platina.uz

Gigantlar jangi: Boeing va Airbus

Dunyo bozorini har tomonlama egallagan ikki yirik kompaniyaning plyus va minus tomonlarini tahlil qilamiz.

Tahlil
26-oktabr, 19:38
Gigantlar jangi: Boeing va Airbus
Fotokollaj: Platina.uz

Deyarli har qanday yirik aviakompaniya eng ishonchli, xavfsiz va qulay samolyotni sotib olishga harakat qiladi. Shunda ular oldida savol tugʻiladi: qaysi kompaniyaning mahsulotini olgan maʼqul – Boeing yoki Airbus?

Boeing va Airbus aviatsiya va kosmik sanoatining ikkita global giganti boʻlib, ular bir necha oʻn yillar davomida jahon bozorida yetakchilik uchun kurashib kelmoqda. Ularning raqobati iqtisodiy koʻrsatkichlar va moliyaviy natijalardan tortib, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishgacha boʻlgan barcha jihatlarni qamrab oladi.

Tarixiy ekskurs

Boeing kompaniyasi 1916 yilda Sietlda (AQSh) Uilyam Edvard Boing tomonidan tashkil etilgan. U dastlab kichik gidrosamolyotlar ishlab chiqargan va asta-sekin aviatsiya va kosmik sanoatdagi dunyoviy yetakchiga aylangan. Oʻnlab yillar davomida Boeing oʻz mavqeini Boeing 707 (birinchi reaktiv yoʻlovchi samolyoti), Boeing 747 (birinchi keng fyuzelyajli samolyot) va Boeing 777 va 787 Dreamliner kabi zamonaviy samolyotlar bilan mustahkamladi.

2022 yil oʻrtalaridan boshlab Boeing bosh qarorgohi Pentagon binosi joylashgan, Vashington chekkasidagi Arlingtonga (Virjiniya shtati) koʻchirildi. Asosiy ishlab chiqarish quvvatlarining joylashgan joyi va ayni paytda korporatsiyaning “tugʻilgan joyi” Sietl shahri (Vashington shtati) hisoblanadi.

Airbus 1970 yilda Yevropa konsorsiumi sifatida Amerika aviatsiya kompaniyalari, birinchi navbatda, Boeing kompaniyasiga raqobat yaratish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi model Airbus A300 boʻlib, dunyodagi eng birinchi ikki dvigatelli keng fyuzelyajli samolyotdir. Kompaniya yillar davomida Airbus A320, A330, A350 va eng yirik A380 yoʻlovchi layneri kabi mashhur modellarni rivojlantirdi va ishlab chiqardi. Airbus innovatsiyalar va samarali taʼminot zanjiri orqali sezilarli bozor ulushini egallashga muvaffaq boʻldi.

Airbus kompaniyasi Yevropa samolyot ishlab chiqaruvchisi hisoblansa-da, yuridik nuqtai nazardan u Blanyak shahrida (Fransiyaning Tuluza shahri chekkasi) joylashgan fransuz yuridik shaxsidir.

Iqtisodiy koʻrsatkichlar

Boeing kompaniyasi 2023 yilda taxminan 76,6 milliard dollar daromad oldi, bu Boeing 737 MAX xavfsizligi bilan bogʻliq mojarolar va COVID-19 pandemiyasining taʼsiridan bosqichma-bosqich tiklanganini koʻrsatadi.

Boeing yangi texnologiyalarni ishlab chiqish, savdo va mudofaa samolyotlari bozoridagi ulushini kengaytirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Kompaniya Boeing 737 MAX kabi tor fyuzelajli samolyotlar ishlab chiqarishga asosiy eʼtibor qaratmoqda, mudofaa va kosmik sohalarda loyihalarni ishlab chiqmoqda.

