Abror Mirzo Olimov Markaziy bank raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
Uning zimmasiga xalqaro hamkorlik, valyutani tartibga solish, xalqaro zahiralarni boshqarish, qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash va boshqa vazifalar yuklatildi.

Prezident farmoni bilan Olimov Abror Mirzo Muhammadqosimovich Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Uning zimmasiga xalqaro hamkorlik, valyutani tartibga solish, xalqaro zahiralarni boshqarish, qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash, moliya-iqtisodni yuritish, amaliyot faoliyatiga rahbarlik vazifalari yuklatilgan. Shuningdek, u Respublika Valyuta birjasi ishini muvofiqlashtiradi.
Shu kungacha Abror Olimov Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va toʻlov balansi departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan.
Abror Olimov 1988 yilda tugʻilgan. 2010 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr, 2012 yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2020 yilda Xitotsubashi universitetining (Yaponiya) magistratura bosqichini tamomlagan.
U bank tizimida 10 yillik ish tajribasiga ega.




