platina.uz

Qoʻli qonga botgan reper

Amerikani qoʻshiqlari bilan zir titratgan P.Diddy ayni paytda izolyatorda, unga dahshatli ayblovlar qoʻyilmoqda.

Video
7 kun avval, 19:50

P.Diddi (P.Diddy, Puff Daddy) taxallusi bilan tanilgan amerikalik reper va prodyuser Shon Kombs (Sean John Combs) 17 sentabr kuni soat 20:30 atrofida Nyu-Yorkda hibsga olindi. U reket va fohishalikka majburlash maqsadida odam savdosida ayblanmoqda, deb yozadi The New York Times.

54 yoshli P.Diddi Manhettendagi Park Hyatt mehmonxonasida hibsga olingan. Reper oʻz aybini tan olishdan bosh tortdi, chunki u ayblovlarni uydirma deb hisoblaydi. Biroq 2023 yil noyabr oyidan beri Shon Kombsga qarshi turli ayblovlar, jumladan, jinsiy va jismoniy zoʻravonlik boʻyicha 10 ta daʼvo ishi qoʻzgʻatilgan. May oyida 2016 yilda olingan, reperning sobiq maʼshuqasini kaltaklagani aks etgan video internetda tarqaldi. Bahor boshida esa P.Diddining Los-Anjeles va Mayamidagi uylari odam savdosi bilan bogʻliq jinoyat ishlari doirasida tintuv qilingan.

Tergovga qadar hibsda saqlashlaridan qochish uchun P.Diddi federal sudga 50 million dollar garov puli taklif qilgan, deya xabar beradi BBC. Garov pulining asosiy qismini reper Mayamidagi 48 million dollarlik saroyini sotib qoplaydi. Qolgan qismi uchun onasining uyini sotib toʻlamoqchi. Biroq, reper sudgacha qamoqda qoladigan boʻldi: sud reper ozodlikda qolsa guvohlarga bosim oʻtkazishidan qoʻrqib, shu paytgacha ikki marta garov pulini olishdan bosh tortgan.

14 sahifalik ayblov xulosasida P.Diddi yaratgan jinsiy savdo "imperiyasi" haqida batafsil maʼlumot berilgan. Xususan, musiqachi odamlarni oʻgʻirlashda ishtirok etgani va ularni jinsiy aloqalarga majburlagani aytiladi. Taʼkidlanishicha, jinoiy sxema oʻnlab yillar davomida faoliyat yuritgan.

Agar reper barcha ayblovlar boʻyicha aybdor deb topilsa, u 15 yilga, hatto bir umrga qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

P.Diddi qanday shaxs?

P.Diddi 1969 yil 4 noyabrda Nyu-Yorkning Harlem qismida tugʻilgan. 1990- va 2000-yillarning asosiy rep va xip-xop-musiqachilari va prodyuserlaridan biri, aktyor va oʻz musiqiy leybllariga ega tadbirkor.

Diddi 1990-yillarda musiqiy faoliyatini boshlagan. U 1993 yilda Up Town leyblida yosh iqtidorlarni aniqlash vazifasini tashlab, oʻzi Bad Boy Records leyblini tashkil etdi. Bu yerda u reper The Notorious B.I.G.ni ilgari surdi. 1997 yilda musiqa biznesi menejeri sifatida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shuningdek, u Puff Daddy taxallusi ostida No Way Out nomli debyut albomini chiqardi. Mazkur plastinka AQShdagi savdolarda 7 marta “platina” maqomiga chiqdi va muallifiga eng yaxshi rep-albom uchun “Gremmi” mukofotini olib berdi.

Maʼlumot:

Leybl (record label, ovoz yozish kompaniyasining tijoriy markasi) – shou-biznes sanoatida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning taniqlilik brendi.

Leybl musiqachi va qoʻshiqchilarga sanʼatini monetizatsiya qilish, yaʼni oʻz iqtidori ortidan pul ishlashi bilan bogʻliq barcha masalalarda yordam beradi: menejment, qoʻshiqlarni yozish va klip suratga olishni moliyalashtirish, katta targʻibot va promoushn ishlarini olib borish, internet, TV va radio orqali “aylantirib” tanitish shular jumlasidandir. Artist bunday holatda nafaqat ijodining monetizatsiyasidan daromad qilishi, balki leybldan avans va gonorarlar ham olishi mumkin.

Leyblning asosiy vazifasi – qoʻshiq yoki musiqani bozorga chiqarish, masalan, onlayn va offlayn doʻkonlar, turli festival, tadbir va diskoteka di-jeylari hamda ijtimoiy tarmoqlarga tanitishdan, qisqasi, auditoriyaga yetkazishdan iborat. Leybl, shuningdek, yakuniy ijodiy mahsulotni trek tarzida shakllantirish, muqovalar va posterlar yasatish, kerak boʻlsa mastering, remiks va kaver versiyalarni tashkil etish bilan shugʻullanadi.

Keyingi 20 yil davomida Kombsning ismi Amerika koʻngilochar sanoatining sinonimiga aylandi. U ochgan Combs Enterprises kompaniyasi qaramogʻida oʻnlab biznes yoʻnalishlari, shuningdek, yirik korporatsiyalar bilan bogʻlangan tadbirkorlik tuzilmalari mavjud. Kombsning oʻz kiyim brendi – Enyce mavjud. U Justin's restoranlar tarmogʻini rivojlantirgan, Dallas Mavericks basketbol klubining alternativ formasi dizayneri boʻlgan, Revolt TV televizion tarmogʻining yirik ulushini sotib olgan va hokazo. U, shuningdek, AQShdagi qonuniy nasha sanoatiga oid korxonalardan birining bosh direktori ham boʻlgan.

2022 yilda Forbes nashri Kombsning boyligini 1 mlrd dollarga baholagan boʻlib, reper boylar roʻyxatida faqat eng badavlat musiqachi Jay-Z’dan keyin turadi.

Mojaroning boshlanishi

Diddi boʻyicha tergov boshlangani 2023 yil noyabr oyida maʼlum boʻldi. Shu yili 16 noyabrda Kombsning leyblida rassom sifatida ishlaydigan sobiq sevgilisi Kassandra Ventura reper unga bir necha yil davomida jismonan va jinsiy zoʻravonlik qilganini, shuningdek, uni har tomonlama nazorat qilib yurganini oshkor etganidan sudga shikoyat kiritgan. Ertasi kuni – 17 noyabrda Venturaning Kombsga qarshi 30 million dollarlik daʼvosi sudgacha hal qilingani maʼlum boʻldi. Lekin Venturaning bayonoti Kombsga qarshi zoʻravonlik, odam savdosi, fohishalik, giyohvand moddalarni isteʼmol qilish, qoʻrqitish, pul yuvish va boshqa jinoyatlar boʻyicha ayblovlar uchun boshlangʻich nuqta boʻldi.

Muxtasar qilib aytganda, Kombsga qarshi deyarli olti oylik doimiy ayblovlarning natijasida federal tergovchilar bayonot berib, reperga qarshi daʼvo arizasi bergan barcha daʼvogarlarni guvohlik berishga chaqirish niyatida ekanliklarini eʼlon qilishdi.

Tintuv va hibsga olish

Mart oyida Diddi ishi boʻyicha uning Mayami va Los-Anjelesdagi 2 ta uyida tintuvlar oʻtkazildi. Tintuv davomida reperning uylaridan seriya raqamlari oʻchirib tashlangan uchta AR-15 avtomati va “1000 dan ortiq idishda bolalar moyi va erotik moylash materiallari” topilgan. Manbalarning Rolling Stone nashriga bergan maʼlumotiga qaraganda, ismi oshkor etilmagan toʻrt ayol va bir erkak Diddiga nisbatan fohishalikka majburlash maqsadida odam savdosi, zoʻravonlik va tovlamachilik ishi boʻyicha guvohlik berganini aytishgan.

