Hindistonda islomofobiya kuchaymoqda
Hindistonning kelajagi koʻp jihatdan hukmron partiya siyosatiga, shaxsan Modining siyosiy irodasiga va jamiyatning diniy murosasizlik hamda millatlararo mojarolar bilan bogʻliq muammolarni yenga olish qobiliyatiga bogʻliq.
Hindiston – musulmon aholisi koʻpligi boʻyicha dunyodagi ikkinchi eng katta davlat. 2024 yil holatiga koʻra, Hindistonda taxminan 200 mln musulmon bor, bu mamlakat umumiy aholisining (taxminan 1,4 mlrd) qariyb 14 foizini tashkil qiladi. Biroq Hindistonda musulmonlar koʻpligiga qaramay, soʻnggi yillarda musulmonlarga qarshi siyosiy harakatlar bilan birga zoʻravonlik, diskriminatsiya va islomofobiya kuchaygan.
Islomofobiyakuchayishiningsabablari
1. Hukmron partiya BJP (Bharatiya Janata Party) siyosati va mafkurasi:
Bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi BJP hind millatchiligi (Hindutva) mafkurasiga amal qiladi, bu Hindistonni faqat hind davlatiga aylantirishni maqsad qilgan. Bu mafkura musulmonlarni “begona” va manfaati va madaniyati Hindistonning hind anʼanalariga zid boʻlgan ozchilik deb biladi.
Modi 2014 yilda hokimiyat tepasiga kelgach, 2019 yilgi saylovlardagi keyingi gʻalabalaridan beri BJP hind millatchiligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, lekin musulmonlarga qarshi ritorikasini kuchaytirdi. Modining ishonchli shotirlaridan biri, Uttar-Pradesh shtatining bosh vaziri Yogi Adityanatx kabi yetakchilar musulmonlarga qarshi provokatsion bayonotlar berish va ularni kamsitish siyosatini faol qoʻllab-quvvatlash bilan mashhur. Masalan, u chiqishlaridan birida “musulmonlar Hindistonda bekor qolishgan, ular ketishlari kerak edi” degan.
2. Bahsli qonunlar va siyosatlarni qabul qilish:
Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun (CAA) 2019 yilda qabul qilingan boʻlib, u qoʻshni mamlakatlardan kelgan noqonuniy muhojirlarga fuqarolikni beradi, lekin musulmon boʻlsa berilmaydi. Bunday diniy kamsitish ommaviy noroziliklarga sabab boʻldi va ular kuch bilan bostirildi.
Oʻsha yili Jammu va Kashmirning maxsus maqomi (Konstitutsiyaning 370-moddasi) bekor qilindi, bu esa asosan musulmonlar yashaydigan ushbu mintaqada keskinlikni kuchaytirdi va qattiq xavfsizlik choralari koʻrilishi va inson huquqlarining buzilishiga olib keldi.
3. Olomonni gij-gijlash va zoʻravonlik:
Soʻnggi yillarda hindlarning musulmonlarga qarshi radikal zoʻravonliklari, jumladan, mol goʻshti yeyishda ayblovlari va masjidlarga hujumlar koʻpaygan. Aksariyat hodisalar jazosiz qolib, ekstremistlar orasida jazosizlik hissini kuchaytiradi.
Hindiston inson huquqlari tashkilotlariga koʻra, 2014 yildan beri bunday hujumlar natijasida 100 dan ortiq musulmon halok boʻlgan va minglab odamlar jarohatlangan.
Islomofobiya va taʼqiblarning oqibatlari
BJP va uning tarafdorlari, shaxsan Modining xatti-harakatlari, bayonotlari va siyosiy qarorlari oqibatida jamiyatda qutblanish kuchaymoqda. Islomofobiyaning kuchayishi Hindistondagi musulmon va hind aholisi oʻrtasidagi ziddiyatning kengayishiga olib keldi. Jamiyatda odamlar orasida oʻzaro ishonchsizlik va dushmanlik kayfiyati kuchaymoqda, bu esa koʻp madaniyatli va koʻp konfessiyali davlat asoslariga putur yetkazmoqda.
Hindiston jamiyatidagi hind millatchiligi siyosati taʼlim, ish va ijtimoiy hayotda segregatsiyaga olib keladi, bu yerda musulmonlar kamsitish va teng imkoniyatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Masalan, yaqinda chiqqan talabga koʻra, doʻkonlarda va xizmat koʻrsatish nuqtalarida ishlovchilarning ism-familiyalari koʻrinarli joyda yozib qoʻyilgan boʻlishi lozim. Bu ham vahshiy hamda johil hindlar olomoni vayron qilishi va oʻldirishi “mumkin” boʻlgan tadbirkorlik subʼektlari va musulmonlarni oson belgilab olishga xizmat qilishi uchun oʻylab chiqarilgan deyilmoqda.
Hindiston hukumati va ektremist hind aholining musulmonlarning huquqlarini poymol qilayotgani va ozchilik aholini repressiya qilayotgani uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidga uchramoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar Hindistonni inson huquqlari va demokratiya tamoyillarini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Amnesty International va Human Rights Watch Hindiston hukumatining musulmonlarga nisbatan ochiq dushmanona harakatlarini bir necha bor qoralab, bunday harakatlar demokratik qadriyatlar va inson huquqlariga zid ekanini taʼkidlagan.
