Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktabr kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi
Prezident Rossiya tomoni raisligida oʻtkaziladigan "BRIKS plyus" formatidagi yalpi sessiyada nutq soʻzlashi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putinning taklifiga binoan 23-24 oktabr kunlari BRIKS birlashmasi davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahrida boʻladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Rossiya tomoni raisligida oʻtkaziladigan "BRIKS plyus" formatidagi yalpi sessiyada nutq soʻzlaydi.
Uchrashuv kun tartibidan inklyuziv va barqaror taraqqiyotni taʼminlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, global siyosatning dolzarb jihatlari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, tashrif dasturida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
BRIKS birlashmasi 2006 yilda tashkil etilgan. Hozirda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Efiopiya uning aʼzolaridir.