortiqcha qogʻozbozlikni bartaraf etib tugatish tartibi joriy etilishi belgilanmoqda.
Endi radar qurilmalari orqali aniqlangan qoidabuzarlik holati 48 soat ichida jarima tayinlovchi vakolatli shaxsga yuborilmasa, huquqbuzarlik yuritilmaydi.
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-985-son, 28.10.2024 y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga koʻra, kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, tez tibbiy yordam hamda yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari transport vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan maʼmuriy ishlarni ortiqcha qogʻozbozlikni bartaraf etish maqsadida tugatish tartibi joriy etilishi belgilanmoqda.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot jarima solish haqida qaror chiqarishga vakolatli boʻlgan shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish yuritilmasligi belgilanmoqda.