Shavkat Mirziyoyev BRIKS delegatsiyalari rahbarlarini qutlash marosimida qatnashdi
Tatariston raisi bilan uchrashuvda esa Oʻzbekiston yetakchisiga "Doʻstlik" ordeni topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi BRIKS sammitida ishtirok etayotgan delegatsiyalar rahbarlarini qutlash marosimida qatnashdi.
"Kazan Ekspo" xalqaro koʻrgazmalar markazida davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Marosimda bir qator mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Tadbirdan soʻng tantanali qabul marosimi oʻtkazildi.
24 oktabr kuni Oʻzbekiston yetakchisi "BRIKS plyus" formatidagi sammitning yalpi sessiyasida nutq soʻzlaydi.
Soʻngra Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston hududlarining Tatariston bilan oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasi va faol gumanitar almashinuv oʻzining amaliy natijalarini berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol muloqotlar va oʻzaro tashriflarni davom ettirish, Oʻzbekiston hududida qoʻshma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tatariston Respublikasining davlat mukofoti - "Doʻstlik" ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Yuksak mukofotni davlat rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov tantanali ravishda topshirdi.

Prezident ushbu orden bilan Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun mukofotlandi.
Mamlakat yetakchisi Tatariston rahbariga mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirib, soʻnggi yillarda oʻzaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Tatariston xalqiga ezgu tilaklarini bildirdi.