Chiqindidan qarzdorlar tokka pul toʻlolmay qoladi
1 noyabrdan kuchga kirishi belgilangan mazkur tartib haqida haligacha biror tushuntirish va aniq mexanizm yoʻq.

2024 yil 1 noyabrdan chiqindidan qarzi bor fuqarolarga elektr energiyasi uchun toʻlov qilishda cheklovlar oʻrnatiladi. Bu haqdagi prezident qarori yil boshida imzolangan.
Ammo 1 noyabr boshlanishiga bir necha kun qolgan boʻlsa-da, bu haqida aniq va shaffof mexanizm yoʻqligi, tushuntirish berilmagani muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Qarorga koʻra, chiqindi xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar abonentlarning elektr energiyasi uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy qilinadi. Cheklov:
- 2024 yil 1 iyundan Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, viloyat markazlarida chiqindi xizmatlari boʻyicha 6 oylik qarzdorlik boʻyicha;
- 2024 yil 1 noyabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari boʻyicha 3 oylik qarzdorlik boʻyicha;
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari boʻyicha 1 oylik qarzdorlik uchun qoʻllaniladi.
Eʼtibor bering, Toshkent va Nukus shaharlarida bu mexanizm allaqachon ishga tushgan boʻlishi kerak. Ammo amalda unday emas. Yaqinda shov-shuv boʻlib ketgan holatda chiqindidan qarzdor ayrim isteʼmolchilar tokdan uzib qoʻyilgani kuzatilgan.
Eʼtibor bering, qarzdor isteʼmolchilar biratoʻla tokdan uzib qoʻya qolingan. Aslida esa cheklov kiritilishi kerak edi. Cheklov qanday boʻlishi esa hozircha mavhum.
Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Platina.uz sayti "Hududiy elektr tarmoqlari" matbuot xizmati bilan bogʻlandi. Biroq matbuot kotibi savollarimizga javob berishni istamadi.