Germaniyada toʻrt kunlik ish haftasi ijobiy natija koʻrsatdi
Qisqa ish haftasi xodimlarning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilanganini koʻrsatdi. Tajribada qatnashgan korxonalarning katta qismi 4 kunlik iish haftasida qolmoqchi.

Germaniyada toʻrt kunlik ish haftasi sinovdan oʻtkazildi. Bloomberg agentligiga koʻra, natijalar qisqa ish haftasi xodimlarning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilashini koʻrsatdi.
Yangi Zelandiyadagi 4 Day Weak Global advokatlik guruhi tadqiqotni olib borish uchun Myunster universiteti va Berlindagi Intraprenor konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik qildi. Tajriba olti oy davom etdi, unda 45 ta kompaniya ishtirok etdi, ularning xodimlari kamroq ishlagan, ammo toʻliq maosh olgan.
Nafaqat xodimlar, balki ish beruvchilar ham samaraga guvoh boʻlishgan, ularning 70 foizi toʻrt kunlik jadval osonroq boʻlganini aytishdi. Oʻnga yaqin ishtirokchilar daromad va foydaning barqaror darajasini koʻrsatib, moliya haqida batafsil maʼlumot berdi.
"Endi juma kuni ishlashni xohlamayman. Men shunchaki xohlamayman. Juma aslida uchinchi dam olish kuniga aylandi. Boshqa variant boʻlmasagina ishlaysiz", dedi Solidsense tadbirlarini boshqarish kompaniyasi asoschilaridan biri Soren Frik.
Loyihada nemis olimlari soch namunalari yordamida stress gormoni kortizol darajasini oʻlchashdi, shuningdek, aqlli soatlar yordamida toʻplangan maʼlumotlarni tahlil qilishdi. Ular kompaniya xodimlari haftasiga oʻrtacha 38 daqiqa koʻproq uxlashlarini va jismoniy faolligini oshirishlarini aniqladilar.
Ishtirokchilarning aksariyati – 73 foizi tajriba yakunida toʻrt kunlik jadvalga toʻliq oʻtishga yoki sinov muddatini uzaytirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Biroq, barcha kompaniyalar tajribadan muvaffaqiyatli oʻtmadi: ulardan ikkitasi iqtisodiy qiyinchiliklar (ish vaqtining qisqarishi bilan bogʻliq emas) yoki xodimlarning kam qoʻllab-quvvatlanishini aytib, maʼlum bir nuqtada ishtirok etishdan bosh tortdi. Qolgan kompaniyalarning 20 foizi besh kunlik jadvalga qaytishga qaror qildi.
" Men hali ham Germaniyadagi barcha kompaniyalar toʻrt kunlik ish haftasiga muhtoj deb aytishni oʻrinli deb oʻylamayman", dedi Myunster universitetidan loyiha rahbari Juliya Backman.
Biroq, uning soʻzlariga koʻra, bu variant potensial xodimlar nazarida oʻzlarining jozibadorligini oshirishni xohlaydigan tashkilotlar uchun mumkin.
Deraza ishlab chiqaruvchi Eurolam korxonasida, besh kunlik jadvalga qaytish haqidagi xabar "hayratli jimlik" bilan kutib olindi, dedi boshqaruvchi direktor Xenning Reper. Uning soʻzlariga koʻra, eng uzoq vaqt ishlagan xodim toʻrt kunlik ish haftasini oʻz faoliyatida qilgan eng yaxshi ishi deb taʼriflagan.