Hindistondagi bunday nosogʻlom vaziyat Hindistonning investitsion jozibadorligi pasayishiga olib keladi. Koʻpgina xalqaro kompaniyalar va investorlar siyosiy beqarorlik va dinlararo mojarolardan uzoqroq turishni maʼqul koʻrishadi chunki.
Istiqbolda (agar shunga jurʼat qiilishsa) Islom davlatlarining iqtisodiy sanksiyalari va boykotlari ham Hindistonning iqtisodiy ahvolini yomonlashtirishi mumkin, chunki musulmon davlatlari dunyodagi muhim savdo hamkorlari va energiya yetkazib beruvchi subʼektlar hisoblanadi.
Afsuski, hozircha bunday amaliy va taʼsirchan qadamlar kuzatilgani yoʻq. Masalan, BAAda ulkan hind ibodatxonasi qurildi va Modi va uning delegatsiyasi izzat-ikrom bilan kutib olindi.
Shuningdek, hind delegatsiyasi Saudiya Arabistonining ham aziz mehmoni. Shu yil yanvar oyida hindistonlik nomusulmon amaldorlar muqaddas Madina shahrida mehmon qilingan.
Islomofobiya kuchayishida Bosh vazir Narendra Modining roli
Narendra Modi Hindistonda islomofobiyani kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi. U qonunsizliklarga panja orasidan qarashi va hind millatchi tashkilotlarini bilvosita qoʻllab-quvvatlashi orqali musulmonlarga qarshi ritorika odatiy holga aylangan muhit yaratmoqda. Uning hukmronligi davrida, 2014 yildan boshlab, hukumat siyosati va ritorikasi musulmon aholiga nisbatan tajovuzkorlashib ketyapti.
Masalan, yaqinda ikki nafar johil hind ekstremisti masjidga bostirib kirib musulmonlarni haqorart qilgan va oʻz but va ilohlarini ulugʻlagan shiorlarni baqirgan edi. Yaqinda sud ularni oqladi va bunday ahmoqona harakatlar qonunchilikda taqiqlanmasligi belgilab qoʻyildi. Bundan buyon istagan hind masjidga kirib bilgan ishini qilishi mumkin: istasa oʻzi xudo sanaydigan sigirni yetaklab kiradi, istasa oʻzi yasagan ilohlarini olib kirib joylashtiradi.
Modi kamdan-kam hollarda musulmonlarga nisbatan zoʻravonlikni yoki radikallar faoliyatini qoralaydi va uning partiyasi BJP oʻz tarafdorlarini safarbar qilish va siyosiy maqsadlarga erishish uchun musulmonlarga qarshi kayfiyatdan faol foydalanadi. Bu pozitsiya Hindistonda ham, xorijda ham xavotir uygʻotmoqda.
Modi davrida bir qancha masjidlar turli bahonalar bilan buzib tashlandi. Hijob, namoz va diniy maʼruzalarga qarshi hukumat miqyosida kurash va taʼqib boshlandi. Masalan, Bobur qurdirgan masjid, bu yerda qadim zamonlarda Krishna ibodatxonasi boʻlgan, degan bahona bilan buzib tashlanib, hind ibodatxonasi qurildi.
Prognozlar va ehtimoliy ssenariylar
1. Musulmonlarga bosim yanada kuchayadi:
Hindiston hukumati kelgusi yillarda musulmonlarga nisbatan kamsitish siyosatini, jumladan, qonunchilik va xavfsizlik siyosatini kuchaytirishda davom etishi mumkin. Bu esa adolatsizlik va zulm tuygʻulari ostidagi musulmon jamiyati oʻrtasida radikallashuvning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
2. Xalqaro bosim va sanksiyalar:
Agar vaziyat yanada yomonlashsa, Hindiston xalqaro bosimga, jumladan, Gʻarb va islom davlatlarining sanksiyalari yoki diplomatik cheklovlariga duch kelishi mumkin. Bu mamlakat iqtisodiyoti va global imijiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tayin.
3. Siyosiy safarbarlik va norozilik namoyishlari:
Hindistondagi musulmonlar jamiyati norozilik harakatlarini kuchaytirishi va ularning huquqlarini himoya qilish uchun xalqaro tashkilotlar bilan muvofiqlashtirishni tezlatishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, musulmonlar oʻrtasida siyosiy faollikning oshishiga va demokratik jarayonlardagi ishtirokining ortishiga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, Hindistonning kelajagi koʻp jihatdan hukmron partiya siyosatiga, shaxsan Modining siyosiy irodasiga va jamiyatning diniy murosasizlik hamda millatlararo mojarolar bilan bogʻliq muammolarni yenga olish qobiliyatiga bogʻliq. Ayni davrda esa ijtimoiy barqarorlikni saqlash va diniy mansubligidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning huquqlarini himoya qilish Hindiston hukumati uchun muhim zaruriyat boʻlib qolmoqda.