platina.uz

Feminizm: ziddiyat va tutash nuqtalar

Bu tushuncha aslida sobiq ittifoqning xato siyosati tufayli notoʻgʻri talqinlarga duch kelmoqda. Qolaversa, Gʻarb endi tushungan bu qadriyatni Islom dini bir necha asr oldin mustahkamlab qoʻygan.

Tahlil
20-oktabr, 17:32
Feminizm: ziddiyat va tutash nuqtalar
Fotokollaj: Platina.uz

Feminizm gender tengligiga erishish, gender kamsitishlariga barham berish va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy, siyosiy va madaniy harakatdir. Feminizmning kelib chiqishi XVIII asrning oxirlarida Yevropa va Shimoliy Amerikada ayollar huquqlari masalalari faol muhokama qilina boshlagan paytlarga borib taqaladi. Ilk feminizm gʻoyalarini aks ettiruvchi birinchi yirik hujjatlardan biri – Meri Uolstounkraftning "Ayol huquqlarini himoya qilish" (1792) asaridir. Unda Meri xotin-qizlarning taʼlim olishi, ularning teng huquqli ekanini ilgari surgan.

Feminizm tarixi shartli ravishda uchta toʻlqinga boʻlinadi:

1. Birinchi toʻlqin (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) ayollarning saylov huquqi va mulkiy huquqlari masalalariga eʼtibor qaratdi.

2. Ikkinchi toʻlqin (1960-1980-yillar) reproduktiv huquqlar, jinsiy erkinlik, mehnat huquqlari va zoʻravonlikdan himoyalanish kabi kengroq masalalar bilan shugʻullandi.

3. Uchinchi toʻlqin (1990-yillarning boshidan hozirgi kungacha) ayollarning madaniy va irqiy xilma-xilligini himoya qilishga qaratilgan harakat boʻldi.

Bugungi kunda feminizm jamiyatdagi patriarxal tuzilmalarga qarshi kurash va jinsi, irqi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish kabi yangi masalalarni oʻz ichiga olgan rivojlanish yoʻlidan davom etmoqda.

Hozirgi vaziyat

XXI asrda feminizm global ijtimoiy siyosatdagi shov-shuvli harakatlardan biriga aylandi. Gʻarb mamlakatlarida feministik gʻoyalar ommaviy madaniyatning bir qismiga aylandi va koʻplab ayollar teng huquq va imkoniyatlar uchun kurashda sezilarli yutuqlarga erishdilar. Misol uchun, #MeToo kabi harakatlar jamiyatga katta taʼsir koʻrsatib, jinsiy zoʻravonlik va taʼqiblar muammosiga jamoatchilik eʼtiborini qaratdi.

Lekin, bunday muvaffaqiyatlarga qaramasdan, feminizm baʼzi mamlakatlarda, ayniqsa, anʼanaviy yoki diniy qarashlar hukmron boʻlgan joylarda qarshilikka duch keladi. Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyoda gender tengsizligi dolzarb muammo boʻlib qolmoqda va feministik gʻoyalar koʻpincha milliy yoki diniy qadriyatlarga tahdid sifatida qabul qilinadi. Shu bilan birga, Osiyo va Afrikaning ayrim mamlakatlarida feministik harakatlar tenglik va anʼanaviy meʼyorlar oʻrtasidagi muvozanatni topishga intilib, oʻz yondashuvlarini madaniy va diniy sharoitlarga moslashtirmoqda.

Gʻarbda esa feminizm absurdlashib, oʻziga xos mutatsiyaga uchramoqda. Bu yerda, aytaylik, siz avtobusda biror ayolga joy boʻshatmoqchi boʻlsangiz, “sen ayol boʻlganing uchun zaifsan, tez charchab qolasan” degan fikrda joy berdingmi, deya malomat qilishi ham fantastik vaziyat emas. Yoki ishxonada biror ayolga eshik ochish, yaxshi gapirish, biror muammosida yordam berishga urinish ham yoki antifeminizm, yoki jinsiy shilqimlik sifatida talqin etiladi va hatto qonunchilik talablariga binoan jazo beriladi.

