Alfraganus universiteti xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda
Anjumanda dunyoning 34 davlatidan 100dan ortiq ekspertlar, yetakchi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tadbirkorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.
10-11 oktabr kunlari Toshkent shahrida YuNESKOning Bankokdagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan “Yoshlar kelajagi va taʼlimda tadbirkorlik” mavzusida 10-Taʼlimda tadbirkorlik UNESCO-APEID (YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasida taʼlim innovatsiyalarini rivojlantirish tarmogʻi) kengashi yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Mazkur nufuzli anjumanga YuNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, YuNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy komissiyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizda faoliyat yuritib kelayotgan Alfraganus universiteti mezbonlik qilmoqda.
Anjumanning asosiy maqsadi yoshlar oʻrtasida barqaror rivojlanish, iqtisodiy oʻsish va innovatsiyalar uchun hal qiluvchi omil sifatida tadbirkorlik koʻnikmalarini va tafakkurini rivojlantirish, YuNESKOning Tadbirkorlik taʼlimi tarmogʻi (EE-Net) doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar, tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida mavzuga oid masalalarda muhokamalar, hamda yoshlarda tadbirkorlik kompetensiyalarini shakllantirish va rivojlantirish uchun samarali tadbirkorlik taʼlimi strategiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
Anjumanda dunyoning 34 davlatidan 100dan ortiq ekspertlar, yetakchi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tadbirkorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, mamalakatimizda faoliyat yuritayotgan 200dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rektorlari, akademiklar, professor-oʻqituvchilar, yetakchi tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.