Kvadroberlik oʻzi nima? Uning psixologik jihatlari
Mazkur harakat ishtirokchilari asosan bolalar va oʻsmirlar boʻlib, ular ota-onasi, yaqinlari yoki jamiyatga oʻz fikrini aytishga uyalsa, jurʼat qilolmasa, mana shu yoʻsinda soʻz aytishadi.
Oxirgi paytlarda Oʻzbekistonda kvadroberlar harakati paydo boʻlgani haqida shov-shuv koʻtarildi. Bu harakat ixlosmandlarini dunyodagi eng yovuz odamlarga mengzashdi. Mamlakatdagi barcha muammolarda oʻshalarni aybdor qilishdi. Qonuniy jazo bilan qoʻrqitishdi. Mubolagʻa qilib aytganda, kvadroberlar boʻlmasa, ancha farovonroq va tinchroq yashashimiz mumkinligi uqdirildi.
Bu harakatga qarshi taraflarning yagona argumenti – goʻyoki kvadroberlar koʻchada odamlarga tashlanib, qoʻrqitib-tishlab zarar yetkazishi mumkin emish. Judayam kuchsiz va munozarali bahona, shunday emasmi? Chunki har qanday odam bu ishni qilishi mumkin, hatto kaltaklashi yoki oʻldirishi ham mumkin.
Maʼlumot uchun aytish kerak, kvadroberlar (inglizcha - quadrobists, quadrobers, bu atama aslida lotincha quattuor — toʻrt va inglizcha aerobics — aerobika soʻzlaridan olingan) – bu hayvonlarning xatti-harakatlari va odatlariga taqlid qiluvchi odamlarning, asosan bolalar va oʻsmirlarning ijtimoiy harakati bilan tavsiflangan hodisa. Ular mushuk yoki it kabi hayvonlarning kostyumlari va niqoblarini kiyib, toʻrt oyoqlab yurishadi. Ushbu harakatning paydo boʻlishi uning psixologik ildizlari va jamiyat uchun oqibatlari haqida odamlarda qiziqish uygʻotishi va savollar tugʻdirishi tabiiy.
Kvadroberlikning psixologik sabablari va motivatsiyasi
Kvadroberlikka oʻz-oʻzini ifoda etish va oʻzligini (identifikatsiyasini) izlash usuli sifatida qarash mumkin, bu ayniqsa oʻsmirlar uchun muhim. Bu yoshda ular koʻpincha oʻz "men"ni izlaydi, boshqalardan ajralib turishga va oʻzlarining individualligini namoyish qilishga intilishadi.
Hayvonlarningxatti-harakatlariga taqlid qilish orqali ular oʻzlarining his-tuygʻularini oddiy inson roliga qaraganda erkinroq ifoda etishlariga ishonishadi.
Kvadroberlikka qiziqishning ehtimoliy sabablaridan biri – bu shafqatsiz reallik va jamiyat bosimidan (societal pressure) qochish istagi boʻlishi mumkin. Hayvonlarga taqlid qiladigan xulq-atvor bolalarga jamiyat qoidalari va talablari unchalik qatʼiy belgilanmagan muhitda oʻzlarini xavfsizroq va tushunarliroq his qilishlariga imkon beradi. Bundan tashqari, bu harakatga oid boʻlish – stressdan xalos boʻlish yoki ichki nizolarni hal qilish uchun ham xizmat qilishi mumkin.
Kvadrober boʻlishdan nima foyda?
Kvadroberlar uchun ularning harakatlari bir nechta maqsadlarga ega boʻlishi mumkin:
1. Oʻzini namoyon qilish va kreativlik: hayvonlarning liboslari va xatti-harakatlari orqali ular oʻz shaxsiyati va ijodiy gʻoyalarini ifoda etishlari mumkin.
2. Jamoa tashkil etish, ijtimoiy yakdillik: kvadrobing koʻpincha oʻxshash qiziqishlarga ega odamlarni birlashtiradi. Ishtirokchilarning bir-birini qoʻllab-quvvatlashi va oʻzaro gʻamxoʻrlik qilishi – kuchli ijtimoiy birdamlikni yaratadi.
3. Ijtimoiy tashvishni yengish: Baʼzi bolalar muloqot qilishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin va ular rol oʻynaydigan hayvonlar orqali boshqalar bilan qulayroq muloqot qilish yoʻlini topishadi. Yaʼni bola oʻz meni orqali muloqot qilishdan uyalsa, oʻz soʻzlari va harakatlari uchun javobgarlikdan qochsa, oʻzini shu hayvonlar orqali taqdim etadi. “Men emas, mushukcha gapiryapti yoki yuguryapti” qabilida fikrlash unga ruhiy komfort bagʻishlaydi.
Bunday xatti-harakatlar qoʻllab-quvvatlanadigan va ommalashtiriladigan onlayn jamoalar va platformalarning mavjudligi yoshlar oʻrtasida kvadroberlik harakatining tez tarqalishiga yordam beradi.
Kvadroberlik bilan shugʻullanish – bir jihatdan, psixologiyadagi “qoʻgʻirchoq terapiyasi” (Muppet Therapy) uslubiga oʻxshaydi.
Qoʻgʻirchoq terapiyasi – art-terapiyaning uslublaridan biri boʻlib, qoʻgʻirchoqdan psixokorreksiya vositasi, bola va kattalar muloqoti uchun ular oʻrtasidagi vositachi obʼekt sifatida qoʻllab, asosan bolalar va oʻsmirlarga psixologik yordam koʻrsatishdir.
Bu uslub bolalarda ogʻriqli kechinma va xotirlarga ishlov berish va bartaraf etish, ularning ruhiy salomatligi va ijtimoiy adaptatsiyasi (moslashuvchanligini) mustahkamlash, jamoadagi nizoli holatlarni bartaraf etish uchun qoʻllaniladi.
Qisqa qilib aytgada, bola tortinchoq va uyatchan boʻlsa, kattalar bilan gaplashishga, ulardan biror narsani soʻrashga jurʼat qila olmasa, buni qoʻgʻirchoq vositasida amalga oshirishi mumkin.
Baʼzan “ventrilogiya”ga (ruscha – chrevoveщaniye, inglizcha Ventriloquism yoki lotincha "oshqozondan ovoz") ham qoʻgʻirchoq terapeyasining boshqa bir yoʻnalishi sifatida qarashadi. Bunda odam bir qoʻliga ichi boʻsh qoʻgʻirchoqni kiyib yuradi, lablarini qimirlatmasdan, ogʻzini ochmasdan va qornidan gapirib, goʻyoki shu qoʻgʻirchoq gapirayotgandek taassurot uygʻotadi. Qoʻgʻirchoq oʻynatuvchi shu qoʻgʻirchoq orqali tashqi olam bilan muloqot qiladi.
Jamiyatga zarar keltirishi mumkinmi?
Bir qarashda kvadroberlik bilan shugʻullanish zararsiz xobbidek tuyulsa-da, bu jamiyatga salbiy taʼsir koʻrsatishi ham mumkin:
1. Ijtimoiy izolyatsiya: oʻsmirlar oʻz davrasida vaqt oʻtkazishni afzal koʻrsa, bu jamiyatdan tashqaridagi odamlar bilan muloqot qilishdan qochib, bunday faoliyatga jalb qilish ijtimoiy izolyatsiyaga olib kelishi mumkin.
2. Tushunmovchilik va stigma: bu harakat bilan tanish boʻlmaganlar harakat aʼzolarini gʻalati yoki deviant shaxs sifatida qabul qilishlari mumkin, bu esa stigmatizatsiya va salbiy munosabatga olib keladi.
3. Jamoatchilik xulq-atvori normalarini buzish: kvadroberlarning jamoat joylarida hayvonlarga taqlid qilish bilan bogʻliq boʻlgan xatti-harakatlari ijtimoiy normalarni buzishi va boshqalarning noroziligiga sabab boʻlishi mumkin.
Bolalar nega qiziqmoqda?
Kvadroberlikka qiziqish – bolalarning ularga yetishmayotgan qoʻllab-quvvatlash va bor holicha qabul qilishlariga intilishlari bilan bogʻliq. Buni oilasida yoki doʻstlari davrasida topmagan bolalar shu kabi jamolarning aʼzosi boʻlishga intilishadi. Ular bu jamoada oʻz hamfikrlarini topishadi, bu ularga oʻzlarini kattaroq narsaning bir qismidek his qilishlariga va yolgʻizlik hamda tushunmovchilik tuygʻusidan xalos boʻlishga yordam beradi. Bu, shuningdek, yoshlarga xos “isyonkorlik” ambitsiyalarini qondirish, jamiyat tomonidan oʻrnatilgan anʼanaviy meʼyorlar va kutilmalarga qarshi norozilik vositasi sifatida shunday jamoalarga qoʻshilishni tanlashlariga sabab boʻladi.
Ijtimoiy nuqtai nazaridan, kvadroberlikning rivojlanishi ijobiy va salbiy oqibatlarga ega:
Ijobiy jihatlar
Bunday ijtimoiy harakatlar bagʻrikenglik va oʻzini ifodalashning (identifikatsiya) turli shakllarini tushunishni oʻrgatadi, bu esa pirovardida yanada ochiqroq va tolerantroq jamiyat shakllanishiga olib keladi.
Salbiy jihatlar
Real hayot voqeligidan qochib, bunday submadaniyatlarga oʻtishni tanlagan odamlar sonining koʻpayishi real dunyoda oʻzaro muloqotning zaiflashuviga va ijtimoiy hamjihatlik va birdamlikning pasayishiga olib kelishi mumkin.
Bir necha soʻz bilan aytganda...
Kvadroberlik – oʻzlikni izlash, oʻzini namoyon qilish va ijtimoiy bosimdan qochish istagi bilan bogʻliq boʻlgan murakkab ijtimoiy hodisa. Ushbu harakatning psixologik jihatlarini tushunish – uning sabablari va oqibatlarini yaxshiroq anglashga yordam beradi, shuningdek, bu dunyoda oʻz oʻrnini qidirayotgan bolalar va oʻsmirlarni qoʻllab-quvvatlash strategiyasini ishlab chiqishga turtki boʻladi.