"Bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi"— Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi urush haqida
Oʻzbekiston rahbari "BRIKS plyus" sammitida "dunyo jadal boʻlinib borayotgani, jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlikni kuchaytirganini" taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” formatidagi sammitda nutq soʻzladi. Oʻzbekiston rahbari unda Isroil-Falastin mojarosiga toʻxtaldi.
— Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.
Bugungi kunda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardir. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda, deb hisoblaymiz-, dedi Prezident.
"Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal boʻlinib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, ogʻir iztirob va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda.
Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda.
Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega boʻlish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS oʻzini koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.
Oʻzaro aloqalarning bunday modeli Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan koʻra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligiga ishonamiz", deya taʼkidladi Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari Afgʻoniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam koʻrsatish zarurligini aytdi.