Qidiruvda boʻlgan sobiq mansabdor Turkiyadan Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi
Ushbu shaxs 2011-2013 yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan. Unga jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa ayblovlar qoʻyilgan.

1951 y.t. J. X. M. Istanbuldagi Bosh konsulxona xodimlari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasiga deportatsiya qilindi.
U Turkiya va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida joriy yilda Turkiyada qoʻlga olingan.
Ayblanuvchi 2011-2013 yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, oʻzgalarning mulkini juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib 2014 yildan buyon qidiruvda boʻlgan,
Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilish soʻraladi.
Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy taʼqib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qatʼiy taʼminlanadi, deyiladi konsulxona xabarida.