Asila Mirzayorova Ijtimoiy himoya milliy agentligida ish boshladi
Paralimpiya oʻyinlari chempioni nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maxsus vakil sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Paralimpiya chempioni Asila Mirzayorova nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maxsus vakil sifatida ish boshladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
22 oktabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda para yengil atletika boʻyicha paralimpiya chempioni Asila Mirzayorova agentlikning nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maxsus vakili sifatida tanishtirildi.
"Agentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qoʻshildi. Biz Asila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi: Asila Mirzayorova agentlik maxsus vakili boʻldi" – dedi Ijtimoiy himoya agentligi raisi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Tadbirda soʻzga chiqqan paralimpiyada chempioni bildirilayotgan ishonch uchun oʻz minnatdorchiligini bildirdi:
"Men uchun nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va masʼuliyat. Bu vazifa menga nogironligi boʻlgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga oʻz hissamni qoʻshish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy toʻsiqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli aʼzosi boʻlishi kerak, deb ishonaman"- deya taʼkidladi paralimpiyada chempioni.
Eslatib oʻtamiz, Parijdagi paralimpiya oʻyinlarida Mirzayorova ayollar oʻrtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bellashuvlarida 5.24 metr natija qayd etgan holda Paralimpiya oʻyinlari rekordini yangiladi va oltin medalga sazovor boʻlgandi.