Ammo Boeing soʻnggi yillarda 737 MAX inqirozi tufayli jiddiy yoʻqotishlarga duch keldi. Bu esa ishlab chiqarishni vaqtincha toʻxtatish hamda zarar koʻrgan aviakompaniyalarga tovon toʻlashga sabab boʻldi. Biroq kompaniya asta-sekin tiklanmoqda, yangi modellar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va mudofaa loyihalari uchun shartnomalar tuzish orqali oʻz rentabelligini kuchaytirmoqda.

Airbus oxirgi yillarda kuchliroq moliyaviy natijalar koʻrsatmoqda. Kompaniya daromadi taxminan 79,5 milliard yevro (taxminan 85 milliard dollar) boʻlib, u daromad boʻyicha Boeing’dan oʻzib ketdi. Airbus shuningdek, yoqilgʻi samaradorligi va yuqori ekologik standartlari bilan mashhur boʻlgan A320 neo tor fyuzelajli samolyotlarga katta sarmoya kiritmoqda va buyurtmalar boʻyicha yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, kompaniya xalqaro bozorlarda, jumladan, Osiyo va Yaqin Sharqda oʻz faoliyatini kengaytirmoqda.

Airbus soʻnggi yillarda barqaror daromad oʻsishini koʻrsatyapti, bu asosan A320 neo va A350 modellarining muvaffaqiyatli sotuvi hisobiga ekanini taʼkidlash kerak. A380 modelini dastlabki ishlab chiqarish qiyinchiliklariga qaramay, Airbus yoʻqotishlarni tejamkor modellar hisobiga qoplashga muvaffaq boʻldi. 2023 yilda kompaniya barqarorlik va yuqori operatsion samaradorlikni namoyish qilib, taxminan 4,6 milliard yevro sof foyda oldi.

Texnologik imkoniyatlar va eksklyuziv texnologiyalar

Boeing oʻz samolyotlarining yoqilgʻi tejamkorligini oshirish uchun innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqdi va joriy qildi. Boeing 787 Dreamliner yengil kompozit materiallaridan yasalgan boʻlib, ular samolyot vaznini kamaytirdi va aerodinamikasini yaxshiladi. Boeing, shuningdek, oʻz samolyotlarining raqamli integratsiyasini faol ravishda rivojlantirmoqda, bu esa yaxshiroq boshqarish va maʼlumotlarni tahlil qilishni taʼminlaydi.

Boeing kosmik texnologiyalar, raketalar, sunʼiy yoʻldoshlar va Xalqaro kosmik stansiya (XKS) loyihalarini ishlab chiqishda yetakchi hisoblanadi. Asosiy texnologiyalardan biri – ekipajlarni XKSga yetkazish uchun moʻljallangan Starliner tashuvchi raketasidir.

Airbus esa atrof-muhit texnologiyasi va barqaror rivojlanishga sodiq qolmoqda. Mazkur kompaniya uglerodsiz yangi samolyotlarni, jumladan, vodorodni asosiy yoqilgʻi manbai sifatida ishlatadigan ZEROe loyihasini ishlab chiqmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar kelgusi oʻn yilliklarda toza aviatsiyaga erishishni maqsad qilgan.

Airbus aviakompaniyalarga operatsion xarajatlarni optimallashtirish va texnik xizmat koʻrsatishni rejalashtirishda yordam beruvchi Skywise – maʼlumotlar tahlili platformasi kabi raqamli va avtonom texnologiyalarni joriy etish ustida faol ishlamoqda.

Afzalliklar va zaif tomonlari

Boeing afzalliklari:

• Mudofaa va kosmik sanoatda kuchli ishtirok.

• Tijoriy samolyotlarning keng assortimenti, jumladan 787 Dreamliner va 737 MAX kabi innovatsion modellar.

• Amerika aviakompaniyalari va davlat, hukumat va harbiy mijozlar bilan mustahkam aloqalar, yangi modellarning yuqori samaradorligi, kosmik sohada texnologiyalarni rivojlantirish.

Boeing kamchiliklari:

• Asosan Amerika bozori va siyosiy omillarga qaramlik.

• Boeing 737 MAX modelidagi xavfsizlik muammolari, yangi modellarni ishlab chiqarishdagi kechikishlar, keng fyuzelyajli samolyotlar sohasida yuqori raqobat tufayli obroʻ yoʻqotishi.

Airbus afzalliklari:

• Toza texnologiyalar va uglerodsiz samolyotlarni ishlab chiqishda yetakchilik.

• Yuqori samaradorlik va tor fyuzelyajli samolyotlarning muvaffaqiyatli modellari (masalan, A320 neo).

• Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida global mavjudlik va faol kengayish.

• Mahsulotlarni bozor talablariga moslashtirishda moslashuvchanlik.

Airbus kamchiliklari:

• Yevropa bozorlariga va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishga qaramlik.

• Keng fyuzelyajli samolyotlar sohasida Boeing kompaniyasining kuchli raqobat bosimi.

• Yangi modellarni ishlab chiqarishda kechikishlar, raqobatchilarga nisbatan ayrim modellarning yuqori narxdaligi bois marketing jozibadorligini yoʻqotish.

Kim eng ishonchli samolyotni ishlab chiqaradi?

Boeing 777 modeli deyarli chorak asr davomida birorta ham jiddiy halokatga uchramagan eng xavfsiz yoʻlovchi samolyotlari reytingida yetakchi hisoblanadi. Ushbu modeldagi 700 dan ortiq samolyotlar oʻn millionlab soat parvoz qilgan.

Umuman olganda, hech qachon "halokatga uchramagan" samolyotlar (bugungi kunda uchadiganlari) roʻyxatidan Airbus A350 (2015 yildan beri 347 dona ishlab chiqarilgan) va Boeing 787 Dreamliner (2011 yildan beri 939 dona) Airbus A380 (2007 yildan buyon 242 dona) modellari hisoblanadi.

Biroq dunyodagi eng xavfli samolyotlar roʻyxatida ham Boeing-737 modeli hisoblanadi. Sababi, 737 MAX avlodi yangi dvigatellar bilan jihozlangan, ularning diametri ilgari oʻrnatilganidan sezilarli darajada katta. Shu sababli, tortishish kuchaygan va koʻtarilish paytida samolyotning tumshugʻi tepaga koʻtarilib ketishga moyil boʻladi doim.

Ayniqsa, Boeing 737 Max modeli xavfsiz emas deb topilgan va 2019-2020 yillarda sodir boʻlgan 2 ta aviahlokatdan keyin ularda parvoz qilish toʻxtatilgan.

Eng xavfli samolyotlar roʻyxatining ikkinchi qatorida esa Airbus A-310 turadi. Ushbu samolyot bilan sodir boʻlgan avariyalarda jami 830 kishi halok boʻlgan.

Kimning mahsuloti mashhurroq?

Airbus kompaniyasi ketma-ket besh yil davomida Boeing’ga qaraganda koʻproq buyurtma olyapti 2023 yilda u 2319 ta buyurtma olgan, Boeing kompaniyasi esa 1456 ta buyurtma oldi xolos.

Oʻtgan yili sentabr oyida Wells Fargo bank va sugʻurta xolding kompaniyasi Boeing aksiyalari reytingini pasaytirgach, Airbus bozor kapitallashuvi boʻyicha amerikalik raqobatchisini ortda qoldirdi.

Bozorni zabt etish strategiyasi

Oʻtgan asrning 90-yillarigacha jahon samolyotsozlik sanoatida “oʻyinchilar” koʻp edi. Biroq Boeing 1997 yilda Amerikadagi asosiy raqobatchisi McDonnell Douglas kompaniyasini sotib oldi. AQShdagi Lockheed Martin va Convair, Yevropadagi British Aerospace, Fairchild Aircraft va Fokker kompaniyalari esa ularning mahsulotiga talab pasayishi va boshqa iqtisodiy muammolar tufayli bozordan chiqib ketishdi. Rossiya va Xitoy kompaniyalari haliyam bozorning juda arzimagan qismiga egalik qilishadi.

Natijada Boeing va Airbus jahon samolyotsozlik sanoatidagi yagona raqobatchi boʻlib qolishdi. Lekin ushbu 2 kompaniya bozorni zabt etish uchun turli strategiyalardan foydalanadi.

Masalan, Boeing yonilgʻi tejamkorligi va ekspluatatsiya xarajatlari past boʻlgan samolyotlarni yaratish va ishlab chiqarishga faol sarmoya kiritmoqda. Soʻnggi oʻn yilliklar davomida Boeing AQShda kuchli baza qurdi va American Airlines va Southwest Airlines kabi yirik aviatashuvchilar bilan mustahkam aloqalar oʻrnata oldi.

Airbus esa texnologik innovatsiyalar va barqarorlikka sodiq boʻlib, uglerod izini kamaytirish uchun bugungi kun talablariga javob beradigan yechimlarni taklif qiladi. Airbus, shuningdek, aviakompaniyalar yanada ekologik toza samolyotlarni qidirayotgan Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida oʻz ishtirokini faol ravishda kengaytirmoqda.

Marketing va reklama urushlari

Boeing va Airbus oʻrtasidagi marketing urushlari tarixi oʻtkir voqealarga toʻla. Ushbu ikki kompaniya nafaqat texnologiya va buyurtmalar sohasida raqobatlashadi, balki oʻzlarining afzalliklari va raqobatchisining kamchiliklarini koʻrsatish uchun reklama va media kampaniyalaridan faol foydalanadi.

Boeing oʻzining reklama kampaniyalarida koʻpincha "Amerika sifati", samolyotlarining ishonchliligi va chidamliligiga eʼtibor qaratadi. Raqibi ishlab chiqargan A380 modeli bilan bogʻliq muammolarga javoban, Boeing 787 Dreamliner modelining muvaffaqiyati va kam yoqilgʻi sarfini taʼkidlaydi.

Airbus ham chetda turmaydi, doimo oʻz samolyotlarining ekologik standartlari va ularning energiya samaradorligiga eʼtibor qaratadi. Oʻzining mashhur marketing hiylalaridan birida Airbus oʻz modellarining bir yoʻlovchisi uchun yoqilgʻi sarfini Boeing raqobatchilari bilan solishtirishni taklif etdi va ular ancha tejamkor ekanligini namoyish qildi.

Ikki kompaniya oʻrtasidagi subsidiyalar boʻyicha ommaviy kelishmovchiliklarni ham taʼkidlash kerak. Airbus kompaniyasi Boeing’ni AQSh hukumatidan noqonuniy subsidiyalar olganlikda ayblaydi. Boeing esa, oʻz navbatida, Airbus Yevropa Ittifoqidan nohaq yordam olayotganini taʼkidlaydi. Ushbu kelishmovchiliklar hatto Jahon Savdo Tashkiloti (JST) doirasida koʻrib chiqiladigan mavzuga aylangan edi.

Raqobat – taraqqiyot omili

Boeing va Airbus oʻrtasidagi kurashlar global aviatsiya rivojlanishida muhim rol oʻynayapti. Doimiy raqobat sharofati bilan ikkala kompaniya ham oʻz mahsulotlarini takomillashtirishda davom etmoqda, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va bozor strategiyasiga turli yondashuvlarni oʻylab topib, butun jahon aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda.

Boeing asosiy eʼtiborini aerodinamika va koinot sohasidagi innovatsiyalarga qaratayotgan boʻlsa, Airbus ekologik texnologiyalar va barqarorlikka urgʻu bermoqda. Ikkala gigant ham bozor talablariga moslashishda va yetakchi oʻrinlarni egallashning yangi usullarini izlashda davom etmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+