Fargʻona viloyati hokimiga oʻrinbosar tayinlandi
Avval bu lavozimda ishlagan Sherzod Rahimov oʻz arizasiga koʻra lavozimidan ozod etildi.

Sherzodjon Polvonov Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasining mahallalar obodligini taʼminlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi vazifasida ishlab kelgan Polvonov Sherzodjon Fazlitdinovich Fargʻona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Sherzodjon Polvonov jamoatchilikka tanishtirildi.
Sherzodjon Polvonov 1987 yilda Rishton tumanida tugʻilgan. Fargʻona politexnika instituti hamda Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi (magistratura)ni tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009 yilda Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi kommunal xizmat koʻrsatish departamenti bosh mutaxassisi sifatida boshlagan. Viloyat hokimligi yetakchi mutaxassisi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Fargʻona shahar kengashi raisi boʻlgan. 2015-2017 yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Fargʻona viloyati Kengashi raisi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi boʻlim mudiri, Fargʻona shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi xodimi, 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi rahbari boʻlib ishlagan. “Shuhrat” medali sohibi.
Joriy yilning mart oyidan Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari ishlab kelgan Sherzod Rahimov oʻz arizasiga koʻra lavozimidan ozod etilgan.