Ikki oyda sayyor qabullarda 34 mingdan oshiq murojaat tezkor hal etildi
Murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, ichki ishlar idoralari faoliyati, tadbirkorlik va kredit ajratish, gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti, nafaqa va taʼlim bilan bogʻliq.

Prezident topshirigʻiga asosan Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligida chekka hududlarda Oliy sud, huquq-tartibot organlari, setor rahbarlari, “mahalla yettiligi” hamda tegishli tashkilot masʼullari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Jumladan, joriy yilning sentabr - oktabr oylarida tashkil etilgan ochiq muloqotlar davomida jami 64 mingga yaqin aholi qabul qilinib, 34 mingdan ziyodining muammolariga tezkorlik bilan yechim topildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 29 mingta ariza-shikoyatlar boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Qabullar davomida kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, ichki ishlar idoralari faoliyati, tadbirkorlik va kredit ajratish, gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti, moddiy yordam va bolalar nafaqasi, sogʻliqni saqlash sohasi, maktab va maktabgacha taʼlim masalalari, bandlikni taʼminlash kabi qator yoʻnalishlar bilan bogʻliq boʻldi.
Oliy sud raisi oʻrinbosarlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida sud sohasi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha 1 mingdan ziyod fuqarolar qabul qilindi.
Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanida boʻlib oʻtgan ochiq muloqotlarda taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jazo oʻtayotgan 61 nafar shaxs jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan aliment undirish yuzasidan 14 ta sud buyrugʻi chiqarilib, ijroga qaratildi. Shuningdek, yuridik faktni tasdiqlash haqidagi 2 ta fuqarolik ishi koʻrib chiqilib, ijobiy hal qilindi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan bir nafar voyaga yetmagan farzandi boʻlgan oilalar yarashtirildi.
Bosh prokuror oʻrinbosarlari tomonidan birgina Toshkent viloyati va Toshkent shahrida oʻtkazilgan sayyor qabullarda 200 ga yaqin fuqaroning murojaati tinglandi. Oʻtgan davr mobaynida kelib tushgan arizalar asosida Majburiy ijro byurosi fuqarolarning huquqlari tiklanishi maqsadida undiruvchilarga 5 milliard 190 million soʻm, fuqarolarga qarz va zarar undirish yuzasidan esa 6 milliard 264 million soʻm pul mablagʻlari undirib berilgan. Bundan tashqari, kompensatsiya undirish bilan bogʻliq murojaatlar boʻyicha 4,2 milliard soʻm pul mablagʻlari qoplangan.
Ichki ishlar oʻrinbosarlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan sayyor qabullarda 72 nafar fuqarolarning shikoyat va arizalari koʻrib chiqildi. Misol uchun, 1998 yil Turkmanistonda tugʻilgan Asilbek Bozorov avvalgi sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish masalasida murojaat qilgan edi. Bu safar uning masalasi qanoatlantirildi.

Adliya vaziri oʻrinbosarlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida sayyor qabullar oʻtkazilib, 278 nafar fuqaro qabul qilindi. Qabullarda, xususan, yer-joyni ijaraga olish, soliq maʼmurchiligi, kadastr hujjatlaridagi xatoliklar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ichki bozorga taklif qilinayotgan mahsulotlarga qoʻshimcha qiymat soligʻini qayta koʻrib chiqish singari muammolar eʼtibor markazida boʻldi.
“Hududgaztaʼminot” AJ rahbariyati ishtirokidagi sayyor qabullarda esa 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ochiq muloqotlar davomida yer osti gaz quvurlariga eʼtibor berish, yangi xonadonlarga zamonaviy hisoblagich oʻrnatish tartibi, qarzdorlik masalasi, tabiiy gaz bosimini yanada yaxshilash borasidagi koʻplab shikoyatlar oʻrganildi. Har bir oʻrganilgan murojaat yuzasidan ularning amaliy yechimlariga eʼtibor qaratildi. Ijobiy jihatdan hal etilishiga erishilgan boʻlsa, baʼzilari yuzasidan esa belgilangan tartib asosida tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonalari Mahallalar uyushmasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorligida aholi bilan xonadonbay asosida muloqot qilish, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik vakillarini biriktirgan holda ularning muammolarini hal etish, ijtimoiy koʻmaklashish, bandligini taʼminlash, yordamga muhtoj oilalarning iqtisodiy holatini yaxshilash boʻyicha manzilli ishlar olib borildi.
Jumladan, birgina Buxoro viloyatida oʻrganishlar davomida 191 nafar fuqaroga ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun 53 million soʻm moddiy yordam, 87 nafar fuqaroga 1,4 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi. 38 nafar fuqaro ishga joylashtirildi hamda 29 nafar yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida yer maydonlari ajratilgan boʻlsa, 24 nafar fuqaroga davolanishi uchun yoʻllanma berildi. 19 nafar fuqaroga tikuv mashinalari berildi va 3 nafar fuqaroga davolanishi uchun 15,2 million soʻmlik moddiy yordam ajratildi.
Sayyor qabullar joylarda davom etmoqda.