platina.uz
Iqtisod

Samarqandda Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi

Unda ikki davlat bosh vazirlari, barcha hududlar vakillari hamda forum doirasidagi davra suhbatida 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Samarqandda Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi

Samarqand shahrida 22 oktabr kuni Oʻzbekiston-Qozogʻiston toʻrtinchi hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida oʻtgan forumda ikki mamlakatning barcha hududlari vakillari hamda uning doirasidagi davra suhbatida 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Hududlar rahbarlari va tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni rivojlantirishga qulay sharoit yaratish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan forumda soʻnggi yillarda mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp asrli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy oʻsish kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Soʻnggi 7 yil ichida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida oʻzaro savdo aylanmasi deyarli 2,5 barobar oʻsib, oʻtgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etdi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida mingdan ziyod korxonalar, Qozogʻistonda esa – 3 600 dan ortiq Oʻzbekiston kapitali ishtirokida korxonalar oʻz faoliyatini yuritmoqda.

Forumda mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish choralari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Qayd etilganidek, bunda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishda hududlararo aloqalar haqiqiy harakatlantiruvchi kuch boʻlib xizmat qilmoqda.

Xususan, chegaradosh hududlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mangʻistau viloyati bilan, Toshkent viloyati Turkiston viloyati bilan, Navoiy viloyati Qiziloʻrda viloyati bilan toʻgʻridan toʻgʻri va yaqin aloqalar oʻrnatgan.

Chegaradosh boʻlmagan hududlar ham oʻzaro aloqalarni mustahkamlab, savdo-sotiq va sanoat kooperatsiya aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda.

Forumda hududlar orasida hali ishga solinmagan katta salohiyat borligi, qolaversa, toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni rivojlantirishga, oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga ham qiziqish juda yuqori ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston-Qozogʻiston toʻrtinchi hududlararo forumi yakunlari boʻyicha qator hujjatlar imzolandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid