Prezident Zangiota va Yangiyoʻldagi korxonalarni aylandi
Zangiotadagi “Technologies of real time” Oʻzbekiston – Singapur qoʻshma korxonasi Qozogʻiston,Rossiya, Ukraina, BAA va boshqa davlatlarga 3 million dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib bergan. Yangiyoʻl tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasidagi qator kompaniyalar ham koʻzdan kechirildi.

Prezident Toshkent viloyatidagi qator korxonalarga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” Oʻzbekiston – Singapur qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Avtomobilsozlik mamlakatimiz sanoatida yirik tarmoq. Soʻnggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish qariyb 3 barobar koʻpayib, joriy yil yakunida 460 ming donaga yetishi kutilmoqda. 2030 yilgacha bu koʻrsatkichni 1 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.

Sohada monopoliyani yoʻq qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 2 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Umuman, bugun 20 dan ziyod zavodda oʻnlab turdagi avtomobillar, yuk va yoʻlovchi tashish transportlari ishlab chiqarilmoqda.
Shu bois tarmoqda ehtiyot qismlarga ham talab koʻp. Bu borada 300 dan ziyod korxona yaxlit kooperatsiyaga bogʻlangan. Zangiotadagi “Technologies of real time” shulardan biri.
Prezident 2019 yilda “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtgan xalqaro sanoat yarmarkasida mazkur korxona mahsulotlari bilan tanishib, zarur koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Korxonadagi 12 ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va AQShdan keltirilgan uskunalar oʻrnatildi. Bugungi kunda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.
- Koʻp detallar mahalliylashtirilgani hozircha maʼqul. Mutaxassislar zoʻr boʻlsa, sifat ham, eksport ham oshadi, - dedi Prezident.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Mahsulotlar buyurtma asosida Oʻzbekiston boʻylab yetkazib beriladi. Xususan, “Oʻzavto motors”ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.
Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan oʻtkazish uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Korxona mahsulotlari IATF 16949:2016, ISO 9001:2015, ISO 45001:2020 hamda “Jeneral Motors”ning BIOS xalqaro sifat sertifikatlariga ega.
Shu bois ularga xorijda ham talab bor. Xususan, oʻtgan yili Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 million dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning toʻqqiz oyida 2 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, korxona Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Rossiyada boʻlib oʻtadigan xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.
Korxonada 220 ta ish oʻrni yaratilgan. Xodimlar shu yerdagi kurslarda oʻqitilib, keyin ishga qabul qilinadi.
Davlat rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Shu yerda kelgusi rejalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, 2025 yilda 1,15 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely avto, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
Loyiha samarasida 43 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan, 280 ming donaga yetkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida Yangiyoʻl tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasida boʻlib, qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va aholi bandligini taʼminlashda bu kabi majmualarning ahamiyati katta. Mazkur sanoat zonasi toʻrt yil oldin oʻttiz olti gektar maydonda tashkil etilgan edi. Muhandislik infratuzilmasi, ichki yoʻllar va binolar qurilib, ishlab chiqarish uchun qulay sharoit yaratildi.
Bu yerga qurilish materiallari, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmoqlarida oʻn beshta loyiha joylashtirilgan. Shundan oʻntasi ishga tushirilgan. Ularda oʻtgan yili 295 milliard soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Joriy yil yakunlari boʻyicha bu raqamni qariyb ikki baravarga koʻpaytirish maqsad qilingan. Hozircha bu korxonalarda 1 ming 500 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Barcha loyihalar ishga tushsa, bandlik yana ortadi.
“Enter Steel” korxonasida metall konstruksiyalar, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, yuk koʻtaruvchi kranlar, burgʻulash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshik, elektr qutilar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Ushbu loyihaning qiymati 40 million dollar boʻlib, unga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirilgan. Bu yerga Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlardan uskunalar keltirilgan. Bu esa mahsulotlar sifati va ish unumdorligi yuqori boʻlishiga xizmat qilmoqda.
Korxonada jami 1 ming 500 kishini ish bilan taʼminlash imkoni bor. Zarur mutaxassislarni tayyorlash uchun “Amaliy monomarkaz” tashkil etilgan. Oʻquv xonalari va laboratoriyalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Taʼlim dasturi esa Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Yangiyoʻl tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasi Toshkent viloyati iqtisodiyotida oʻziga xos oʻringa ega. Bu yerdagi korxonalarda mahalliylashtirilgan, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Aholi va iqtisodiyot oʻsishi bilan energiya manbalariga talab koʻpaymoqda. Masalan, soʻnggi toʻrt yilda Toshkent viloyatida elektr isteʼmoli 20 foiz oshgan. Bu boradagi tanqislikni qoplash maqsadida umumiy qiymati 1,5 milliard dollar, quvvati 805 megavattdan ortiq boʻlgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bunda “yashil” energetika manbalariga keng oʻrin berilgan. “Tinchlik” kichik sanoat zonasidagi “Enter Green Solar” korxonasida buning uchun zarur quyosh panellari hamda turli xil kabellar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbari sanoat zonasiga tashrifi chogʻida mazkur loyiha bilan ham tanishdi.
– Bunday yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy korxonalarimizni qoʻllab-quvvatlab, faoliyatini kengaytirishiga yanada koʻproq sharoit yaratishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 7 million dollar boʻlgan mazkur korxonaga Italiyaning “Ecoprogetti” kompaniyasi uskunalari oʻrnatilgan. Ular asosida yiliga 377 ming dona yuqori sifatli quyosh paneli ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Korxonaning oʻzida ham quvvati 125 kilovatt boʻlgan panellar qoʻyilgan. Bu yerda 100 kishi mehnat qilmoqda.
Davlati rahbari shuningdek, Yangiyoʻl tumanidagi “Mesal Water Technologies” korxonasini koʻzdan kechirdi.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarda ichimlik suvi va oqova tarmoqlari taʼminotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu masala tez rivojlanayotgan Toshkent viloyati shaharalari uchun ham dolzarb.
Xususan, “Toshkent viloyati ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasining 3-bosqichi doirasida Chirchiq, Olmaliq, Angren va Bekoboddagi inshootlar rekonstruksiya qilinmoqda.
“Mesal Water Technologies” korxonasida shu kabi suv tozalash inshootlari uchun oʻttizdan ortiq maxsus qurilma va uskunalar ishlab chiqarilmoqda.
Loyihaga 1,7 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilib, Xitoy, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan energiya tejamkor texnologiyalar oʻrnatilgan. Korxona xalqaro sertifikatlarga ega. 50 kishi ish bilan taʼminlangan.
Bunday korxonalar faoliyatining kengayishi aholi farovonligi va salomatligiga hissa qoʻshishi taʼkidlandi.