Baxshichilik maktabi hisobchisi katta mablagʻni talon-toroj qilgani aniqlandi
U qarindoshini mavsumiy oʻt yoquvchi vazifasiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqartirishga erishib, toʻrt yil davomida unga va oʻziga asossiz ravishda ish haqi yozib kelgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudida katta miqdordagi byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilishda ayblangan hisobchiga nisbatan hukm oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Ayblanuvchi B.T. Baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internati bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan. U vakolatidan foydalanib, qarindoshi M.A.ni goʻyoki maktab-internati ishlashi haqida elektron dasturga kiritish, unga oylik ish haqi yozish, kelgusida oylik ish haqlarini oʻz ehtiyojlari uchun ishlatishni reja qilib, maktab internati direktori bilan oʻzaro jinoiy til biriktirgan. Natijada M.A.ni mavsumiy oʻt yoquvchi vazifasiga qabul qilish toʻgʻrisida 2021 yil 15 noyabrdan 2022 yil 15 martga qadar buyruq chiqarib olgan. Soʻngra aslida ishlamagan boʻlsa-da, “UZASBO” elektron dasturiga soxta maʼlumotlar kiritib, 2021, 2022, 2023 hamda 2024 yillar davomida amalda bajarilmagan ish uchun asossiz ravishda oʻziga va qarindoshi M.A.ga ish haqlari va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni yozib, jami 59 ta holatda 274.054.500 soʻmlik pul mablagʻlarini oʻtkazib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sudlanuvchi B.T.ning aybi, sudda oʻzining aybiga iqrorlik bildirib bergan koʻrsatuvidan tashqari, sudda soʻralgan fuqaroviy daʼvogar va guvohlarning koʻrsatuvi, hujjatli taftish dalolatnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar hamda jinoyat ishida toʻplangan boshqa hujjatlar bilan isbotlandi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, sudlanuvchiga JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Yetkazilgan 274 mln soʻmdan oshiq zarar davlat byudjetiga qaytarilishi belgilangan.
Sud ishi Oliy sud ochiq portalidan olindi.