Toʻrtta vazirlikdagi 160 nafar xodim tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur masala yuzasidan vazirliklarga taqdimnoma kiritdi. Ushbu xodimlarga ogohlantirish xatlari berilgan.

Aksilkorrupsiya agentligi toʻrt vazirlikda ishlovchi davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi holatlariga chek qoʻyilgani boʻyicha xabar berdi.
Agentlik tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Togʻ-kon sanoati va geologiya, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Energetika vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari oʻrganilganda 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik subʼektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.
Jumladan:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining 72 nafar xodimi 79 ta;
- Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining 59 nafar xodimi 60 ta;
- Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta;
- Energetika vazirligining 7 nafar xodimi 8 ta tadbirkorlik subʼektida taʼsischi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi maʼlum boʻldi.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha mazkur vazirliklarga Agentlikning taqdimnomalari kiritildi.
Oʻz navbatida, vazirliklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan holda tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari hozirda bartaraf etilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, davlat fuqarolik xizmatchilariga "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida"gi, "Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida"gi
qonunlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish taqiqlangan.