Qotillik – ularning biznesi yoxud rus jangarilarining Afrika missiyasi haqida
Rossiyaning Afrikadagi kuchlarni moliyalashtirish hajmi yaqin yillarda oʻsib boradi, chunki Nigeriya va Savoxil mintaqasidagi boshqa davlatlar oʻsib borayotgan beqarorlik sharoitida Moskva bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda.
2018 yilda Markaziy Afrika Respublikasida roʻy bergan ommaviy qotillik deyarli butun dunyoni hayratga soldi. Rossiyalik jurnalistlar – harbiy muxbir Orxan Jemal rejissyor Aleksandr Rastorguyev va operator Kirill Radchenko bilan birga 2018 yil 30 iyul kuni Markaziy Afrika Respublikasining Sibut shahri yaqinida oʻldirib ketildi. Jurnalistlar kimsasiz yoʻlda mashinada ketayotganlarida nomaʼlum qurollangan shaxslar tomonidan hujumga uchragan.Turli taxminlar va talqinlar yuzaga chiqdi. Shubha-gumonlar urchidi. Masalan, qandaydir jangarilarga ularni talash va oʻldirishdan nima foyda edi? Nega hammani oʻldirib, haydovchini tirik qoldirishdi? Ularni Babmbari shahriga olib borish va Ndassima oltin konida suratga olish uchun sharoit yaratib berishni vaʼda qilgan va haydovchi tavsiya qilgan, oʻzini BMT xodimi deb tanishtirgan “Martin” kim edi? Nega Martin jurnalistlarni xaritada, umuman hayotda ham yoʻq lokatsiyaga olib bormoqchi boʻlgan?.. Savollar koʻp edi, biroq aniq dalillar yoʻqligi bois, ish ochilmasdan qolib ketdi. Na Rossiya va na MAR hukumati bu ishning tagiga yetishdan manfaatdor boʻlgan. Hatto Rossiya TIV rasmiy munosabatni ham qotillik roʻy berganidan 3 kun oʻtgach tarqatgan...
Xavfli mavzu boʻyicha xavfli safar
Orxan Jemal harbiy muxbir sifatida mashhur edi. U 2018 yilda Markaziy Afrika Respublikasida Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalar (XHK), xususan, “Vagner” guruhi va uning rahbari Yevgeniy Prigojin faoliyati, ularning mahalliy hukumat va oltin konlari bilan bogʻliq faoliyatini oʻrganish uchun borishgan. Ular Mixail Xodorkovskiy tomonidan tashkil etilgan Tergovni boshqarish markazi tomonidan moliyalashtirilgan hujjatli film yaratish ustida ishlagan.
Orxan Jemal va uning jamoasi MARda rossiyalik yollanma askarlarning faoliyat yuritayotgani va ularning oltin va olmos qazib olishda, shuningdek, mahalliy hokimiyatni qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etishi haqida katta hajmda dalillar toʻplashdi. Ular olib borgan tadqiqotlar “Vagner” XHKning mintaqadagi faoliyatining haqiqiy koʻlami va maqsadlari haqidagi sirlarni fosh etishi mumkin edi. Agar Orxan Jemal bu maʼlumotlarni oshkor qilsa, bu xalqaro janjal keltirib chiqarishi va Rossiyaning Afrikadagi manfaatlarini xavf ostiga qoʻyish ehtimoli katta boʻlardi. Bunday maʼlumotlarning oshkor etilishi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimining kuchayishiga va geosiyosiy manfaatlar uchun XHKlardan foydalanayotgani jahon hamjamiyatining tanqidiga sabab boʻlishi mumkin. Zero, Rossiya uzoq payt oʻz norasmiy askarlaridan tonib kelgan, qachonki dalillar koʻpayib ketgach, “zoʻrgʻa” tan olar edi. Sir emas, Rossiyaga tegishli ekani aytiladigan xususiy harbiy kompaniyalarning Afrikada mavjudligi soʻnggi yillarda Moskva geosiyosiy strategiyasining muhim elementiga aylandi. “Vagner” guruhi eng mashhur boʻlgan XHK sifatida Rossiyaning Afrika qitʼasiga taʼsirini kuchaytirishda asosiy rol oʻynaydi. Bu tuzilmalar mamlakat manfaatlarini ilgari surish uchun norasmiy kanallardan foydalanadi, shu bilan birga rasmiy qurolli kuchlarning bevosita aralashuvidan qochadi.
