Avtomobillar sifati va nosozligi boʻyicha 900 ga yaqin shikoyat hal etildi
Navoiyda sotilgan avtomashina rulida isitish moslamasi boʻlmagan, Xorazmda esa kechikkan ulov uchun kompensatsiya toʻlanmagan.

Raqobat qoʻmitasi yil boshidan buyon avtomobillarga oid 900 ga yaqin shikoyat hal etilganini bildirdi.
Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari joriy yilning yanvar-sentabr oylarida fuqarolardan avtomobillar, ularni sifati, yetkazib berish muddatlarining kechikishi, ehtiyot qismlaridagi nosozliklar va ularni kafolat muddatida taʼmirlashda muammolar yuzaga kelgani boʻyicha 900 ga yaqin murojaat hal etgan.
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.O. yetkazilgan avtomashinaning ehtiyot qismida moslamaning mavjud emasligi boʻyicha shikoyat qilgan.
Oʻrganishlar jarayonida fuqaro 2024 yil avgust oyida 230 mln soʻmga “BILLUR AVTO SAVDO NAVOIY” MChJdan “TRACKER-2” avtomashinasi xarid qilish boʻyicha shartnoma tuzgani, ammo avtomashinaning boshqaruv rulining isitish moslamasi yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga avtosalon tomonidan 535,4 ming soʻm ortiqcha olingan mablagʻ qaytarib berilishi taʼminlandi.
Yangiariq tumanida yashovchi S.M.ning oʻz turmush oʻrtogʻi nomiga “AVTO-LAYNER XORAZM” MChJ bilan shartnoma boʻyicha “GENTRA” rusumli avtomobil uchun 146 mln soʻm toʻlovni amalga oshirganligi, avtomashina esa kechiktirib yetkazib berilgani, ammo unga jamiyat tomonidan bir yildan buyon kompensasiya pullari toʻlab berilmayotganligi boʻyicha murojaat qilgan.
Buxorolik fuqaro X.H.dan tushgan murojaat oʻrganib chiqilganida “BUXOROAVTOTEXXIZMAT” MChJdan “TRASKER-2” rusumli avtomashinasi sotib olingani, ammo avtomashina hujjatlarini rasmiylashtirilganda xatolikka yoʻl qoʻyilgani, fuqaroning korxonaga qilgan murojaatlari hal etilmagani maʼlum boʻldi.
Oʻrganishlar natijasida hududiy boshqarma saʼy-harakati bilan xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan “TRASKER-2” rusumli avtomashinasiga berilgan hisob-maʼlumotnomasidagi vin raqami tuzatib berilib, isteʼmolchining murojaati ijobiy hal etildi.
Toshkent viloyati boshqarmasiga "DRIVERS VILLAGE BEKOBOD” MChJ dilerlik korxonasi xizmatidan fuqaroning eʼtirozli murojaati kelib tushgan. Ushbu murojaatda, mazkur jamiyatdan xarid qilingan “DAMAS” rusumli avtomashinasi nuqsonli boʻlgani va uni sifatlisiga almashtirishda muammoga uchrayotgani bayon qilingan.
Oʻrganishlar natijasida, “UZAUTO MOTORS” AJ kompaniyasining “DRIVERS VILLAGE BEKOBOD” MChJ dilerlik korxonasi “DAMAS” avtomashinasini qayta koʻrikdan oʻtkazib, nuqsonini aniqlagan va qonunchilikda oʻrnatilgan tartib asosida yangi avtomashinaga almashtirilib berilishi taʼminlandi.
Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Yu. avtosalondan ONIX LT avtomashinasi sotib olganligi, lekin ushbu avtomashina nosoz boʻlib chiqqanligi, taʼmirlab berishi soʻralganida arizasi qanoatlantirilmaganligi va hech qanday natija boʻlmaganligidan norozi boʻlib yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi.
Boshqarma xodimlari tomonidan amalga oshirgan ishlar natijasida avtoservis xodimlari tomonidan avtomashinadagi nosozlik bepul taʼmirlab berilib, isteʼmolchi huquqi tiklanishiga erishildi.
Yana bir holatda fuqaro Sh.Yu. tomonidan sotib olingan yangi “TRACKER-2 LTZ” rusumli avtomashinasi texnik jihatdan (dvigatel qismi) nosozligi sababli xuddi shu rusumdagi avtomashinaga almashtirib berilmayotgani yuzasidan amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Fuqaro murojaatini toʻliq oʻrganish maqsadida, “AVTO BINOKOR SERVIS” MChJga qarashli avtosalon tomonidan mazkur avtomashina texnik koʻrikdan oʻtkazildi va uning dvigatelida nuqsoni borligi aniqlandi.
Natijada “AVTO BINOKOR SERVIS” MChJga qarashli avtosalon tomonidan avtomobilga yangi dvigatel oʻrnatilib, avtomobilning sozligi taʼminlandi.