Oʻzbek milliy qadriyatlari va feminizm

Oʻzbekiston boy tarix va madaniy anʼanalarga ega, milliy qadriyatlar jamiyat hayotida muhim oʻrin tutadigan mamlakatdir. Anʼanaviy oʻzbek qadriyatlari kattalarga hurmat, oila rishtalari, milliy urf-odatlarni saqlash, erkak va ayol oʻrtasida taqsimlangan rollarga asoslanadi. Anʼanaviy oʻzbek madaniyatida ayol koʻpincha uy bekasi maqomida boʻladi, uning asosiy vazifalari bolalarni tarbiyalash va oilaga gʻamxoʻrlik qilishdan iborat.

Shu nuqtai nazardan, ayollar uchun teng huquq va mustaqillikka qaratilgan feministik gʻoyalar belgilangan meʼyorlarga qarshi kurash sifatida qabul qilinishi mumkin. Feminizm va oʻzbek qadriyatlari oʻrtasidagi asosiy ziddiyatlardan biri bu – gender rollari va oilaviy masʼuliyat masalasidir. Ayolning oilada tutgan oʻrni, urf-odatlarga sadoqatliligi oʻzbek jamiyatining asosiy elementi hisoblanadi.

Feminizm va milliy qadriyatlar: ziddiyat va oʻxshashliklar

Aksariyat tafovutlarga qaramay, feminizm va oʻzbek milliy qadriyatlari umumiy til topisha oladi. Masalan, xotin-qizlarning taʼlim olishi va iqtisodiy ishtirokini ragʻbatlantirish oila va butun jamiyatning iqtisodiy mavqeini yaxshilashga yordam bergani uchun ijobiy baholanishi mumkin. Xotin-qizlarning mehnat va taʼlim olish huquqlarini mustahkamlash nafaqat jamiyat rivojiga xizmat qiladi, balki Oʻzbekistonning jamiyatni modernizatsiya va isloh qilish boʻyicha milliy maqsadlariga ham mos keladi.

Boshqa tomondan, sezilarli farqlar mavjudligini tan olish kerak. Toʻliq gender erkinligi, ayollarning mustaqilligi va oʻzini namoyon eta olish huquqi haqidagi feministik gʻoyalar Oʻzbekiston jamiyatining konservativ doiralari uchun nomaqbul boʻlishi mumkin. Bu davralarda ayollar erkinligi anʼanaviy turmush tarziga tahdid, oiladagi totuvlikni buzish sifatida qabul qilinadi. Aytaylik, oʻzbek oilasiga, u har qancha zamonaviy boʻlmasin, er va xotin roʻzgʻorga baravar ulush qoʻshsin deyish nomaqbul boʻladi. Teng boʻlarkanmiz, deb xotin erini idish-tovoq yuvish, uy supurish va ovqat pishirishga majburlashi yoki erning xotiniga “sen ham men bilan baravar pul top, ogʻir ishlarda men bilan baravar ishlagin”, deyishini tasavvur qilish qiyin. Zero oʻzbek jamiyatidagi oilada er va xotin rollari hamda maqomi oʻrtasidagi chegaralar allaqachon belgilangan va ularni buzish ikki tomonning ham noroziligiga sabab boʻlishi, oiladagi ahillik va bahamjihatlikka putur yetkazib, alal-oqibat oila buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim omillar ham borki, feminizmning bor holicha qabul qilinishiga toʻsqinlik qiladi.

Avvalo, SSSR davrida “ayollar va erkaklar teng boʻladi”, degan balandparvoz shiorlar bayroq qilingani, lekin amalda ayollar ogʻir mehnat sharoitlarida – asfalt yotqizish va metal quyish kabi kasblarda ishlab qiynalishgani bu shiorga salbiy maʼno berdi. Shu bois xalq orasida gender tengligi deganda, avvalo mana shunday “tenglik” tushuniladigan boʻldi.

