Prezident poytaxt drenaj tizimi ishiga qatʼiy eʼtiroz bildirdi
Kuni kecha boʻlgan kuchli yomgʻir Toshkentdagi haqiqiy ahvolni koʻrsatgan. Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sunʼiy havzalar bilan birga qurish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident davom etayotgan yigʻilishda Toshkent shahridagi holatga alohida toʻxtaldi.
Poytaxtning drenaj tizimi ishiga qatʼiy eʼtiroz bildirildi, kuni kecha boʻlgan kuchli yomgʻir haqiqiy ahvolni koʻrsatgani qayd etildi.
Drenajni toʻgʻirlashni oʻzi yetarli emasligi, suvni havzalarda toʻplash tizimini qilib, daraxtlarni sugʻorishga ishlatish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Umuman, poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib oʻzi hal qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, poytaxtda daraxtlarning kasallanishi ham koʻpaygani qayd etildi.
Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sunʼiy havzalar bilan birga qurish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident keyingi yilda “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard soʻm ajratilishini eʼlon qildi.
Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sugʻorish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sugʻorish tizimi boʻyicha 2 ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda sugʻorish tizimi yaratish uchun 1 tadan quduq qazishga ruxsat beriladi. Gʻallaorol tumanidagi togʻlarda qor-yomgʻir suvini yigʻuvchi 10 ta geo-membrana oʻrnatilib, daraxtlarni sugʻorish tizimi yaratiladi. Bahorda 14 ta tumanning togʻ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.
Viloyat hokimliklariga “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha yashil bogʻ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi.
Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qoʻyilib, daraxt turlari boʻyicha tavsiya va ularning narxi koʻrsatiladi. Bunda, parvarishlashda masʼuliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish boʻlimlarini 20 tadan sugʻorish mini-texnikasi bilan taʼminlash topshirildi.