Eng koʻp daromad topuvchi futbolchilar roʻyxati eʼlon qilindi
Saudiyaning "Al-Nasr" klubining 39 yoshli hujumchisi Krishtianu Ronaldu Forbes tuzgan reytingda birinchi oʻrinni egalladi. 2024 yilda u jami 285 million dollar ishlab olishga muvaffaq boʻldi.
Amerikaning Forbes jurnali bu yil nafaqat klub shartnomalari, balki uchinchi tomon manbalari hisobidan ham koʻproq daromad olishga muvaffaq boʻlgan futbolchilarning anʼanaviy roʻyxatini taqdim etdi.
Oʻtgan yilgidek Saudiyaning "Al-Nasr" klubining 39 yoshli hujumchisi Krishtianu Ronaldu Forbes reytingida birinchi oʻrinni egalladi. 2024 yilda u jami 285 million dollar ishlab olishga muvaffaq boʻldi (oʻtgan yilga nisbatan 25 million dollarga koʻp).
Shundan portugaliyalik futbolchi 220 million dollarni futbol shartnomalaridan, yana 65 million dollarni esa boshqa manbalardan olgan. Shunday qilib, futbolchi hali ham oʻzi ulushga ega boʻlgan Nike, Herbalife va Whoop kabi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi, shuningdek, CR brendi ostida parfyumeriya va ichki kiyim ishlab chiqaradi.
Bundan tashqari, Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) ijtimoiy media platformalarida 900 milliondan ortiq obunachiga ega Ronaldu sayyoradagi eng mashhur sportchi hisoblanadi. Avgust oyida Youtube kanalini ishga tushirgandan soʻng, unga 1 million obunachi chegarasidan oʻtish uchun bor-yoʻgʻi 90 daqiqa vaqt kerak boʻlib, platforma rekordini yangiladi.
Ikkinchi oʻrinni 135 million dollar bilan AQShda "Inter Mayami" klubida oʻynayotgan 36 yoshli argentinalik Lionel Messi egalladi. Yil davomida u toʻgʻridan-toʻgʻri maydonda 60 million dollar ishlab topgan, qolgan 75 million dollar esa Adidas, Apple TV, Konami va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikdan kelgan. Oʻtgan oyda u oʻzining 525 Rosario nomli ishlab chiqarish kompaniyasini ham ishga tushirdi.
Kuchli uchlikni Braziliya terma jamoasi va Saudiyaning "Al-Hilol" klubi hujumchisi Neymar yakunlab turibdi. Bu yil uning boyligi 110 million dollarga oshgan: u futbol shartnomalaridan 80 million dollar va maydondan tashqarida 30 million dollar ishlab topgan.
Forbes talqini boʻyicha eng koʻp maosh oluvchi 10 nafar futbolchi:
Krishtianu Ronaldu – 285 million dollar;
Lionel Messi – 135 million dollar;
Neymar – 110 million dollar;
Karim Benzema – 100 million dollar;
Kilian Mbappe – 90 million dollar;
Erling Xoland – 60 million dollar;
Vinisius Junior – 55 million dollar;
Muhammad Saloh – 53 million dollar;
Sadio Mane – 52 million dollar;
Kevin De Bryuyne – 39 million dollar.