Nihoyat Diddi 17 sentabr kuni Nyu-Yorkdagi Manhetten mehmonxonasida hibsga olingan. Ayblov xulosasida aytilishicha, Kombs 10 yildan koʻproq vaqt davomida "nopok, shahvoniy jinoyatlar imperiyasini" boshqargan. Musiqachi, sud hujjatlarida aytilganidek, "doimiy va keng tarqalgan tarzda ayollarni va boshqalarni zoʻravonlikka duchor qilgan". Prokuraturaga koʻra, oʻz jinoyatlarini yashirish uchun Kombs shaxsiy yordamchilari, xavfsizlik va maishiy xizmatchilarni jalb qilgan.

Kombs va uning sheriklari, deyiladi ayblovda, koʻpincha "ishqiy munosabatlar bahonasida" ayollarni "qoʻrqitish, tahdid qilish va oʻziga jalb etish" uchun reperning "kuch va obroʻsi"dan foydalangan. Keyin tahdid yoki giyohvand moddalarni qoʻllagan holda ularni turli shahvoniy buzuq ziyofatlarda qatnashib, erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlashgan. Diddining oʻzi jarayonni tomosha qilib oʻtirgan.

Dalillar va gumonlar

Diddi oʻziga qoʻyilgan ayblovlarning birortasini tan olmadi hozircha. Diddi avval ham turli jinoyatlarda va hatto qotillikka aloqadorlikda gumon qilingan. Maʼlumki, 1980-yillarda AQShda xip-xop musiqachilari joʻgʻrofiy joylashuviga koʻra, 2 katta guruhga – Sharqiy qirgʻoq va Gʻarbiy qirgʻoq musiqachilariga boʻlingan edi.

Maʼlumot:

Sharqiy qirgʻoq – East Coast rap – Atlantika okeani sohillari – Nyu-York va unga tutash hududlar. Asosiy leybl – Shon Kombsga (P.Diddi) tegishli Bad Boy Records.

Gʻarbiy qirgʻoq – West Coast hip hop – Tinch okeani sohillari – Los-Anjeles. Kaliforniya, Oregon, Vashington. Asosiy leybl: reper Shuga Naytga tegishli Death Row Records.

80-yillar oxirida Sharqiy qirgʻoq qoʻshiqchilarining obroʻsi pasayib, Gʻarbiy qirgʻoq ijrochilarining (Dr. Dre, Ice Cube, Snoop Dog) mashhurligi ortdi, ularni hatto Sharqiy qirgʻoq hududlarida ham sevib tinglay boshlashdi. Natijada ikki qirgʻoq shou-biznes vakillari orasida kurash va raqobat kuchaydi.

P.Diddi Sharqiy qirgʻoqqa mansub edi. U promo qilayotgan reper The Notorious B.I.G va Kaliforniya (Gʻarbiy qirgʻoq) reperlari, xususan, Tupak Shakur oʻrtasida dastlab dahanaki jang, keyin otishmali toʻqnashuvlar boshlandi – Orlando Anderson, The Notorious B.I.G va Tupak Shakur otib oʻldirildi.

Oʻsha paytlarda P.Diddi qasos olish uchun Tupak Shakurni oʻldirishga buyurgani gumon qilingan, biroq dalillar topilmagan.

Hozirgi ayblovlar uchun esa sudda dalillar borligi aytilmoqda. Guvohlar va shou-biznesning boshqa vakillari Diddining ushbu ayblovlarga aloqasi borligini sukut vositasida tan olishmoqda yoki ijodiy mahsulotlar orqali ishoralar berishmoqda. Shuningdek, turli mashhur shaxslar va yulduzlarning bu shahvoniy kechalarda ishtirok etgan boʻlishi va zoʻrlashlarga aloqasi borligi mumkinligi haqida gumonlar yangramoqda.