Ikkinchidan, oʻzbekistonliklarning aksariyati musulmonlar boʻlgani bois, asosiy urf-odatlar va feminizmga munosabat ham aynan islomiy qadriyatlar asosida shakllangan. Islomofob va Gʻarb mediasi har qancha islomni yomon koʻrsatib, musulmonlarni ayollarni xoʻrlaydigan qatlam sifatida tanishtirishga urinmasin, aslida vaziyat unday emasligi oshkor boʻlmoqda. Oʻrta asrlarda Yevropada nasroniy cherkovda ayollarni shayton yordamchisi, falokatlar sababchisi va hatto chala inson sifatida taʼlim berilgan. Yahudiylar esa ayrim kunlarda ayollarni nopok hisoblab, ular bilan muloqot qilishni, ularning jamiyat va roʻzgʻor ishlariga aralashuvini taqiqlab qoʻyadi.

Hatto sanoat rivojlana boshlagan davrda ham Gʻarbda ayollarning huquqlari taʼminlanmagan, ularga erkaklarga nisbatan kam maosh berilgan va hokazo. Bunday vaziyatga reaksiya sifatida feminizm paydo boʻlishi tabiiy edi. Gʻarbda feminizm kurashlar oqibatida va yillar davomida erishgan huquqlar VII asrdayoq musumonlar uchun odatiy turmush tarziga aylangan. Qolaversa, Muhammad paygʻambar(sav)ning “Jannat onalar oyogʻi ostida”, “Kimki uch qizni yaxshi parvarishlab voyaga yetkazsa, jannatiydir”, “Kimki oʻz xotiniga hatto tabassum bilan qarasa ham savob yoziladi, mukofotini oladi” kabi hadislariyoq musulmonlar, xususan, oʻzbeklar orasida ayollarning qadri azaldan baland ekanini isbotlaydi. Islomda ayollarga nisbatan ayrim cheklovlar esa ayollarning ruhiy va jismoniy farqlari inobatga olingan holda hayotga tatbiq etilgani hech kimga sir emas.

Mutaxassislarning fikrlari

Ayrim ekspertlarning fikricha, Oʻzbekistonda feminizm jamiyatning qarshilik koʻrsatmasligi uchun milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda rivojlanishi kerak, deb hisoblaydi. Yaʼni feministik gʻoyalarni oʻzbek anʼanalariga mos keladigan va oila institutini buzishga emas, balki mustahkamlashga qaratilgan boʻlishi uchun moslashtirish zarurligini taʼkidlaydi.

Ayrim psixologlar esa “anʼanaviy qadriyatlar chuqur ildiz otgan jamiyatda feminizmni idrok etishning psixologik jihatini hisobga olish muhim, deb taʼkidlaydi. Ularning fikricha, koʻp odamlar zamonaviy tenglik gʻoyalarini belgilangan ijtimoiy meʼyorlar bilan uygʻunlashtirishga harakat qilganda, ichki ziddiyatlarga duch kelishlari mumkin. Shu bois, ikki tomonni hurmat qilishga asoslangan yondashuv – anʼanalarni saqlab qolish va tenglik va adolat gʻoyalarini bosqichma-bosqich joriy etish taklif etiladi.

Oʻzimizniki emas, biroq begona ham emas...

Feminizm va oʻzbek milliy qadriyatlari bir qarashda bir-biriga toʻgʻri kelmaydigandek tuyulishi mumkin, ammo chuqur tahlil qilinganda bu ikki eʼtiqod tizimi yonma-yon yashashi va bir-birini toʻldirishi mumkinligini koʻrish mumkin. Feministik gʻoyalarni anʼanaviy jamiyatda uning rivojlanishiga hissa qoʻshishi va ichki qarama-qarshilik va nizolarni keltirib chiqarmasligi uchun moslashtirish yoʻllarini izlash muhimdir. Taʼlimni rivojlantirish, ayollarning iqtisodiy huquqlari va jamiyatdagi mavqeini oshirish kabi umumiy jihatlar feminizm va Oʻzbekiston milliy qadriyatlari oʻrtasidagi muvaffaqiyatli oʻzaro hamkorlik uchun asos boʻlishi mumkin. Ayni davrda Oʻzbekiston qonunchiligi mana shunday jihatlarni inobatga olgan holda takomillashtirib borilayotgani ham istiqbol borasida nekbin prognozlar berish uchun asos boʻladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+