Isroil Livandagi shifoxona ostida yarim milliard dollarlik oltin va pullar topilganini maʼlum qildi
Bu pullar "Hizbulloh"ga tegishli, deyiladi Isroil kuchlari xabarida. Shifoxona maʼmuriyati mazkur xabarni inkor etdi.

Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Bayrutda Sahel shifoxonasi ostidan "Hizbulloh" bunkerini topdi, u yerda guruhning 500 million dollar mablagʻi saqlangani aytilmoqda. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
"Bunker ataylab shifoxona ostiga qurilgan. Unda yarim milliard dollardan ortiq banknot va oltin bor", - deydi Isroil armiyasi vakili Daniel Xagariy.
Uning soʻzlariga koʻra, gap" Hizbulloh" marhum yetakchisi Hasan Nasrullohga tegishli boʻlgan inshootlardan biri haqida ketmoqda. Vakilning qayd etishicha, Isroil havo kuchlari hududni kuzatishda davom etmoqda va Isroil "Hizbulloh"ning moliyaviy operatsiyalariga aralashishda davom etadi.
Avvalroq Isroil Livandagi Qard al-Hasan tashkiloti bilan bogʻliq infratuzilmaga hujum qilgan, u Isroil iddaolariga koʻra, Hizbullohni moliyalashda ishtirok etgan.
1983 yilda tashkil etilgan Qard al-Hasan uyushmasi notijorat moliyaviy institut hisoblanadi. Isroilning aytishicha," Hizbulloh" tashkilotdan oʻz jangchilariga pul toʻlash va sanksiyalardan qochishda foydalanadi.
Sahel shifoxonasi rahbariyati esa mazkur bayonotni inkor etdi.
"Shifoxona davolash ishlarini amalga oshiradi, bu yerda bunker ham, tunnellar ham yoʻq", deyiladi xabarda.