Albaniya sobiq prezidenti qoʻlga olindi
2017-2022 yillarda mamlakatni boshqargan Ilir Meta korrupsiya, pul yuvish va mol-mulkni yashirishda ayblanmoqda.

Albaniya sobiq prezidenti Ilir Meta korrupsiya boʻyicha tergov doirasida qoʻlga olindi. Bu haqda mahalliy OAV va siyosatchilar xabar berdi.
Alban matbuotiga koʻra, Meta korrupsiya, pul yuvish va mol-mulkni yashirishda ayblanmoqda.
Metaning matbuot kotibi Tedi Blushi hibsni "jinoiy odam oʻgʻirlash" deb atadi va sobiq prezident advokati Genci Gyokutaj mijozi barcha ayblovlarni rad etishini aytdi.
Advokat boshqa tafsilotlarni keltirmadi, lekin ayblovlar korrupsiyaga aloqadorligini tasdiqlaydi, deya yozadi Reuters.
Mahalliy OAV maʼlumotlariga koʻra, siyosatchi poytaxt Tirana chekkasida mashinasini haydab, matbuot anjumaniga ketayotganida qoʻlga olingan.
Ilir Meta 2017-2022 yillarda Albaniya prezidenti boʻlgan, ungacha esa bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va parlament spikeri lavozimlarida ishlagan.