Orxan Jemal va uning jamoasining oʻldirilishi yanada kattaroq fojea – Afrika davlatlarida norasmiy faoliyat yuritayotgan rus jangarilariga xalqaro hamjamiyat eʼtibori qaratilishiga sabab boʻldi. Jemal va uning jamoasi oʻlimida ham aynan shu XQKlar sababchi boʻlgani asosiy versiya sifatida mustahkamlandi.
Rus jangarilari Afrikada nima qilyapti?
Shartnoma asosida, yaʼni pul evaziga qurolli operatsiyalarga bosh qoʻshib kelayotgan rus jangarilarining Afrikadagi faoliyati koʻplab maqsad hamda manfaatlarni oʻz ichiga oladi. Iqtisodiy manfaatlar shular jumlasidandir. Zero, Afrika tabiiy resurslarga jumladan, neft, oltin, olmos va uranga boy qitʼa. Rossiya ushbu resurslarga kirishga intilib, mahalliy rejimlarni va togʻ-kon shartnomalarini himoya qilish uchun XHKlardan foydalanadi. Misol uchun, Sudanda “Vagner” guruhi mahalliy hokimiyatlarning yordami evaziga oltin konlarini oʻzlashtirish huquqini olgan edi.
Rossiyaga tegishli XHKlar siyosiy taʼsir koʻrsatishni ham maqsad qiladi. Koʻpgina Afrika mamlakatlari tarixan beqarorlik, inqilob va qurolli mojarolarga duch kelishadi. XHKlarning yordami mahalliy rejimlarni hokimiyatni saqlab qolishga imkon beradi. Rossiya, oʻz navbatida, xalqaro maydondagi muhim oʻyinchi sifatidagi mavqeini mustahkamlab, Gʻarb qarorlariga muqobil takliflar bermoqda. Misol uchun, Markaziy Afrika Respublikasida “Vagner” bosh vazir Fostin-Arkanj Tuaderani qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynadi, bu esa Moskvaga mintaqadagi siyosiy taʼsirini kengaytirish imkonini berdi.
Va albatta geosiyosiy raqobatni ham nazardan soqit qilmaslik lozim. Chunki ayni davrda Afrika qitʼasi Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasida taʼsir oʻtkazish uchun kurash maydoniga aylanmoqda. Moskva Gʻarb taʼsiri ostida boʻlmagan mintaqalarda barqaror strategik ittifoqlar yaratish uchun XHKlardan foydalanadi.
XHKlar bunday maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
1. Xavfsizlikni taʼminlash. Infratuzilma obʼektlarini himoya qilish, qazib olish, konlarni, shuningdek, muhim davlat tuzilmalarini himoya qilish.
2. Mahalliy qurolli kuchlarni tayyorlash. XHKlar koʻpincha Afrikada harbiy va politsiya kuchlarini oʻqitadi, ularni isyonchilar va terroristik guruhlarga qarshi kurashishga tayyorlaydi.
3. Qoʻllab-quvvatlash rejimlari. Muxolifat yoki qurolli guruhlarga qarshi kurashda mahalliy rahbarlarni siyosiy va harbiy qoʻllab-quvvatlash shular jumlasidandir.
4. Razvedka faoliyati. Ehtimoliy tahdidlarni yoki Rossiya taʼsirini kengaytirish imkoniyatlarini baholash uchun XHKlar mavjud boʻlgan mamlakatlardagi ishlarning holati haqida maʼlumot toʻplaydi.
Afrikadagi rus XHKlarning yirik operatsiyalari
Eng muvaffaqiyatli holatlarga misol qilib, “Vagner” XHKning Markaziy Afrika Respublikasida isyonkor qurolli guruhlar faolligini sezilarli darajada kamaytirish, vaziyatni barqarorlashtirish va amaldagi prezidentni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarini keltirish mumkin. Buning evaziga Rossiya MARning oltin, olmos va boshqa tabiiy resurslar konlarini oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻldi.
2021 yilda Fransiyaning xalqaro tinchlikparvar harakatlaridan hafsalasi pir boʻlgan Mali harbiy xuntasi “Vagner” XHK bilan shartnoma tuzib, Rossiyaga yordam soʻrab murojaat qildi. Natijada rossiyalik yollanma askarlar terrorchi guruhlarga qarshi kurashda xavfsizlik va maslahat berishda asosiy vositaga aylandi.
Sudanda esa XHK oltin konlarini himoya qilish va qurolli guruhlarga qarshi kurashda hukumatni qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etib kelmoqda. 2017 yildan beri ular Rossiyaning Afrika qitʼasidagi iqtisodiy strategiyasining muhim elementiga aylandi.
Raqamlar nima deydi?
Xalqaro tahlilchilarning maʼlumotlariga koʻra, 2022 yil holatiga koʻra, ayni paytda Afrikada 2000 ga yaqin rossiyalik yollanma jangari boʻlib, ular Markaziy Afrika Respublikasi, Mali, Sudan, Liviya va Mozambik kabi mamlakatlarda faoliyat yuritadi.
Rossiya Afrikaga qurol yetkazib berish boʻyicha birinchi oʻrinda turadi, bu ham XHKlarning mavjudligi bilan chambarchas bogʻliq. 2017-2022 yillarda qurol savdosi hajmi Afrika mamlakatlariga import qilingan qurollarning 28 foizini tashkil etdi.
MARda XHK yollanma askarlarining ulushi tartibni saqlash va qoʻzgʻolonga qarshi kurashda qatnashgan barcha harbiy kuchlarning 40% gacha qismini tashkil etgan.
Boshqalar nima deydi?
Afrikada XHKlarning mavjudligi ziddiyatli munosabatlarga sabab boʻlgan. Gʻarb davlatlari, ayniqsa, Fransiya buni fransuz armiyasi anʼanaviy ravishda mavjud boʻlgan hududlardagi taʼsiriga bevosita tahdid deb biladi. Misol uchun, Malida Fransiya bilan munosabatlarning uzilishi va “Vagner” XHK himoyasiga oʻtishi Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan tanqid qilindi. Biroq koʻplab Afrika mamlakatlari uchun Rossiya XHKlari jozibador variantga aylangan, chunki ular “qandaydir” demokratik islohotlar yoki inson huquqlarini hurmat qilish shartlarini qoʻymasdan kerakli harbiy yordamni taqdim etadi. Ularga pul berilsa bas, kimni va qanday oʻldirishning ahamiyati yoʻq.
Moliyalashtirish manbalari
Afrikadagi Rossiya xususiy harbiy kompaniyalari (XHK) faoliyatini moliyalashtirish maxfiy va murakkab jarayon. Chunki bu tuzilmalar rasmiy ravishda Rossiya qurolli kuchlariga aloqador emas, lekin bevosita hukumat nazorati ostida ishlaydi. Shu bois moliyalashtirish manbalari turli sxemalar asosida shakllantiriladi.
1. Xususiy va korporativ investitsiyalar
Moliyalashtirishning asosiy manbalaridan biri – bu Afrika tabiiy resurslariga kirishdan manfaatdor boʻlgan xususiy va korporativ investorlarning qoʻllab-quvvatlashidir. Rossiya hukumatiga yaqin boʻlgan oligarxlar va ishbilarmonlar XHK faoliyatiga katta miqdorda mablagʻ sarflaydi, bu ularga mineral resurslarni oʻzlashtirishdan foyda olish imkonini beradi. Masalan, “Vagner” guruhining asosiy homiylaridan biri sifatida tanilgan marhum milliarder Yevgeniy Prigojin Afrikadagi oltin, olmos va boshqa resurs loyihalaridagi ulushlar evaziga kompaniya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz moliyaviy resurslarini ham ishga solgan.
2. Afrika hukumatlari bilan tuzilgan shartnomalar
Rossiya XHKlari oʻzlari faoliyat yuritayotgan Afrika mamlakatlari hukumatlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida bevosita pul olishadi.
3. Resurslarni qazib olish va eksport qilishdan olingan daromadlar
Rossiya XHKlarini moliyalashtirishning muhim qismi bu ular faoliyat yuritadigan mamlakatlarda foydali qazilmalarni qazib olish va eksport qilishdan olingan foydadir. Harbiy yordam va rejimlarni himoya qilish evaziga XHKlar konlarni oʻzlashtirish va oltin, olmos, uran va neft kabi resurslarni qazib olish huquqini oladi. Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) va Sudanda “Vagner” guruhi oltin va olmos qazib olishda faol ishtirok etadi, bu ularning byudjetlariga moliyaviy resurslarning sezilarli oqimini taʼminlaydi.
4. Rossiya byudjeti
Rossiya hukumati XHKlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllab-quvvatlashni rasman rad etsa-da, davlat yordami berilishiga koʻplab bilvosita dalillar mavjud. Ushbu yordam harbiy texnika, logistika va razvedka maʼlumotlari bilan taʼminlash shaklida boʻlishi mumkin. Shuningdek, XHK harakatlari Rossiyaning tashqi siyosati maqsadlari bilan muvofiqlashtirilgan boʻlishi mumkin, bu Moskvaning ularning muvaffaqiyatli faoliyatidan strategik manfaatdorligini koʻrsatadi. Davlat ishtiroki XHKlarning operatsion xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi va Afrika qitʼasida ularning samaradorligini oshirishi mumkin.
5. Harbiy faoliyatni xususiylashtirish
XHKlardan foydalanish Rossiya hukumatiga harbiy operatsiyalarni samarali "xususiylashtirish" imkonini beradi, bu esa davlatni oʻz yollanma askarlarining harakatlari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar va siyosiy javobgarlikdan ozod qiladi. Bu kompaniyalar davlat va uning hamkorlari manfaatlarini koʻzlab ish tutsa ham, mustaqil subʼektlar sifatida faoliyat yuritadi, bu esa ularni beqaror mintaqalarda oʻz resurslaridan foydalanishda yanada moslashuvchan qiladi.
Masalan, MARda resurslarni qazib olish boʻyicha shartnomalarning umumiy qiymati yiliga 100 million AQSh dollarini tashkil etishi mumkin, bu esa XHKlarga ushbu mamlakatda oʻz faoliyatini moliyalashtirish imkonini beradi.
Boshqa bir misol: 2021 yilda, Fransiya qoʻshinlarini olib chiqib ketishi va ekstremizm bilan bogʻliq vaziyat yomonlashganidan soʻng, Mali harbiy xuntasi “Vagner” guruhi bilan xavfsizlik va harbiy yordam uchun oyiga taxminan 10 million AQSh dollari miqdorida shartnoma tuzdi.
“Vagner” guruhining Liviyadagi faoliyatini moliyalashtirish miqdori esa neft infratuzilmasi ustidan nazorat darajasiga qarab yiliga 300 dan 500 million AQSh dollarigacha boʻlishi mumkin.
Taʼkidlash kerak, Rossiya hukumati XHKlarni moliyalashtirishda ishtirok etishini rasman tan olmasa-da, qurol va jihozlarni yetkazib berish shaklida bilvosita qoʻllab-quvvatlash haqida dalillar mavjud. Bunday yashirin yordamning umumiy hajmini hisoblash qiyin, biroq tahlilchilarning fikricha, bu har yili 1 milliard AQSh dollarigacha yetishi mumkin.
Odam oʻldirish – istiqbolli “biznes”
Mutaxassislarning fikriga koʻra, Rossiyaning Afrikadagi XHKlarini moliyalashtirish hajmi yaqin yillarda oʻsib boradi, chunki Nigeriya va Savoxil mintaqasidagi boshqa davlatlar oʻsib borayotgan beqarorlik sharoitida Moskva bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda. 2025 yilga borib Markaziy va Gʻarbiy Afrikada tabiiy resurslarni qazib olishdan olinadigan daromadlar ikki baravar koʻpayib, yiliga 2-3 milliard AQSh dollariga yetishi kutilmoqda, bu esa XHKlarga qitʼada oʻz faoliyatini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi.