platina.uz

Eng ogʻir ahvoldagi mahallalar uchun 3,2 trln soʻm ajratiladi

"Kambagʻallikdan farovonlik sari" dasturi chora-tadbirlari doirasida 2025 yil 1 yanvardan boshlab kambagʻal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.

Jamiyat
26-oktabr 2024 yil
Eng ogʻir ahvoldagi mahallalar uchun 3,2 trln soʻm ajratiladi
Foto: "Platina.uz"

Oʻzbekiston Prezidentining "Kambagʻallikdan farovonlik sari" dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilindi.

Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining taklifiga asosan eng ogʻir ahvoldagi 1 000 ta mahallani tanlab, roʻyxatini shakllantirsin hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash dasturini 1 noyabrga qadar tasdiqlaydi. Bunda 2024-2025 yillarda mazkur mahallalarda tomorqa yerlarini sugʻorishni yaxshilash yoki ularda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini taʼminlash, internet sifatini oshirish, ichki yoʻllarni taʼmirlash va boshqa infratuzilmani yaxshilash maqsadlari uchun jami 3,2 trillion soʻm mablagʻlar ajratiladi.

Oʻn kun muddatda har bir tuman va shaharning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish sohalarida tadbirkorlikning rivojlanishiga turtki beruvchi 5 tadan "drayver" loyihalar roʻyxatini tasdiqlanadi va ularga zarur infratuzilmani yaratish uchun Davlat byudjetidan 2024-2025 yillarda 1 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Kambagʻal oilalar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, "Biznesga birinchi qadam" dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trillion soʻm, 2025 yilda 15 trillion soʻm kreditlar ajratiladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 noyabrga qadar oliy taʼlim muassasalariga davlat granti boʻyicha qabul kvotasini bosqichma-bosqich oshirish hamda kambagʻal oilalarning bilimli va iqtidorli farzandlari taʼlim olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab kambagʻal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi. 2025 yildan boshlab "El-yurt umidi" jamgʻarmasi tomonidan kambagʻal oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.

Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tuziladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+