Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogiron shaxslarga qator yengilliklar beriladi
Ushbu shaxslar yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi, shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishi koʻzda tutilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ijtimoiy himoya qilinishi kuchaytiriladi.
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-977-son, 18.10.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod etishga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, umrbod taʼminlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi toʻgʻrisidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi maʼlumotlar "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qonunga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar, yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarni vaqtincha roʻyxatga olishda ham davlat boji undirilmaydi.
Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik qilish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
