platina.uz
Jamiyat

Toshkentda tadbirkor Milliybankdan olingan 2,1 mlrd soʻm kreditni talon-toroj qilgani aniqlandi

U temir mahsulotlarini sotib olish uchun kredit ajratilishiga erishib, ulardan foydalanmasdan naqd pulga sotib yuborgan. 

Toshkentda tadbirkor Milliybankdan olingan 2,1 mlrd soʻm kreditni talon-toroj qilgani aniqlandi

Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida bankdan olingan katta miqdordagi kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan tadbirkor ishi koʻrib chiqildi. Sud ishi hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Ayblanuvchi Yo.T “Armada Servis” MChJda 11.02.2022 yildan direktor lavozimida ishlab kelgan. U jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining 30.05.2023 yildagi hukmi bilan sudlangan A.I. bilan oldindan oʻzaro til biriktirib, “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ “Sayohat” filialidan 2022 yilda temir mahsulotlari sotib olish uchun 2.100.000.000 soʻm miqdoridagi maqsadli kredit mablagʻlarini ajratilishiga erishgan. Lekin u kredit mablagʻlaridan 28.03.2022 yildagi toʻlov topshiriqnomasi bilan 350.000.000 soʻmini “Sapsan-M” MChJ hisob raqamiga va 30.03.2022 yildagi toʻlov topshiriqnomasi bilan 1.750.000.000 soʻmini “Javxar Jas” MChJ hisob raqamiga oʻtkazib, olingan temir mahsulotlarini naqd pulga sotib, maqsadli faoliyat bilan shugʻullanmasdan, mahsulotlar sotuvidan tushgan pul mablagʻlarini kreditni qoplashga qaratmasdan, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Bundan tashqari, Yo.T. jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirgan holda, olingan bank krediti mablagʻining taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan “Jixoz Shams” MChJga tegishli Olmazor tumani, Ibroxim ota koʻchasi, 9-uy manzilida 898 m2 yer maydonida joylashgan omborxonani garovdan chiqarishni maqsad qilgan. U goʻyoki “Armada Servis” MChJ va TIF” Milliy banki” AJ “Sayohat” filiali oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasi boʻyicha kredit mablagʻlari ajratilmaganligi va kredit shartnomasi bekor qilinganligi haqida soxta maʼlumotlar kiritilgan muayyan huquq beradigan bank xatini qalbakilashtirib, uni Mirobod tumani xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusga band solingan omborxonani taʼqiqdan chiqarish uchun taqdim etgan.

Sud majlisida sudlanuvchi Yo.T. aybiga toʻliq iqrorligini bildirgan.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, Yo.T.ga JKning 59-moddasi tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil oʻtash uchun 8 (sakkiz) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukm qonuniy kuchga kirgach, Yo.T. va A.I. dan solidar tartibda fuqaroviy daʼvogar TIF “Milliy bank” AJ Sayohat bank xizmatlari markazi foydasiga 2.098.341.040 (ikki milliard toʻqson sakkiz million uch yuz qirq bir ming qirq) soʻm 10 (oʻn) tiyin miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Sud ishi Oliy sud ochiq portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid