Putin Tramp unga tahdid qilgan suhbatni eslolmasligini aytdi
Rossiya rahbari BRIKS sammiti yakunlari boʻyicha matbuot anjumani chogʻida Tramp tahdidi, Ukraina urushi va KXDR askarlari masalasiga izoh berib oʻtdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh sobiq rahbari Donald Trampning Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, Moskvaga zarba berish bilan tahdid qilganini eslolmasligini aytdi.
Tramp Wall Street Journal nashri jurnalistlari bilan suhbat chogʻida Putinga Moskvaga zarba berish bilan tahdid qilganini daʼvo qilgandi.
Putin BRIKS sammiti yakunlari boʻyicha matbuot anjumani chogʻida prezidentlik poygasi chogʻida aytilgan bunday bayonotlarni jiddiy qabul qilishning hojati yoʻqligini aytdi. Rossiya rahbariga koʻra, bunday tahdidlar mamlakatni uygʻotadi, xolos.
Shu bilan birga, Putin Trampning Ukrainadagi urushni toʻxtatish istagi haqidagi bayonotlarini samimiy deb bilishini taʼkidladi.
Putin bundan tashqari Ukrainadagi urush va KXDR askarlari borasidagi xabarlarni izohladi. Uning aytishicha, Rossiya real vaqt rejimidan kelib chiqib, muzokaralarga tayyor, qaror qabul qilish esa Ukraina tomonida qolmoqda.
Shuningdek, Kursk viloyatida bir oyda 26 ming ukrainalik askar oʻlgan, yana 2 mingi qurshovga tushdi, dedi Putin.
KXDR askarlari borasida esa Putin bu "bizning ishimiz" deya izoh berdi.