platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Toshkent tumanidagi ishlarni koʻzdan kechirdi

Joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz oʻsgan. Yil yakunigacha qariyb 53 million dollar investitsiya oʻzlashtirilishi kutilyapti. 

Shavkat Mirziyoyev Toshkent tumanidagi ishlarni koʻzdan kechirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishmoqda.

Davlat rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.

Ilgari bu yerning markazi yoʻq edi. Keles yoʻli koʻchasi boʻylab yangi bino va majmualar qad koʻtargach, hududning qiyofasi tamoman oʻzgardi. Xususan, ushbu bosh koʻcha kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi koʻrkam inshootlar barpo etildi.

Eski, pastqam uylar oʻrnida 41 ta koʻp qavatli turar joy qurildi. Endi ulardagi 2 ming 536 ta xonadonda 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu uylarning yertoʻla va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar boʻyicha 270 ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 ming 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli boʻladi.

Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Renovatsiya loyihasida ijtimoiy infratuzilmaga katta eʼtibor qaratildi. Markaziy shifoxona, tumanlararo perinatal markaz, bolalar bogʻchasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman tarixi muzeyi ishga tushirildi. Oʻzgarishlar faqat tuman markazida emas. Hududda yaqin-yaqingacha ichimlik suvi muammo edi. Osiyo taraqqiyoti banki mablagʻlari hisobidan 4 ta havza qurilib, 365 kilometr quvur tortildi. Natijada 36 ta mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Oxirgi uch yilda tumanda 218 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlanib, asfalt yotqizildi. Bunday ishlar yana davom etmoqda.

Shu yerda Toshkent tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarish masalalari yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

Joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz oʻsgan. Yangi qurilishlar va ulardagi korxonalar negizida soliq manbasi koʻpaygan. Toshkent tumanida 70 ta mahalla, 62 mingta oila bor. Ahvoli ogʻir boʻlgan 372 ta oilaga koʻmaklashish uchun masʼullar va choralar belgilangan.

Rejadagi loyihalar, bandlik hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 34 ming 443 ta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Prezident xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambagʻal oila vakillarini ishga olishini ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

- Toshkent tumani poytaxtimizning yonginasida. Bu yerda uy-joy, ishlab chiqarish, tijorat, xizmat boʻyicha juda katta imkoniyatlar bor. Ish toʻgʻri tashkil qilinsa, oʻzi bu tumanda kambagʻalchilik boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun iqtisodiy kompleksga, mahallalarga berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kambagʻallikdan farovonlik sari yurish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 million dollar investitsiya oʻzlashtirilishi hisobiga sanoatda oʻsish surʼati 9 foiz, xizmat koʻrsatishda 13 foiz boʻlishi kutilmoqda. Eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid