Ilon Mask saylovchilarga 1 million dollar beryapti
Milliarderning ushbu pul tarqatishi qanchalik haqiqat va qanchalik qonuniy ekanini tahlil qilamiz.
Dunyoning eng boy odami Ilon Mask amerikalik saylovchilarga 1 million dollardan tarqatayotgani maʼlum boʻldi. Biroq bu jarayonning qonuniyligi hali aniqlashtirilmadi.
11 nafar sobiq respublikachi amaldorlardan iborat guruh 5 noyabr kuni boʻlib oʻtadigan AQSh saylovlari oldidan milliarder Ilon Mask saylovchilarga taqdim etayotgan naqd pul mukofotlarining qanchalik qonuniyligini shubha ostiga qoʻygan soʻnggi jamoat arboblariga aylandi.
Maskning prezidentlik tanlovida Donald Trampni qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan America PAC (political action committee, siyosiy harakat qoʻmitasi) tashviqot guruhi 7 ta shtatda roʻyxatga olingan saylovchilarni petitsiyaga imzo chekishga chaqiradi. Saylovgacha har kuni bitta imzo qoʻygan shaxs tasodifiy tanlab olinadi va 1 million dollarlik mukofot bilan taqdirlanadi.
Ammo huquqshunoslar va bir qancha demokratlar ushbu pul mukofoti fuqaroni saylovchi sifatida roʻyxatdan oʻtishini talab qiladigan harakat uchun pul taklif qilish orqali Amerika qonunini buzishi mumkinligini gumon qilishmoqda.
AQSh Adliya vazirligi BBC’ning AQShdagi hamkori CBS News’ga maʼlum qilishicha, sobiq respublikachi amaldorlar va mansabdor shaxslardan Ilon Maskning saylovchilarni moddiy ragʻbatlantirayotgani yuzasidan surishtiruv oʻtkazishga chaqiruvchi soʻrov olgan.
Ilon Mask esa bunga javoban “petitsiyani imzolash uchun siz istalgan siyosiy partiyadan boʻlishingiz mumkin yoki hech qanday siyosiy partiyaga mansub boʻlmasligingiz mumkin va hatto ovoz berishingiz ham shart emas" deya fikr bildirib, ushbu tanqidlarga qarshi chiqdi.
Mask nima taklif qilmoqda?
America RAC tomonidan yaratilgan petitsiya oltita “ikkilanuvchi” shtatlar – Jorjiya, Nevada, Arizona, Michigan, Viskonsin va Shimoliy Karolinadagi saylovchilarni "soʻz erkinligi va qurol olib yurish huquqini qoʻllab-quvvatlovchi petitsiya"ni imzolashga undaydi.
Shuningdek, roʻyxatdan oʻtgan boshqa saylovchini jalb etganlarning har biriga 47 dollar (£36) miqdorida pul vaʼda qilinadi.
Imzolash yoki referal uchun 100 dollardan yuqori mukofotlar esa Pensilvaniya shtatida taklif qilinmoqda. Chunki Tramp va Xarris kampaniyalari saylov poygasining yakuniy gʻolibi shu yerda hal boʻlishi mumkinligiga ishonadi.
America RAC’ning maʼlum qilishicha, petitsiyaga imzo chekkanlar AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi va ikkinchi tuzatishlarni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Taʼkidlangandek, 5 noyabrdagi saylov kuniga qadar, har kuni yettita “ikkilanuvchi” shtatlardan birida petitsiyaga imzo chekkanlar orasidan 1 kishi tasodifiy tanlab olinib, 1 million dollarlik mukofot beriladi.
19 oktabr kuni Pensilvaniya shtatidagi shahar maʼmuriyatida boʻlib oʻtgan tadbirda hayratda qolgan ishtirokchiga lotereya uslubidagi birinchi jambo chek (taqdimot uchun timsoliy tarzda katta qogʻozga chop etilgan chek nusxasi) topshirildi.
Bu qonuniymi?
"Maskning taklifi noqonuniy ekaniga ishonchim komil", deydi Jorj Vashington universitetining huquqshunoslik professori Pol Shiff Berman, Valter S.Koks.
U AQShning Saylov qonunchiligi kodeksini yodga olgan, unga koʻra, "saylovda qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtish yoki ovoz berish uchun toʻlagan yoki toʻlashni taklif qilgan yoki toʻlovni qabul qilgan" har bir kishi 10 000 dollar jarima yoki besh yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
"Uning taklifi faqat roʻyxatdan oʻtgan saylovchilar uchun ochiq, shuning uchun menimcha, uning taklifi bu qoidalarga ziddir", degan Pol Berman BBS’ga.
AQSh Adliya vazirligi izoh berishdan bosh tortdi. Izoh uchun Federal saylov komissiyasiga (FSK) murojaat qilingan.
Strategiya boʻshliq bilan qoplangan boʻlishi mumkin, chunki hech kimga roʻyxatdan oʻtish yoki ovoz berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri pul toʻlanmaydi, dedi FCKning sobiq raisi.
Bred Smit "Nyu-York Tayms"ga bergan intervyusida sovgʻa "kulrang maydon" ekanini, ammo "chiziqqa unchalik yaqin emasligini" aytdi.
“U ovoz berish uchun roʻyxatdan oʻtishlariga ularga pul toʻlamaydi. Ularga petitsiyani imzolash uchun pul toʻlaydi va faqat ovoz berish uchun roʻyxatdan oʻtgan odamlar petitsiyaga imzo chekishlarini xohlaydi. Shuning uchun uni bu yerda qoralash nooʻrin”, degan u.
Ammo Shimoli-gʻarbiy universitetning saylov huquqi professori BBCga kontekst muhimligini aytdi.
"Men bu noqonuniy emasligi haqidagi baʼzi tahlillarni tushunaman, lekin menimcha, bu yerda kontekst bilan birgalikda u odamlarni huquqiy jihatdan muammoli boʻlgan tarzda ovoz berishga roʻyxatdan oʻtishga undash uchun aniq moʻljallangan", dedi Maykl Kang.
Partiyasiz kampaniya huquqiy markazi vakili Adav Noti janob Maskning sxemasi "federal qonunlarni buzadi va Adliya vazirligi tomonidan fuqarolik yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi" dedi.
"Caylovchi sifatida roʻyxatdan oʻtish sharti bilan pul berish noqonuniydir", dedi janob Noti BBCga.
Shimoliy-Sharqiy universitet huquq fakultetidan ekspert, Konstitutsiyaviy huquq professori Jeremi Pol VVS’ga yozgan elektron xatida “Mask qonuniy boʻshliqdan foydalanayotganini” aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, taklif noqonuniy boʻlishi mumkinligi haqida dalillar mavjud, ammo u "maqsadli va qonuniy narsani aylanib oʻtish uchun moʻljallangan" va bu ishni sudda koʻrib chiqish qiyin kechadi.
Tanqidchilar nima deyapti?
Seshanba kuni Respublika maʼmuriyatlarida ishlagan oʻn bir advokat va davlat amaldorlari Adliya vazirligini janob Maskning taklifini tekshirishga chaqiruvchi xat yozdilar.
"Biz zamonaviy siyosiy tarixda bunday narsadan xabardor emasmiz", deb yozgan ular federal va shtat qonunchiligidagi ehtimoliy buzilishlarga ishora qilib.
"Huquq-tartibot idoralari saylov oldidan odamlarning qanday ovoz berishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan choralar koʻrishni istamaydi. Lekin ovoz berish jarayonini bevosita tartibga soluvchi qonunlar ostida yuzaga keladigan jiddiy savollar bundan mustasno boʻlishi kerak."
Pensilvaniya gubernatori, demokrat Josh Shapiro bu harakatni "chuqur tashvishli" deb baholadi va huquq-tartibot idoralarini tergov qilishga chaqirdi.
Bunga javoban janob Mask "bunday gapni aytishi haqida" dedi.
Soʻnggi haftalarda Kamala Xarris uchun kampaniya olib borgan milliarder investor Mark Kuban bu taklif "innovatsion va umidsiz" ekanini aytdi.
"Siz buni faqat kerak deb oʻylaganingiz uchun qilasiz, lekin lotereyadan foydalanish yomon fikr emas. Bu ish beradimi yoki yoʻqmi – boshqa narsa. Aksincha teskari taʼsir qilishi ham mumkin", dedi u CNBC’ga.
Michigan davlat kotibi Joselin Bensonning aytishicha, janob Mask qonunni "potensial" buzayotgan boʻlsa-da, "kimdir saylovni shu tarzda manipulyatsiya qilishga urinishi odamning asabiga tegadi”.
Avval shunday pretsedent boʻlganmi?
Janob Maskning taʼkidlashicha, demokratlar va ularning donorlari oʻtmishda ham xuddi shunday tashabbuslarni moliyalashtirgan.
X-da u Meta sohibi Mark Sukerberg "2020 yilda ham xuddi shunday qilgan edi" degan postini baham koʻrdi.
Janob Sukerberg 2020 yilgi saylovlarda 400 million dollar xayriya qildi, ammo bu ikki partiyaviy boʻlmagan tashkilotga pochta byulletenlari boʻyicha logistikaga yordam berish uchun berildi. Pul bevosita saylovchilarga berilmagan.
Demokratik partiya oʻtgan saylovlarda tarafdorlarni safarbar qilish tashabbuslariga, masalan, AQShda 2022 yilgi oraliq saylovlarda 25 million dollarlik saylovchilarni roʻyxatga olish kampaniyasiga sarmoya kiritdi.
Biroq bu pul ham saylovchilarga bevosita berilmagan. Mablagʻlar saylovchilarni roʻyxatdan oʻtishga ragʻbatlantiradigan tashabbuslarga, masalan, eshiklarni taqillatish uchun odamlarni ishga olish, televideniye va raqamli reklamaga yoʻnaltirildi.
"Saylovchilarni roʻyxatga olish uchun odamlarga pul toʻlash qonuniydir, lekin siz roʻyxatdan oʻtish uchun odamlarga toʻgʻridan-toʻgʻri pul toʻlay olmaysiz", dedi professor Kang.
Mask yana nimalar qildi?
Dunyoning eng boy odami Ilon Mask Tramp prezident boʻlganida u bilan notekis munosabatda boʻlgan, biroq janob Mask soʻnggi yillarda demokratlardan noroziligini tobora koʻproq bildirmoqda.
2022 yilgi oraliq saylovlar oldidan u partiyani tark etganini eʼlon qildi va oʻz izdoshlarini respublikachiga ovoz berishga undadi.
Bu yil u Amerika siyosatida ilk bor shunday faol aralashdi, bir nechta respublikachilar nomidan xayriyalar qildi va ijtimoiy tarmoqlarda ularni qoʻllab-quvvatladi.
Oʻtgan hafta sharhlarida u AQSh-Meksika chegarasining katta qismini “Z Jahon urushi”dagi manzaraga mengzagan.
Ilon Mask America RAC’ni Trampning 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shu yil iyul oyida ishga tushirgan edi. U hozirgacha guruhga kamida 75 million dollar xayriya qilgan.
America RAC veb-saytida maʼlum qilinishicha, u "xavfsiz chegaralar", "xavfsiz shaharlar", "soʻz erkinligi", "oqilona xarajatlar", "adolatli adolat tizimi" va "oʻzini himoya qilish" kabi tushunchalarni qoʻllaydi.
Tramp Ilon Maskning pul tarqatayotganini maʼqullamadi, lekin uni “doʻst” deb taʼrifladi.
Soʻnggi haftalarda Mask ilk bor saylovoldi tashviqotida, avvaliga Tramp yonida, soʻnggi paytlarda esa yakka oʻzi shahar maʼmuriyati binosida chiqish qildi.