platina.uz

Gerontokratiya yoxud amerikacha «politbyuro»

2023 yil boshida AQSh Kongressi Vakillar Palatasida oʻrtacha yosh 57 yoshni, Senatida 64, Prezident kabinetida 61 yosh edi. Jurnalistlarning fikricha, AQShdagi hukumat - gerontokratiya, yaʼni keksalar tomonidan hokimiyatga yopishib olishning ayni timsoli boʻlib qoldi. 

Maqola
18-oktabr, 20:00
Gerontokratiya yoxud amerikacha «politbyuro»
Fotokollaj: Platina.uz

Boshqaruv tizimining mukamalligi va samaradorligini butun dunyoga koʻz-koʻz qiluvchi Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumatida gerontokratiya alomatlari koʻrinmoqda. Bundan hatto amerika jamiyati ham bezovta boʻlayotgan koʻrinadi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, hatto oʻtgan yili AQSh kongressiga davlat xizmatlari lavozimlariga saylanishda yosh chegaralarini oʻrnatuvchi qonun loyihasi kiritilgan.

Maʼlumot: Gerontokratiya (qadimgi yunonchada “geron” – qari + kratos - "kuch; davlat; hokimiyat") hokimiyat oqsoqollarga tegishli boʻlgan boshqaruv tamoyilidir. Zamonaviy jamiyatga nisbatan gerontokratiya keksa avlod odamlari tomonidan siyosiy taʼsirni suiisteʼmol qilishga aytiladi

AQSh prezidentlari davri

AQSh tarixi davomida prezidentlarning lavozimga kirishgandan keyin oʻrtacha yoshi taxminan 55 yoshni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich amerikalik rahbarlar inauguratsiya paytida eng yuqori yoshda boʻlgan tendensiyani koʻrsatadi. Bunga misol qilib, 42 yoshida AQShning eng yosh prezidentiga aylangan Teodor Ruzvelt va 2021 yilda 78 yoshida qasamyod qilgan eng keksa prezidentga aylangan Jo Baydenni keltirish mumkin. Aksariyat prezidentlar anʼanaga koʻra 50 yoshda boʻlgan, chunki bu yosh oraligʻi mamlakatni boshqarish uchun kuch va tajriba uygʻunligi uchun maqbul hisoblanadi.

Yana tarixdan misollar qidirsak, 2022 yilda AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va 2018 yilda AQSh Senatining respublikachilar koʻpchilik yetakchisi Mitch Makkonnel AQSh tarixida ushbu lavozimlarni egallagan eng keksa odamlar (82 va 76 yosh) boʻlishdi. 2024 yil boshida 82 yoshli MakKonnell hamon Senatning respublikachilar qismini boshqarayotgan edi.

2023 yil boshida AQSh Kongressi Vakillar Palatasida oʻrtacha yosh 57 yoshni, Senatida 64, Prezident kabinetida 61 yosh edi. Amerikalik jurnalistlarning fikricha, AQShdagi hukumat - gerontokratiya, yaʼni keksalar tomonidan hokimiyatga yopishib olishning ayni timsoli boʻlib qoldi.

Yosh tendensiyalarining oʻzgarishi

Bugun Amerika siyosatida prezidentning yoshi asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi. Vaziyat XX asrning oʻrtalaridan, yaʼni prezidentlik lavozimini nisbatan yosh va gʻayratli rahbarlar egallaganidan beri oʻzgardi. Misol uchun, Jon Kennedi 1961 yilda 43 yoshida prezident boʻldi va Bill Klinton 1993 yilda 46 yoshida shu lavozimga kirishgan. Aksincha, zamonaviy siyosiy maydonda Donald Tramp (2017 yilda inauguratsiya marosimida 70 yoshda edi) va Jo Bayden (2021 yilda inauguratsiya marosimida 78 yoshda boʻlgan) kabi keksa mansabdorlarning koʻpayib berayotgani kuzatilmoqda.

Keksa nomzodlarni tanlashga taʼsir qiluvchi omillar

Prezidentlikka nomzodlar yoshi oʻsib borayotganining asosiy sabablaridan biri - oʻrtacha umr koʻrish davomiyligining oshishi va tibbiy texnologiyalarning takomillashuvidir. Bugungi kunda odamlar uzoq umr koʻrishadi va uzoq vaqt davomida faol boʻlib qolishadi, bu esa keksa siyosatchilarga jamoat va siyosiy hayotda faol qolish imkonini beradi. Shu bilan birga, yosh bilan birga kelgan tajriba va donishmandlik saylovchilar uchun har qachongidan ham qadrlidir.

Yana bir omil – AQSh ichki siyosatidagi qutblanish kuchaygan. Partiyaviy kurashlar kuchaygan muhitda Tramp kabi keksa nomzodlar qiyin siyosiy vaziyatlarda nazoratni saqlab qola oladigan ishonchli va barqaror yetakchilar sifatida qabul qilinadi. Qolaversa, siyosiy maydondagi mavqesini mustahkamlashda ularning tajribasi va oldingi yutuqlari muhim oʻrin tutadi.

Masalaning huquqiy jihatiga oʻtsak, AQShda davlat xizmati uchun yosh chegarasi 65 yosh etib belgilangan. Lekin bu saylangan lavozimlarga taalluqli emas. Bundan tashqari, prezident Kongress maʼqullashi bilan "keksa yigitlarni" vazirliklar va maʼmuriyatdagi rahbarlik lavozimlariga ilgari surish mumkin.

Ekspertlar nima deydi?

Siyosiy ekspertlarning taʼkidlashicha, Amerika oliy rahbariyatidagi yoshga bogʻliq oʻzgarishlar saylovchilar ongida yetakchi qanday boʻlishi kerak degan stereotip va kutilmalardagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Pew Research Center tadqiqotlariga koʻra, koʻpchilik amerikaliklar 50 yosh - prezidentlikka nomzod uchun eng maqbul yosh, deb hisoblashadi. Biroq tendensiya shuni koʻrsatmoqdaki, prezidentlar yoshi 70 va undan yuqori yoshga qarab oʻsib bormoqda.

Shuningdek, tahlilchilarning taʼkidlashicha, sogʻliq va kognitiv funksiyalar bilan bogʻliq xavf-xatarlarga qaramay, siyosatdagi oʻn yillik tajriba saylovchilarga yoshi katta nomzodlarni yanada jozibadorroq qilib koʻrsatadi.

Amerika ham “politbyuro”dan andoza olyaptimi?

Sovet Ittifoqi davrida hokimiyat tepasidagi shaxslarning yoshi asta-sekin oʻsib borgan. Masalan, Stalin davrida Siyosiy byuro aʼzolarining oʻrtacha yoshi 50 ga yaqin boʻlgan, Brejnev davrida esa bu koʻrsatkich 70 yoshdan oshdi. Sovet tuzumining gerontokratiyaga moyilligi - hokimiyatdagi bu mansabdorlar Stalin davrida shu lavozimlarga tayinlangan boʻlib, deyarli yadavri "turgʻunlik" deb atalishi bejiz emas. Mavjud tuzum Siyosiy byuro aʼzolarini toʻla qoniqtirgan, shuning uchun ular yosh siyosatchilarga davlat organlariga kirishiga imkon berishmagan.

Rossiyadagi gerontokratiya

Koʻpgina jurnalistlar Rossiyada gerontokratiya mavjudligiga ishora qilishadi. Ularning fikricha, rus gerontokratiyasi notoʻgʻri siyosiy qarorlarga olib keladi. 2022 yil boshida Xavfsizlik Kengashida oʻrtacha yosh 62 yoshni, prezident maʼmuriyatida 58 yoshni, Federatsiya Kengashida esa 57 yoshni tashkil qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa yaqinda, 7 oktabr kuni 72 yoshni qarshi oldi.

Ayni vaziyatda...

AQSh prezidentining yoshi mamlakat siyosatiga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan muhim omilga aylandi. Jon Kennedi kabi yosh liderlar bir paytlar davlatlardagi oʻzgarishlar va innovatsiyalarni ilhomlantirgan boʻlsalar, bugungi saylovchilar keksa nomzodlar taklif eta oladigan tajriba va barqarorlikka koʻproq eʼtibor qaratishi mumkin. Lekin 2024 yilgi prezident saylovlari yaqinlashar ekan, Bayden va Tramp kabi nomzodlarning yoshini jamoatchilik nazorati yanada kuchaytirdi va bu mavzu Amerika siyosatining kelajagi uchun muhimligini taʼkidladi. Darvoqe, Demokratlar partiyasi Baydenni yoshi uchun emas, balki aqliy va boshqaruv faoliyatida muammolar bor, deb gumon qilingani uchun nomzodini qoʻymaslikka koʻndirgan.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+