Tupak Shakur (2PAC) Las-Vegasda otib ketilganidan keyin qotil va buyurtmachi deya koʻpchilik darrov Kombsdan gumon qilgan edi. Hatto Eminem ham oʻzining “KillShot” trekida bu haqda hazillashib kuylagan. Biroq keyin uzr soʻragan. Chunki oʻsha davrdayoq P.Diddi katta va mashhur yulduzga aylangan, katta boylik va keng koʻlamli bizneslar egasi edi. Hatto omma oldida Jenifer Lopes bilan ham birga koʻrinish bergan. Biroq asta-sekin uni qoʻshiqchi emas, balki tadbirkor hamda soyada turib shou-biznesga taʼsir oʻtkazadigan shaxs sifatida tilga ola boshladilar. Biroq bu soyada qoʻrqinchli va jinoiy ishlar yuz berayotgan edi. P.Diddi uyushtirgan axloqsiz kechalarga Di Kaprio, Beyonse va Jay-Z ham aloqador degan gaplar yuradi.

Jastin Biber masalasi esa yanada mavhumroq qolmoqda. Ayrimlar uni shunday kechalarda ishtirokchi desa, ayrimlar qurbon boʻlgan, degan fikrda.

Internetda tarqalgan shunday videolardan birida 14 yoshli Jastin Biber bilan 40 yoshli P.Diddining suhbati aks etgan. Unda Diddi Biber bilan 2 sutkani maza qilib oʻtkazishganini aytadi. Jastin bu videoda juda tushkun kayfiyatda koʻrinadi.

Qolaversa, Biberning vaqt oʻtishi bilan ruhiy beqarorlashib, turli yomon odatlarga oʻrganib borishi ham shubhali. Xuddi yoshligida ruhiy jarohat olgan yoki zoʻrlangan odam bajaradigan ssenariylarga oʻxshaydi. Bunga ham Diddi oʻtkazgan ziyofatlar taʼsir qilganmikan, degan mulohaza tugʻiladi.

Taʼkidlash kerak, Biberning “Lonely” (Yolgʻiz) qoʻshigʻida u mashhur boʻlish oson boʻlmagani, buning uchun oʻtmishda katta badal toʻlagani haqida kuylaydi. Lekin, bilamizki, Biberning yoshlik paytida qoʻshiq aytgan videolarini onasi internetga yuklab borgan va shu orqali tezda tanilib, mashhurlikka erishgan.

Biberning “Yummy” (“Maza, shirin”) qoʻshigʻiga ishlangan klipda esa u gʻalati kiyingan odamlar davrasida turgani aks etadi. Mehmonlar disert tanovul qilishadi. Disert oxirida likopchada Biberning surati koʻrinadi. Bu bilan Biber yuqorida oʻtkazilgan kechalarda “disert” vazifasini oʻtaganini gumon qilish mumkin.

Shuningdek, reper va millioner tadbirkor 50 Sent Shon Kombs va unga qoʻyilgan ayblovlar haqida NETFLIX uchun hujjatli serialni suratga oldi. 50 Cent serialdan tushgan mablagʻlarni jinsiy zoʻravonlik qurbonlarini qoʻllab-quvvatlashga sarflashga vaʼda berdi.

Ayni paytda Kombs Bruklindagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Bu yerda Kombs sobiq kriptovalyutachi milliarder va FTX kriptobirjasi bosh direktori Sem Benkman-Frid bilan bitta blokda “oʻtiribdi”. Kombs ishi boʻyicha sud majlisi qachon boshlanishi hali belgilanmagan.

Sharmandalik ham reklama!

Luminate analitika kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, P.Diddi hibsga olinganidan keyingi deyarli 2 hafta ichida uning strimingdagi treklarining mashhurligi oʻrtacha 20 foizga oshgan. Berkli universitetida musiqa biznesini boshqarish boʻyicha dars beruvchi professor Jorj Hovard Associated Press agentligiga bergan izohida, hozirda reper musiqasiga eʼtiborning koʻpligidan ajablanmasligini taʼkidladi. “Birovga nisbatan bunday ayblovlar haqidagi xabarlar tabiiy qiziqish uygʻotadi. Bu avtohalokat joyi atrofida olomon yigʻilishiga oʻxshaydi. Tomoshabinlar shunchaki tomosha qilishni xohlashadi ", degan Jorj Hovard.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+