platina.uz

Bu yilgi debatlarning oldingisidan farqi qanday?

Avvalgi debatlarda bahslashish, tortishish va munozara qilish yoʻq edi. Hamma partiya spikerlari deyarli bir xil gapirgan va bir xil gʻoyalarni ilgari surgan. Buning sababi, partiyalarning bir-biridan farq qiluvchi gʻoyalar, mafkuralarga asoslangan dasturlari yoʻq edi.

Saylov-2024
9-oktabr 2024 yil
Bu yilgi debatlarning oldingisidan farqi qanday?

Bugungi kunda Oʻzbekiston siyosiy maydonida hech kuzatilmagan, avvallari boʻlmagan, lekin hamma kutgan siyosiy voqealarni kuzatyapmiz. Qayerga bormang, kim bilan suhbatlashmang, turli tadbiru toʻylar, hatto ijtimoiy tarmoqlar va internetda ham koʻpchilikning eʼtibori saylovlarga qaratilgan.

Ayniqsa, saylov tarixida siyosiy partiyalar ishtirokida debatlar oʻtkazilishi va bunday munozaralar keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinishi jamiyatda siyosiy madaniyat, siyosiy tajriba oshganini yanabir bor tasdiqlaydi. Har qanday buyum, jarayon va hodisaning yaxshi-yomonligini aniqlashning eng toʻgʻri yoʻli – taqqoslashdir. Shu maʼnoda yuqoridagi jarayonlarni 2019 yildagi debatlar bilan solishtirib koʻraylik.

Birinchidan, debatlarning tashkil etilishi, unda spikerlarning savollarga dadil, erkin va toʻliq javob berishi, oʻz navbatida boshqa partiya vakillariga savollar berishi orqali partiya gʻoyasini ilgari surish tajribasi oldin boʻlmagan. 2019yilgi bahslarda savol-javoblar umumiy mavzularga oid edi. Bugungi debatda muhokama qilingan masalalar haqida nafaqat partiya aʼzolari, balki keng jamoatchilik xabardorligi koʻrindi. Buni debat vaqtida oʻrtaga tashlangan va joylardan berilayotgan savollar tasdiqlayapti.

Ikkinchidan, partiyalararo sogʻlom raqobat muhiti shakllangani kuzatilmoqda. Avvalgi debatlarda bahslashish, tortishish va munozara qilish yoʻq edi. Hamma partiya spikerlari deyarli bir xil gapirgan va bir xil gʻoyalarni ilgari surgan. Buning sababi, partiyalarning bir-biridan farq qiluvchi gʻoyalar, mafkuralarga asoslangan dasturlari yoʻq edi. Natijada hamma umumiy gʻoyani ilgari surgan. Hozirgi debatda butunlay boshqacha sharoitni kuzatyapmiz. Xar bir partiya oʻzining siyosat maydonidagi oʻrni va jamiyatdagi maqomidan, dasturidagi gʻoyalardan kelib chiqib, bahsga kirishyapti. Demak, yagona maqsad yoʻlida turlicha yondashuv va harakat kuzatilyapti. Bu – raqobatning asosiy shartlaridan biri. Oʻz navbatida bu jarayon saylovchilarga tanlash imkonini yaratyapti.

2019 yilgi debatlarda bahs-munozara amaliyoti rivojlanmagani kuzatilib, tashviqot ishlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanilmagan edi. Hozirgi debat esa texnologik jihatdan ham, uslubiy jihatdan ham yuqori darajada tashkil etilayotgani bilan farqlanyapti. Keling, shu maʼnoda rivojlangan davlatlar tajribasiga eʼtibor beraylik. Odatda ularda bu jaryonlarni maxsus tashkilotlar, piar bilan shugʻullanuvchilar, katta professional tajribaga ega polittexnologlar tashkil etishadi. Bu maʼlum darajada saylovchilarni jarayondan uzoqlashtiradi. Bizda esa barcha harakatlarni partiyalarning oʻzi amalga oshiryapti.

Debatlar siyosiy liderlarni chiniqtiradi, siyosatchilarning yangi avlodini shakllantiradi. Spikerlarning koʻtarilayotgan masalalarni chuqur bilishlari va hozirjavobligi kuzatilyapti, zaldagi ishtirokchilar tomonidan yoki mamlakatimizning turli hududlaridan berilayotgan savollarga batafsil javob berishmoqda, bu ommaviy siyosatdagi yirik yutuq va yangi tajriba deyish mumkin.

Bu safargi debatlarda ayollarning ishtirok etishi ham muhim natija hisoblanadi.

Tashkil etilayotgan avvalgilarga oʻxshamas debatlar, oʻtkazilayotgan bahs va munozaralar saylovlar demokratik tarzda oʻtishini taʼminlayapti, xalqimiz oʻzlariga mos nomzodlarni tanlashlari uchun imkon yaratmoqda.

S.Joʻrayev

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+