Toshkentda 14 mingga yaqin pulli avtoturargoh manzillari tasdiqlandi
Ushbu manzillar toʻliq avtomatlashtiriladi, videokuzatuv qurilmalari oʻrnatiladi, imtiyozli foydalanish imkoniyati mavjud boʻladi.

Toshkentda 14 mingga yaqin pulli avtoturargoh oʻrni qurilishi rejalashtirilmoqda.
Kelgusida esa jami 84 mingta parking maydoni tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. Bu haqda shahar hokimi qarori qabul qilingan, deyiladi hokimlik xabarida.
Poytaxt hokimining yangi qarori quyidagi maqsadlarni nazarda tutmoqda:
- Transport infratuzilmasini yaxshilash;
- Tirbandliklarni kamaytirish;
- Jamoat transporti va mikromobillikning jozibadorligini oshirish;
- Haydovchilar va piyodalar uchun qulaylik yaratish.
Pulli avtoturargohlarning afzalliklari quyidagilar: ular toʻliq avtomatlashtiriladi, videokuzatuv qurilmalari oʻrnatiladi, imtiyozli foydalanish imkoniyati mavjud boʻladi.
Pulli avtoparkinglar uchun maydonlar e.auksion.uz platformasiga joylanadi va tadbirkorlar uni uzoq muddatli ijara huquqi asosida sotib olsa boʻladi.
Avvalroq Toshkentda pulli avtoparkinglar narxlari tasdiqlangandi. Parking hududlari 5 ta tarif zonasiga boʻlinadi va eng arzon narx 5 ming soʻmni tashkil etadi.