platina.uz

Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Prezident Mirzo Ulugʻbek tumanidagi  59-uchastkada ovoz berib, saylovga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qildi. 

Siyosat
27-oktabr 2024 yil
Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila aʼzolari bilan birgalikda poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 128-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

Saylovda beshta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda. Bu muhim voqea “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida, rivojlangan ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtmoqda.

Oʻzbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, yaʼni majoritar-proporsional tizim asosida oʻtkazilmoqda. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar oʻzlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yoʻli bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

Saylov qonunchiligi ilgʻor demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, jamiyat hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilandi.

Joriy yilgi saylovlarning yana bir eʼtiborli jihati – bu jarayon ishtirokchilarining oʻzaro munosabatlari toʻliq raqamlashtirilgan holda “E-Saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilganida namoyon boʻldi. Mazkur axborot tizimi saylovlarning ochiqligini yuqori bosqichga olib chiqdi.

Davlat rahbari 59-saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qildi. Ular saylovlar ochiq, yuqori saviyada oʻtayotganini, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshganini taʼkidlashdi.

Nuroniylar mamlakatimizga tinchlik-farovonlik, Prezidentimizga sogʻlik-omonlik tilab duolar qildi.

Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qonunchiligimizda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 5 ming 770 ta okrug va 11 ming 28 ta, jumladan, 40 ta xorijiy mamlakatda 57 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Saylov jarayonini kuzatishda MDH, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi tarkibida 850 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Oʻz yurti va yashayotgan hududi taqdiriga daxldorligini his qilib, saylovlarda faol qatnashayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+