platina.uz
Jamiyat

Besh yuzdan oshiq ovqatlanish muassasalarida turli kamchiliklar aniqlandi

Oʻrganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 75 foizida taomnoma davlat tilida boʻlmagan. 

Besh yuzdan oshiq ovqatlanish muassasalarida turli kamchiliklar aniqlandi

500 dan oshiq kafe va restoranlarda turli kamchiliklar aniqlandi.

Raqobat qoʻmitasiga joriy yilning oʻtgan davri mobaynida isteʼmolchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida (restoran kafe, oshxona va bufet) koʻrsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qoʻllash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

Raqobat qoʻmitasi hamda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida oʻrganish ishlari olib borildi.

Olib borilgan oʻrganishlarda, umumiy ovqatlanish subʼektlari tomonidan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishda ovqat tayyor boʻlish vaqti, narxi va toʻlash shartlari haqida toʻgʻri tushunarli maʼlumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari koʻrsatilmaganligi, yoʻl boʻyida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar shular jumlasidandir.

Shuningdek, oʻrganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:

524 tasida - (75%) taomnoma davlat tilida emas;

480 tasida - (69 %) ish rejimi koʻrsatilmagan;

449 tasida - (65 %) narxnomalar mavjud emas;

429 tasida - (62%) avtoturargohlar mavjud emas;

519 tasida - (74,6 %) favqulodda vaziyatlari uchun chiqish yoʻlaklari mavjud emasligi aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda maʼlumotlar kiritildi.

Maʼlumot uchun: Ushbu sohani tartibga soluvchi quyidagi meʼyoriy hujjatlarda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish uchun yetarli asoslar belgilangan:

-“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun;

- Vazirlar Mahkamasining 13.02.2002 yildagi 75-son qarorida Umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalari;

- Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Adliya vazirligidan 20.08.2022 yilda 104-raqami bilan qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan Umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari va Umumiy ovqatlanish xizmatlari Umumiy ovqatlanish korxonalari klassifikatsiyasi va umumiy GOST 30389-2013 talablari.

- Sogʻliqni saqlash vazirining Adliya vazirligi tomonidan 29.08.2012 yilda 2387-raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan buyrugʻi bilan tasdiqlangan xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizomi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid