platina.uz

Ukrainaning gʻalaba rejasi bormi?

Katta yoʻqotishlarga qaramay, har ikki tomon saʼy-harakatlarni kuchaytirishda davom etmoqda, bu mojaroning yakuni hamon noaniqligicha qolayotganidan dalolat beradi.

Tahlil
17-oktabr, 9:40
Ukrainaning gʻalaba rejasi bormi?
Fotokollaj: Platina.uz

Har bir narsaning intihosi va ibtidosi boʻladi. Biroq Rossiya-Ukraina mojarosining oxiri koʻrinmaydigandek tuyuladi. Front chizigʻida janglar hamon intensiv davom etmoqda, diplomatik muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgan, qurbonlar va jabrlanganlar soni muntazam oʻsib bormoqda. Ayniqsa, begunoh tinch aholining qirilayotgani rus armiyasining bu xunrezliklariga qachon va qanday chek qoʻyiladi, degan savolni qayta va qayta kun tartibiga olib chiqaveradi.

Hozir kimning qoʻli baland?

Ayni paytdagi vaziyatga koʻra, rus armiyasi Ukraina sharqida, ayniqsa, Xarkov, Lugansk va Donetsk atrofidagi hududlarda hujum amaliyotlarini davom ettirmoqda. Donbassdagi Pokrovsk hududida muhim transport markazlari tomon oldinga siljib, Ukraina uchun muhim harbiy-strategik ahamiyatga ega nuqtalarni, shahar va qishloqlarni egallay boshlagan. Ayrim taktik muvaffaqiyatlarga qaramay, bu hujumlar Rossiya askarlarining tutdek toʻkilishiga olib kelmoqda. Hozirgacha 200 mingdan ortiq rus askari halok boʻlgan, 400 mingdan ziyodi yaralanib hamda jarohat olib, nogiron boʻlib qolgan. Ukraina tomonidan esa 80 mingdan ziyod askar qurbon boʻlgan. Deyarli 400 ming ukrain askari yaralangan.

Rossiya armiyasining sekin-asta ilgari siljishini taʼkidlash bilan birga, ukrain qoʻshinlari Kursk va Xarkov hududlarida faol harbiy amaliyotlar oʻtkazib, bir necha hududlarni egallab olganini ham tan olish kerak. Ularni haydab chiqarish uchun Rossiya qoʻmondonligi bir qancha tadbirlar oʻtkazgani, hatto Ukraina frontidagi askarlarning ayrimlarini joriy pozitsiyalaridan olib, Kurskka tashlaganiga qaramasdan, ukrain askarlari dushmanga qarshi mardonavor kurashib, chekinmaslikka qaror qilgan.

Ukraina muvaffaqiyatining muhim jihati shundaki, u vaziyat oʻzgarishlariga tez moslashish, samolyotlar, artilleriya va yuqori texnologiyali dronlardan foydalangan holda dushmanning asosiy pozitsiyalariga zarba berish qobiliyatiga ega. Bu soʻnggi oylarda Ukraina kuchlariga Rossiya qoʻshinlari va infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazish imkonini berdi.

Ukraina nimadan umid qilyapti?

Garchi Ukraina qoʻshinlari orasida vatanparvarlik va harbiy ruh ruslarga nisbatan yuqoriroq boʻlsa-da (chunki ular oʻz yerlarini himoya qilishyapti – muallif), ishtiyoq va gʻayrat avvalgidek joʻshqin emas. Kiyev hamon Gʻarbning qurol va harbiy texnika yetkazib berishiga muhtoj. Mamlakat yetakchisi taraqqiiyparvar hamda qudratli davlatlarni Ukrainaga yordam berishga koʻndirishdan charchagani yoʻq. Zelenskiyning “gʻalaba rejasi” ham ukrainlar qalbida umid chiroqlarini yoqa olgan. Burejada quyidagi omillarga urgʻu berilgani aytiladi:

1. Harbiy harakatlar va Gʻarbning qoʻllab-quvvatlashi: Zelenskiy Gʻarb ittifoqchilarining harbiy yordamini sezilarli darajada oshirish gʻoyasini faol ilgari surmoqda. U jang maydonidagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirish uchun yaqin oylarda Ukraina qurolli kuchlarini zudlik bilan kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratgan. Prezident Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va NATO rahbarlari bilan uchrashib, Ukrainaning Rossiya nishonlariga zarba berish uchun uzoq masofali raketalardan foydalanish imkoniyatini muhokama qildi, bu ittifoqchilarning turli reaksiyalarini va Rossiya bilan mojaroning kuchayishidan qoʻrquvga sabab boʻldi.

2. Diplomatik saʼy-harakatlar va tinchlik sammiti: Zelenskiyning rejasi 2024 yil noyabrida ikkinchi tinchlik sammitini oʻtkazishni ham oʻz ichiga oladi, unda Ukraina adolatli tinchlikka erishish uchun “aniq va muayyan qadamlar”ni taqdim etadi. Mazkur sammitning asosiy maqsadi – xalqaro hamjamiyatni Rossiyani Ukraina uchun maqbul shartlar boʻyicha muzokara olib borishga majburlash uchun unga bosim oʻtkazishga safarbar qilishdir. Zelenskiyning aytishicha, uning rejasi ushbu tinchlik sammiti uchun "koʻprik" boʻlib, u urushning adolatli yakunlanishiga umid qilmoqda.

3. Iqtisodiy va siyosiy qoʻllab-quvvatlash: rejaning muhim elementi – Ukrainaning NATO va Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish talabi boʻlib, bu uning mudofaa qobiliyatini va Gʻarb bilan iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi. (Biroq Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish uchun, yoʻqotilgan hududlarga koʻnishga toʻgʻri keladi – muallif.) Bu Ukraina Rossiya tajovuzkorligiga qarshi turishda davom etishi uchun, shuningdek, muzokaralarda oʻz pozitsiyasini yaxshilash uchun zarur.

Qayd etish joiz, Zelenskiy rejasiga jahon yetakchilarining munosabati turlicha boʻldi. Masalan, Fransiya Ukrainaning oʻz raketalarini Rossiya nishonlariga qarshi ishlatish huquqini qoʻllab-quvvatlagan, Italiya va Buyuk Britaniya esa bunga qarshi chiqqan. Shu bilan birga, NATO va boshqa davlatlar rahbarlari Ukrainani barqaror tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarida qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Biroq Zelenskiyning oʻtgan hafta Yevropaga uyushtirgan “siyosiy turnesi”da Ukraina uchun manfaatli harakatlar va intilishlar kuzatilmagan. Gʻarb yetakchilari va yevropaliklar orasida nekbinona qarashlar ulushi kamaygan.

Lekin, yana uchta muhim nuqta borki, usiz Ukraina armiyasining gʻalabasiga ishonish mushkul boʻladi. Birinchisi, Ukraina osmonini yopish – garchi NATO va Gʻarb bu ishni amalga oshirishdan choʻchigan boʻlsa-da (chunki bu bevosita Rossiya bilan toʻqnashuvlarga sabab boʻlishi mumkin –muallif) hech boʻlmasa havodan hujumga qarshi zamonaviy va samarador tizimlarni yetkazib berishda ham sustkashlik qilmoqda, ayrim oʻrinlarda ikkilanmoqda. Ikkinchidan, faqat chegara chizigʻidan oʻtgan tahdidlarni yoʻq qilish bilan ish bitmaydi. Ilonning boshini, chayonning dumini yanchish lozim. Rossiya harbiy aviatsiyasi va artilleriyasining asoslari esa mamlakat ichkarisida joylashgan. Faqat ularga zarba berib, yoʻq qilinsagina, havo hujumlarini toʻxtatish, hech qursa susaytirishga erishish mumkin. Gʻarb esa oʻzi bergan qurollar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat etmayapti.

Uchinchi nozik nuqta esa Gʻarbning Ukrainaga yordam berishda charchamasligi bilan bogʻliq. Eng asosiy koʻmakchi taraf – AQSh prezidenti va mudofaa vaziri yaqinda Germaniyadagi NATO sammitida ishtirok etishni bekor qilishdi. Bu esa AQShning oʻz ichki muammolariga eʼtibor qaratish istagi va Ukraina mojarosini diplomatik darajada hal qilishda faol ishtirok etishini koʻrsatishi mumkin.

Hatto Yevropa yetakchilari orasida ham Ukrainaga harbiy-texnikaviy yordam borasida ruhiy charchoq va zerikish alomatlari yuzaga chiqmoqda. Bunday simptomlar Ukraina gʻalabasi uchun xizmat qilmaydi, albatta.

Toʻrtinchidan, xuddi oʻz tomirlari orqali butun tanadan kuchni soʻrib olayotgan saraton hujayralarni oziqlantirish toʻxtatilmasa, davolash befoyda boʻlgani kabi, Rossiyaning harbiy qudratini va hujumkor shiddatini cheklovchi sanksiyalar kutilgan natijani bermayapti. Rossiya tomoni Eron, Xitoy, Hindiston, Shimoliy Koreyadan qurol va zamonaviy texnologiyalarni bemalol olib turibdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan ham bosim oʻtkazish va vaʼdalar berish yoʻli bilan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmoqda. Bunday sharoitda Urainaga beriladigan yordam xuddi tubi teshik chelakka suv quyishga oʻxshab qolishi tayin.

Ibtido maʼlum, intiho qanday boʻladi?

Hozirda ekspertlar urushning qanday yakunlanishi haqida yakdil fikrga ega emas. Ayrim omillar yoʻqolmasa, mojaro yana bir necha yilga choʻzilishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Boshqa bir fikrlarga koʻra, Ukraina va Gʻarb nihoyat charchaydi va Rossiyaga ayrim hududlarni berish evaziga tinchlik oʻrnatilishiga rozi boʻladi. Keyinchalik esa, Putin oʻlsa, yoki taxtidan agʻdarilsa, yoxud Ukrana qudrati oshsa, keyingi rus yetakchisi bilan bu masalalarni madaniy tarzda hal qilib olish mumkinliginidan umid qilmoqda.

Shu bois aksariyat prognozlarda ana shu “hudud evaziga tinchlik” versiyasi koʻproq uchrayapti. Yaʼni mojaro muzlatilmasligi, Ukraina ayrim hududlaridan voz kechgan holda urushni toʻxtatishi va NATOga aʼzo boʻlib, oʻz mustaqiligi va kelajagini saqlab qolishi ham mumkin.

Shunday boʻlsa-da, Ukrainaning Rossiya bilan urushda gʻalaba qozonishi koʻplab omillarga, jumladan, xalqaro koʻmak, qurol-yarogʻ yetkazib berish, iqtisodiy yordam va jang maydonidagi strategik qarorlarga ham bogʻliq. Katta yoʻqotishlarga qaramay, har ikki tomon saʼy-harakatlarni kuchaytirishda davom etmoqda, bu mojaroning yakuni hamon noaniqligicha qolayotganidan dalolat beradi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+